“Davlat gazni eksport narxida bizga sotsa ham mayli” -issiqxonachilikdagi muammolar haqida
Qishloq xo‘jaligining kelajagi – issiqxonalar. Issiqxonalarda suv ko‘p miqdorda tejaladi, o‘simlik o‘sishi nazorat ostida turadi, turli o‘zgaruvchan faktorlardan himoyada bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonda soha tanazzulga uchrayapti.
Kun.uz qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida mavjud muammolarni yoritishda davom etadi. Navbatdagi suhbatimiz – gazdan to‘liq uzilishi kutilayotgan issiqxonalar haqida. Suhbatdoshlarimiz – Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyev va “Dormon Nihol Agro” korxonasi hammuassisi Ahrorjon Asqarov.
Shokir Sharipov, jurnalist: Ko‘pchiligimizni qiynayotgan va qiziqtirayotgan savol: Pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri nega qimmat bo‘lib ketdi?
Abdurahim Abduvaliyev, Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari: Birinchi sabab bu – juda ko‘p issiqxonalar sovuqdan chiqa olmadi, katta yo‘qotishlar bo‘ldi. Shuning hisobiga narxlar ko‘tarildi. Boshqa sabablar ham bor, misol uchun issiqxonalarni qurish jarayonida ko‘plab texnik hisob-kitoblar noto‘g‘ri bo‘lgan. Lekin eng katta sabablardan biri – yoqilg‘i masalasi katta muammo bo‘ldi, issiqxonalarda gaz bosimi tushib ketishi hisobiga. Zamonaviy qozonlar bir xil bosimda ishlaydi.
Shokir Sharipov: Keling, masalani ikkiga bo‘lamiz: biz ta’sir qilolmaydigan va ta’sir qilinishi mumkin bo‘lgan jihatlarga. Anomal sovuqqa biz ta’sir qilolmaymiz.
Abdurahim Abduvaliyev: Ko‘p narsani anomal sovuqqa to‘nkab qo‘yyapmiz. Anomal sovuq bu, masalan, bugun quyosh chiqib issiq bo‘lib turibdi, ammo ertalab tursangiz, 1,5 metr qor yog‘gan – bu anomal sovuq. Lekin sovuq bo‘lishi bizga eng kami bir oy oldin e’lon qilindi. Vaqt bor edi tayyorgarlik ko‘rish uchun.
Shokir Sharipov: Nega tayyorgarlik ko‘ra olmadik?
Abdurahim Abduvaliyev: Sovuqqa tayyor emas edik. Xususan, texnik bilimimiz yetmadi. Tashqarida taxminan -10, -15 gradus bo‘lsa qancha ko‘mir yoqishni bilamiz, lekin -25 darajaga kelganda... Bu yerda umuman boshqa hisob-kitoblar kerak.
Shokir Sharipov: Umuman, issiqxonachilik sohasi O‘zbekistonda qanaqa muammolarga duch kelyapti?
Abdurahim Abduvaliyev: Jarayonni boshidan olib qaraydigan bo‘lsak, oxirgi olti yil ichida zamonaviy issiqxonalar kirib keldi. Avval oddiy parniklardan foydalanib kelganmiz. Hozir tizimi boshqacha. Boshlanishida issiqxonachilar katta miqdorda kreditlar oldi. 2016-2017 yillarda kreditlar olingan, keyinchalik dollar kursi o‘zgarishi hisobiga qarzdorlik ko‘payib ketdi. Ikkinchidan, issiqxonalar juda tartibsiz qurildi. O‘zbekiston o‘z iqlimiga qarab zonalarga bo‘linadi. Bunga e’tibor berilmadi. Hammasini bir xil qilib qurdik.
Asosiy muammo bo‘layotgan isitish tizimini olsak, eng sovuq havo deb Toshkent xududida -10 daraja olinar edi. Isitish tizimida delta T deyiladi. Ana shu delta T biz aytgan 10 gradusdan 17 gradusgacha, Toshkent hududi uchun delta T 27 olingan. Bu Buxoroga yoki Xorazmga kelganda o‘zgaradi. Bu o‘zgarish ichkaridagi isitish tizimi o‘zgarishiga olib keladi, ammo bunaqa hisoblar hech kimda bo‘lgani yo‘q. Shablon sifatida Janubiy Koreyanikini olib kelishdi.
