Jahon | 16:15 / 21.04.2023
7311
3 daqiqa o‘qiladi

Lloyd Ostin Ramshtaynda Kiyevni kuchli qo‘llab-quvvatlash davom etishini ma’lum qildi

Foto: Reuters

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 35 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan. Ramshtayndagi yig‘ilishda idora boshlig‘i Ostin Kiyevni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashga ishontirdi

21 aprel, juma kuni Germaniyaning Ramshtayn aviabazasida Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin «Ukrainadagi erkinlik kuchlari»ga xalqaro yordam o‘zgarishsiz, keng va kuchli bo‘lib qolishiga ishontirdi.

«Ukraina o‘z fuqarolarini, infratuzilmasini va bo‘linmalarini Rossiya raketalari tahdididan himoya qilish uchun zudlik bilan bizning yordamimizga muhtoj», dedi u hamda Ukrainaga yordam zarur bo‘lgan vaqtgacha davom etishini ta’kidladi. Urush boshlanganidan beri AQSh allaqachon Kiyevga 35 milliard dollardan ortiq harbiy yordam bergan, deydi Ostin. U urush maydonida Ukraina uchun ahamiyatli bo‘lgan sheriklarning sa’y-harakatlari Kreml naqadar noto‘g‘ri o‘ylaganini ko‘rsatib qo‘yganini bildirdi. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham Kiyevga keyingi harbiy yordamni va’da qildi. «Ukrainada logistika urushi ketmoqda», - dedi u hamkor davlatlar mudofaa vazirlari yig‘ilishi boshlanishidan oldin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga allaqachon yetkazib berilgan tizimlarni ish holatida saqlash muhim ahamiyat ega. «Bizga o‘q-dorilar, ehtiyot qismlar va yoqilg‘i kerak», dedi u. 

«Ramshtayn» formatidagi o‘n birinchi va aviabazada to‘rtinchi yuzma-yuz uchrashuvda ishtirokchi davlatlar Ukrainaga keyingi harbiy yordamni muvofiqlashtirish niyatida. Pentagon rahbari so‘zlariga ko‘ra, bunda asosiy e’tibor o‘q-dorilar va havo hujumidan mudofaa vositalarini sotib olishga qaratiladi. Ayni paytda, Kiyev uzoq vaqtdan beri zamonaviy qiruvchi samolyotlar va uzoq masofaga uchuvchi qurollarni so‘ramoqda. 

Mavzuga oid