Jamiyat | 00:08 / 19.04.2023
88621
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazon hayiti shanba kuni boshlanishi mumkin – astronomlar 

Abu-Dabi Xalqaro astronomiya markazi xabariga ko‘ra, payshanba kuni yangi Oyni faqat G‘arbiy Afrikaning ba’zi hududlarida teleskop orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari astronomlarining fikricha, Iyd al-Fitr (Ro‘za) hayiti shanba kuni (22 aprel) boshlanishi mumkin, chunki yangi Oy payshanba kuni emas, juma oqshomida ko‘rinishi kutilmoqda. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Islom arkonlariga ko‘ra, Ramazon oyining boshlanishi va yakunlanishi yangi Oy ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.

Texnik jihatdan Oy payshanba oqshomida osmonda paydo bo‘ladi, biroq u quyosh nurlari bilan yoritilmaydi va uni maxsus jihozlarsiz ko‘rish qiyin bo‘ladi, dedi Jidda Astronomiya jamiyati xodimi Majid Abu Zahro. Uning so‘zlariga ko‘ra, juma kuni kechqurun «osmon musaffo bo‘lsa, Oyni oddiy ko‘z bilan ko‘rish juda oson» bo‘ladi.

Biroq, agar guvohlar payshanba kuni yangi Oyni ko‘rganini aytishsa, juma kuni Ramazon hayiti boshlanishi deb e’lon qilishi mumkin.

Avvalroq Saudiya Arabistoni Oliy sudi qirollik xalqini payshanba oqshomida Ramazon oyi tugashini bildiruvchi yangi Oyni ko‘rishga harakat qilishga chaqirgan edi.

Abu-Dabi Xalqaro astronomiya markazi xabariga ko‘ra, payshanba kuni Oy islom olamining hech bir joyidan ko‘rinmaydi. Faqat G‘arbiy Afrikaning ba’zi qismlarida, maxsus teleskop yordamida uni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Markazning qo‘shimcha qilishicha, astronomik sharoitlar Oyni payshanba oqshomida ko‘rish mumkin emasligini ko‘rsatsa-da, rasmiylar guvohlarning ko‘rsatmasini qabul qilib, Ramazon hayiti juma kuni boshlanishini e’lon qilishi mumkin.

Markazning ta’kidlashicha, ilgari yangi Oyni ilmiy jihatdan aniqlash imkonsiz bo‘lgan bir necha holatlar bo‘lgan, shunda ham Ramazon hayiti boshlanishi e’lon qilingan.

Qayd qilish joiz, O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanishi va yakunlanishi, jumladan, Hayit kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilinadi. Hozircha idora bu sana haqida ma’lumot bermadi.

Mavzuga oid