Menejmentdagi xatoliklar. Biz asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanganmiz. Dehqonchilik bilan shug‘ullanganingizda hosilni olish uchun hisobga olinishi kerak bo‘lgan faktorlar bor: ekasiz, ko‘chat olib kelasiz, suv berasiz, selitra berasiz, ammafos berasiz. Qolgani ob-havo qanaqa bo‘lishi, kutilmagan zararkunanda kelish-kelmasligiga bog‘liq.
Issiqxonachilik – dehqonchilik emas, kattaroq biznes jarayon. Hisobga olishingiz kerak bo‘lgan faktorlar ancha ko‘p: namlik, suvning kimyoviy tarkibi, yerdagi hasharotlar, ko‘chatni kimdan olayotganingiz, quyosh nuri qancha ratda berilayotgani – hammasini hisobga olish kerak. Keyin sotish kerak, transportirovka, sortirovka, eksport qilish.
Shokir Sharipov: 31 yil bo‘ldi mustaqil bo‘lganimizga, aytayotgan muammolaringiz – xuddiki issiqxonachilar o‘z faoliyatini endi boshlayotgandek...
Abdurahim Abduvaliyev: Biz har kuni yangitdan kiryapmiz bu sohaga... Kadr masalasi – oliy o‘quv yurtlarimizda tuproqshunoslik yo‘nalishi bor, lekin issiqxonachilik bo‘yicha kerakli kadrlarni tayyorlash yo‘q. Bu juda ham tez yangilanayotgan soha, lekin kadr yetkizib berish tizimimiz talabga javob bermaydi.
Shokir Sharipov: Modomiki kadrlar muammo ekan, chet eldan nega olib kelinmayapti?
Abdurahim Abduvaliyev: Buni markazlashgan holda qilish kerak.
Shokir Sharipov: Demak, issiqxonachi bir o‘zi qolib ketyapti, maslahatchisi yo‘q, uyushmasi yo‘q. Darvoqe, uyushmalaringiz tunov kuni ro‘yxatdan o‘tdi-a?
Abdurahim Abduvaliyev: Shu muammolar bizni uyushma ochishga turtki bo‘ldi. Mana, 5-6 aprel kunlari katta seminar trening bo‘ladi. U yerda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Gollandiyadan mutaxassislar kelyapti. Ba’zan shunaqa fikrlar bo‘lib qoladi: Gollandiya hozirgi darajasiga yetishi uchun 30 yil ketgan. Biz 50 yil bosib o‘tishimiz, boshqatdan velosipedni kashf qilishimiz shart emas. Bor bilimni olish kerak.
Shokir Sharipov: Muammolarni sanashda davom etsak...
Abdurahim Abduvaliyev: Urug‘chilik masalasi. "Kim urug‘chilikni nazorat qilsa, qishloq xo‘jaligini nazorat qiladi" degan gap bor. Bir vaqtlar urug‘chilik sohamiz nomdor bo‘lganiga qaramay, keyin yo‘q bo‘lib ketdi. Biz boshqa mamlakatlarning urug‘chiligiga qarab qoldik. Ikkinchidan, issiqxonalarda ko‘chatchilik masalasi ham muammo.
Shokir Sharipov: Qo‘shnilarimizda vaziyat qanday? Masalan, Qozog‘istonda?
Abdurahim Abduvaliyev: Issiqxona sohasiga kirish Qozog‘istonda bizdan keyinroq yuz berdi. Yaqin 4-5 yil ichida. Lekin ularda rivojlanish ancha odimladi. Chunki davlat tomonidan juda katta miqdorda subsidiyalar beriladi issiqxona qurilishiga, ko‘chatchilikka, urug‘chilikka.
Issiqxonalarni hozirgi kunda qiynayotgan yana bir narsa – infostruktura: gaz, suv, svet. Yer oldingiz, issiqxona qurmoqchimisiz, sizga yordamdan ko‘ra muhimroq narsalar – gaz, suv, svet.
Ahrorjon Asqarov, “Dormon Nihol Agro” korxonasi hammuassisi: Bu sohada gaz yoki tok uzilishidan zarar o‘ta yuqori bo‘ladi. Masalan, oddiy sanoat sohasida uzilishdan bir yoki ikki kunlik ish hajmi yo‘qotiladi. Lekin issiqxonada agar sovuq, qish paytida bir yoki ikki sutka gaz o‘chsa, harorat rejimi saqlanmasa, yo ko‘chat o‘ladi yoki unumdorlik kamayib ketadi. Issiqxonachi 3 kunlik hajmni emas, yarim yillik yoki 5 oylik hajmni yo‘qotdi. Hammasi havoga uchadi. Boshqatdan ko‘chat ekish kerak bo‘ladi.
Bu sohada soat, minutlar rol o‘ynaydi. Kechasi bir soat svet bo‘lmasin... Gaz bor bo‘lsin-u, svet bo‘lmasin, motorlar ishlamay qoladi. Ikki soat ichida harorat tushishi hisobiga, masalan +10 darajaga yaqinlashsa, pomidor gullarini to‘kib yuboradi. Bu ikki-uchta hosil ketdi degani. Harorat yana ham tushadigan bo‘lsa, yanada, yoki to‘liq ketadi hosil.
Issiqxonalarga gazni negadir 1000 so‘mdan sotishadi, sanoat korxonalariga – 650 so‘mdan... Issiqxonalar sanoat korxonalarigamas, hatto gaz shoxobchalariga tenglashtirilgan! Umuman olganda, oxirgi energiya inqirozidan keyin narx asosiy masala bo‘lmay qoldi, qanchaga bo‘lsa ham, berishsa bo‘ldi.
Shokir Sharipov: Issiqxonalarni boshqa bir qancha obektlar bilan birgalikda gazdan ko‘mirga o‘tkazishga qaror qilindi. Bunga nisbatan nima deysizlar?
Ahrorjon Asqarov: Dunyodagi iqlim o‘zgarishiga, rivojlangan davlatlardagi amaliyotga qaraydigan bo‘lsak, bu – orqaga qadam bo‘lib qoladi, oldinga emas. Birinchidan, ko‘mir tabiiy gazga solishtirganda iflosroq yoqilg‘i. Tutuni, kuli – yomon. Ruslarda “zolnost” degan tushuncha bor, ayniqsa, bizning Angrendan chiqadigan ko‘mirimiz kulida zararli moddalar ko‘p.
Tasavvur qiling, issiqxona yonida qishloq, mahalla bo‘lishi mumkin. Ko‘mirdan qancha tutun chiqadi! Chiqindilar albatta yomg‘ir bilan yerga tushadi. Ko‘mir yonishidan qoladigan zararli chiqindi – kul – oddiy o‘tinning kuli kabi emas, oddiy o‘tin kulini shundoq yerga sepib yuborsa, o‘g‘it bo‘ladi. Ko‘mir kuli kimyoviy zararli chiqindi, uni to‘g‘ri shaklda utilizatsiya qilish kerak. Agar siz yuzlab tonna ko‘mir yoqadigan bo‘lsangiz, undan tonnalab qoldiq qoladi.
Abdurahim Abduvaliyev: Bir gektar issiqxonaga bir kunlik isitish tizimi uchun taxminan 3 tonna atrofida ko‘mir kerak. Bizda 5600 gektar issiqxona bor deyilyapti, ba’zi ma’lumotda – 6000 gektar. Issiqxonalarning o‘ziga 120 kun uchun taxminan 2 mln tonna ko‘mir kerak bo‘lyapti. 2 mln tonna...
O‘zbekistonda qazib olinadigan Angren ko‘miri 3500 kkal atrofida. Yevropadan kelayotgan qozonlarning asosiy qismi 7000 kkal ko‘mirga mo‘ljallangan. Ya’ni 7000 kkalli ko‘mir solsangiz, siz aytilgan energiyani olasiz.
Angren ko‘miri 3500 kkal, Qirg‘izistondan keladigan ko‘mirlar 5000–6000 kkal, Qozog‘istonning ko‘mirlari 5500–7000 kkal. Yaqin bo‘lgani uchun mana shu ko‘mirlardan foydalanamiz. Bulardan foydalanish uchun 3500 kkalli ko‘mirni ikki marotaba solsak, 7000 kkal bo‘lib qolmaydi. Bizga mos bo‘lgan 2 mln tonna ko‘mirni olib kelishning o‘zi muammo. Biz tushunmagan joyi bordir, tushuntirishsin: 2 mln tonna ko‘mirni qayerdan olmoqchimiz?
Qozog‘istonning janubiy qismlarida issiqxonalarda ko‘mirdan foydalaniladi, taxminan 50 dollardan olyapmiz, dedi. Lekin o‘tgan yili sovuq va boshqa sabablarga ko‘ra o‘zlarida ko‘mir yetishmovchiligi bo‘lgan. Yevropada juda katta TETslar qurilyapti ko‘mirga, Qozog‘iston ko‘mirini Yevropaga sotyapti, xaridor bor. O‘zlariga yetmay qolyapti. Qirg‘izistonning o‘zida mana o‘tgan yili sovuq, qor bo‘lishi hisobiga konlardan ko‘mir olib chiqish qiyinlashdi. Bizga sotmay qo‘yishsa, qayerdan olamiz shuncha ko‘mirni? Adashmayotgan bo‘lsam, qarorda ko‘rsatilgan loyihalar uchun 5 mln tonnaga yaqin ko‘mir kerak bo‘lyapti.
Ikkinchisi, ko‘mir albatta temiryo‘l bilan keladi, eng arzoni shu chunki. Ba’zi mutaxassislar buni juda murakkab deyishdi. Qanday olib kelamiz, kim olib kelib beradi?
Uchinchidan, ko‘mir qozonlarini olishimiz kerak, qayerdan olamiz? Qarorda kamida 95–96% chiqqan chiqindini to‘xtatib qoladigan filtrlardan foydalanish kerakligi aytilgan. Chunki undan pastroq bo‘lsa, hamma joy qorayib ketadi. Shunday ekan, zamonaviy, qimmat qozonlar olishimiz kerak, taxminan, 1 gektar uchun mo‘ljallangani – 50-60 ming dollar.
Bizning hisobimiz bo‘yicha, bir gektarga bitta qo‘yiladi, ikki gektarga ham bitta qo‘yish mumkin, lekin uch gektarga bitta ko‘mir qozon qo‘ya olmaysiz. Shunday ekan, bizga taxminan 1500–1800 ta qozon kerak, qayerdan olamiz buni? Ishlab chiqaruvchi kim, kim bizga yetkazib beradi?
Shokir Sharipov: Ustiga qisqa davrda almashtirish kerak...
Abdurahim Abduvaliyev: Ha. Hozir, shu topda vaqt yo‘qotyapmiz. Oktyabr oyining boshida barcha issiqxonalarda (agar sentabrda anomal sovuq bo‘lmasa) qozon va ko‘mir turishi kerak, chunki gaz berilmasligi aytildi. Yetti oy vaqtimiz qolgan, mana shu yetti oy ichida biz qozonga buyurtma berib, olib kelib, yoniga ko‘mirni to‘kib qo‘yishimiz kerak. Buning jismonan iloji yo‘q.
O‘rganib chiqdik, kompaniyalar bilan gaplashdik, ba’zilari 30 ta, ba’zilari 40 ta kotyol ishlab chiqarib berishimiz mumkin, deyapti. Turkiyada katta bir kompaniyalar bor, “150 tagacha qilishim mumkin, bu yillik ishlab chiqarish kuchim”, deyapti. U Turkiyaning o‘zidagi talabni ham qoplashi kerak, boshqa joyda bo‘lgan talablarni ham. 1500–1800 ta qozonni olib kelish, pulini to‘lash kerak. Hozirgi issiqxona qurgan tadbirkorning 99 foizi qarzda, krediti bor, ikki yil karantin bo‘ldi, ba’zi sabablarga ko‘ra narxlar tushishi hisobiga qiynalib kelyapti, bo‘ynidagi shuncha qarz ustiga yana qarz olishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q deganda 80–100 mln dollar atrofida faqat qozonga pul ketadi.
Ekologiya masalasi bor, juda ham og‘riqli nuqta. Butun dunyo oxirgi o‘n yil ichida ko‘mirdan foydalanishni kamaytiryapti.
Ahrorjon Asqarov: Bizda issiqxonalarga gaz eng qimmat narxda beriladi, ya’ni 1 kubometr gaz 1000 so‘m miqdorida. Bu aslida O‘zbekiston chetga eksport qiladigan narxga juda yaqin. O‘sha gazni chet elga eksport qilish mumkin ekan, nega o‘zimizdagi iste’molchiga berish mumkin emas, o‘sha narxga hech bo‘lmaganda?
Menimcha, bu yerda “bo‘ldi uz hammasini, issiqxonalarga gaz berilmasin”, degan yondashuv bo‘lmasligi kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlayapmiz, qimmatroq bo‘lsa ham olishga imkoniyati bo‘lishi kerak tadbirkorda. Keyin savol: nega issiqxonaga nisbatan bunaqa diskriminatsiya: sanoat uchun 650 so‘mdan, issiqxona uchun 1000 so‘mdan. Nega issiqhonachi sanoatni subsidiya qilishi kerak? Nimaga issiqxonaga eng og‘ir yuk yuklanyapti?
Shokir Sharipov: Iste’mol qilinayotgan umumiy gazning necha foizini issiqxonalar ishlatadi?
Abdurahim Abduvaliyev: Bu savolga oxirgi uchrashuvda prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov javob berdi: 1,5 foizini. Bunday olib qarasak, bu katta raqam emas.
Shokir Sharipov: Hozir ko‘mirga o‘tish shart qilinyapti-a? Buning oqibatida necha foiz issiqxonachilar sohadan ketadi, bashorat qilsak bo‘ladimi?
Abdurahim Abduvaliyev: Bashorat qilsak bo‘ladi, taxminan 10–12 foiz issiqxonalar ko‘mirga o‘tadi.
Shokir Sharipov: Ya’ni, o‘tishga qurbi yetadi?
Abdurahim Abduvaliyev: Majbur bo‘ladi. Chunki bo‘ynida juda ham katta qarzi bor, bankdan kredit olish jarayonida qaysidir obektlarni zalogga qo‘ygan. Ketolmaydi, mahalladagi qo‘shnisi ishlab chiqargan temir qozonni bo‘lsa ham ishlatadi. Lekin bular ko‘p emas.
Yana taxminan 30–40 foizga yaqin issixonalar “xolodniy” degan uslubga o‘tadi, ya’ni “sovuq issiqxonalar”ga: martning boshida, fevralning oxirlarida ob-havoga qarab ekin qiladi, isitmaydi, may oylariga borib hosil ola boshlaydi.
Qolgan qismi bu sohadan chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
Lekin buning davomi ham bor: bular – birinchi yilda bo‘ladigan holat. Keyingi yilda sovuq issiqxonalar o‘shancha ham foyda ko‘rolmaydi: yarim yillik sezon ishlaydi, yoz payti ekib, oktyabr va noyabrgacha olib boradi, noyabrdan keyin sovuqda eplolmay qoladi. Bo‘ynidagi qarzni to‘lay olmasligi hisobiga bular ham sohadan chiqib ketadi.
Umumiy miqdordan 15–20 foizi sohada qoladi. Bu narx-navoga jiddiy ta’sir qiladi, avvaliga ko‘tariladi, keyin import hisobiga tushadi. Importyor bo‘lib qolsak, valutamiz chiqib keta boshlaydi. Ko‘mirga chiqib ketadi, pomidor olamiz, bodring olamiz, kotyollar olamiz.
Ahrorjon Asqarov: Energetika vazirligimiz va boshqa shu sohadagi idoralarga taklif bor edi. Masalan, Angrenda sifati past lignit – qo‘ng‘ir ko‘mirimiz bor, Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondagidek tosh ko‘mir emas. O‘sha ko‘mirdan ham foydalansa bo‘ladi, uni mayda iste’molchilarga bergandan ko‘ra, markazlashtirgan holda, ya’ni issiqlik elektr stansiyalari qilib, energiya ishlab chiqargan maqsadga muvofiqroq bo‘lardi. Xitoyda ham aynan ko‘mirda ishlaydigan elektrostansiyalar ko‘p, chunki yuqori harorat hisobiga yaxshi yonmaydigan ko‘mir yonib ketadi, qozonning ichida ming gradus harorat bo‘lib turganda yonmaydigan ko‘mir ham yonib ketadi-da. Keyin katta elektr stansiyalarda katta filtrlar qo‘yish oson.
Shunday qilib, xonadon va issiqxonalarga tarqatgandan ko‘ra, ko‘mirni bitta yoki ikkita elektr stansiyalarga berish to‘g‘riroq. Filtrlab, atrof-muhitga zararni kamaytirishni markazlashgan holda qilish osonroq. Elektr balansimizdagi bir qism elektr energiyasi ko‘mirga o‘tsa, undan ortib qolgan gazni xonadonlarga ham, issiqxonalarga ham bersa bo‘ladi. Buni “miqyos bilan iqtisod qilish” deyiladi.
Shokir Sharipov: Qo‘shni Qozog‘istondagi issiqxonachilik sohasida muhit qanday?
Abdurahim Abduvaliyev: Qozog‘iston issiqxonachilik assotsiatsiyasi bilan hamkorligimiz bor, gaplashib turamiz, ko‘p uchrashib turamiz. Ularda issiqxonachilikning har bir sohasi bo‘yicha davlat subsidiyalari mavjud. Qozog‘istonda har bir qurilgan issiqxona uchun 20 foizgacha miqdorda pul qoplab beriladi. Alohida 200 ming dollargacha pul beradi bir gektar uchun. Bundan tashqari issiqxonachi ko‘chatchilik bilan shug‘ullansa, unga alohida yana subsidiya beradi. Issiqxonachi olayotgan urug‘iga ham subsidiya oladi.
Shokir Sharipov: Qancha miqdorda?
Abdurahim Abduvaliyev: Aniq raqamlari har bir loyiha uchun alohida, bir gektarda qancha ko‘chat yetishtirayotgani, kimlarga sotayotganiga qarab turib alohida beriladi. Undan tashqari issiqxona uchun kerak bo‘lgan ashyolar va o‘g‘itlar (kimyoviy emas) uchun bojxonadan subsidiya berilgan, olib o‘tishda to‘lov yo‘q. Eksport qiladiganlarga alohida qo‘shimcha yordamlar beriladi. Kiriteriyalari ko‘p, har bir soha uchun alohida: uruqqa, ko‘chatga, yetishtirgan mahsulotga qarab qo‘shimcha yordamlar beriladi ularga.
Shokir Sharipov: Bu qanday natija beryapti, hisob-kitobi bormi?
Abdurahim Abduvaliyev: Natija – Qozog‘iston o‘zini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan 80–85%gacha ta’minlay boshladi. Oldin katta miqdorda import qilardi, hozirgi kunda ham import bor, lekin bu import darajasi yildan yilga kamayyapti. Yaqinda eshitdim: katta-katta tadbirkorlar bilan muloqot qilingan, davlat tarafidan 30–40 gektar issiqxonasi borlarga yana shunchasi uchun pul ajratilyapti. Ya’ni “sohada katta-katta loyihalar olib boryapsan, demak bu qo‘lingdan keladi, shuning uchun bu sohani yanada rivojlantir, kerakli miqdorda yordam beraylik” degan ma’noda ish tutishyapti. Past foizli kreditlar berishadi. Valutada – 4 foizdan.
Shokir Sharipov: Bizda qanaqa foizlar?
Abdurahim Abduvaliyev: Bizda issiqxona bo‘yicha valutada kredit ajratish to‘xtatilgan. So‘mda oladigan bo‘lsangiz, 18–20 % atrofida olinadi kredit.
Shokir Sharipov: Menga aytib berishgan: Qozog‘iston issiqxonalarida asosan o‘zbek dehqonlari ishlar ekan...
Abdurahim Abduvaliyev: Bilasizmi, nafaqat Qozog‘istonda, butun MDH davlatlaridan xohlagan joyiga borib, issiqxonaga kirib gaplashsangiz, eng kamida bitta yo ikkita o‘zbek bor.
Shokir Sharipov: Vodiydagi muxbirimiz menga aytib bergan edi, o‘z vaqtida Vodiyda issiqxonalar gaz bilan ta’minlanganda, rosa gullagan – rivojlangan ekan, gazdan uzilgandan keyin tajribali dehqonlar yoppasiga Qirg‘izistonga o‘tib ketgan ekan...
Ahrorjon Asqarov: Holbuki Qirg‘izistonda gaz yo‘q, o‘zlari import qilishadi...
Abdurahim Abduvaliyev: Bu takrorlanadigan vaziyat, hozirda bizdagi zamonaviy issiqxonalarda ishlayotgan odamlar ham ertaga bu soha cho‘kishni boshlagandan keyin majbur bo‘ladi yaqin bozor – Qozog‘iston va Rossiyaga o‘tishga. Mutaxassislar ketadi bu soha bo‘yicha. Iloji yo‘q – mutaxassis qayergadir borishi kerak-da, oqim bo‘ladi yana.
Ahrorjon Asqarov: Sobiq Ittifoq mamlakatlari orasida Ozarboyjonni ancha ilg‘or mamlakat deb aytish mumkin, ayniqsa meva va sabzavotchilik sohasida. O‘z vaqtida Rossiya bozorida biz – O‘zbekiston va ozarboyjonliklar o‘rtasida raqobat bo‘lgan bo‘lsa, hozir biz yutqaza boshladik, holbuki biz kattaroq mamlakatmiz. Asosiysi, ularda iqtisodiy erkinliklar bor. Bizda fermer xo‘jaliklari paxta-g‘allaga bog‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, ular nima yetishtirishni o‘zlari hal qiladi.
Abdurahim Abduvaliyev: “Uzbekskiy pomidor”lar Rossiyada eng qimmat pomidor hisoblanadi. Hatto boshqalar o‘zinikini ustiga “uzbekskiy pomidor” deb yozib sotishadi. Qiziq ishlar bo‘lgan: o‘zbek pomidorlari joylashtiriladigan yog‘och qutiga gazeta qo‘yiladi, qarangki, Ozarboyjondan kelib, bizdan gazeta olib ketishgan, o‘zining pomidori tagiga uni qo‘yib, “o‘zbek pomidori” deb sotish uchun... Biz esa hozir eksport bozorini yo‘qotish haqida emas, ichki bozorni yo‘qotish haqida gapiryapmiz...
Shokir Sharipov: Kelinglar, hozir men “yomon qahramon” rolini o‘ynay: “xo‘p, nima bo‘pti qishda bodring, pomidor, bulg‘ori yemasak? Qishda qimmat bo‘lsa, bahorda yeymiz”, desam, bu savolga nima deb javob berasizlar?
Ahrorjon Asqarov: Vitaminlar odamning sog‘lig‘i, immuniteti yaxshi bo‘lishi uchun zarur. Qishda ham bularni iste’mol qilish kerak, qoqi yoki tuzlangan mahsulotlar o‘rnini bosa olmaydi. Konserva va tuzlanganlarda vitaminlar o‘lib bo‘lgan bo‘ladi.
Abdurahim Abduvaliyev: Bular – tibbiy jihatdan. Issiqxonalar uchun katta miqdorda kreditlar berilgan, mulklar garovga qo‘yilgan, bank hammasini tortib olishga majbur bo‘ladi. Issiqxonani tortib olsa, bankka ham zarari bor – katta miqdorda moliyaviy zararga olib keladi. Kreditlar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot bankidan shu sohaga deb olingan, uni ertaga qaytarish bor. Qarzlarning qaytarilmasligi keyingi olinadigan qarzlarning kamayishiga yoki foizlarning ko‘tarilishiga olib keladi.
Ahrorjon Asqarov: Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha eng ilg‘or davlatlar deb Gollandiya va Isroil tan olinadi. Ikki davlatda ham oxirgi bir necha o‘n yil davomida issiqxonalar roli juda ham o‘sib borgan. Iste’molchilarning talabi oshib boryapti. Dehqonchilikdagi asosiy muammolardan biri – o‘simlikning ochiq havoda ekanligi, nazoratda ushlab bo‘lmasligi: kuchli shamol, hasharot tushishi va hokazo. Issiqxona nazorat ostidagi iqlim sharoitini yaratish imkonini beradi.
Shu orqali mahsulotni biror bir sifat bilan ma’lum muddatda yetishtirish imkoniyati bo‘ladi. O‘sha sababli qishloq xo‘jaligining katta qismi issiqxonaga o‘tyapti. Yuqori sifatga aynan issiqxona orqali erishilyapti. Isroilda suv yo‘q, juda ham cheklangan, issiqxonada tomchilab sug‘orish orqali suvni tejab, mahsulot yetishtirishyapti, eksport qilishyapti. O‘zbekiston ham, bundoq olib qarasangiz, qurg‘oqchilikka yaqin sharoitdagi mamlakat, ya’ni hozirgidek 4 mln gektar yerimizda eskicha sug‘orib dehqonchilik qilinsa, keyingi 10–20 yil ichida suv yetmaydi, tog‘larimizdagi muzliklar eriyapti, yog‘ingarchilik kamayyapti. Biz xuddi Isroilga o‘xshab tomchilab sug‘orish, yomg‘irlab sug‘orish tizimiga o‘tishga majbur bo‘lamiz, issiqxona tarmog‘ini ham qoldirishimiz kerak.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:59
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
14:18 / 22.11.2024
Zangiotada 14 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
11:31 / 22.11.2024