Jahon | 07:16 / 27.04.2023
12944
3 daqiqa o‘qiladi

Anqara Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Turkiya prezidenti "Oqquyu" atom elektr stansiyasining ochilishida onlayn tarzda ishtirok etadi, dedi Erdo‘g‘an ma’muriyati vakili.

Foto: cumhuriyat

Turkiya prezidenti ma’muriyati aloqa bo‘limi rahbari Faxriddin Altun prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning sog‘lig‘ida muammolar borligi haqidagi xabarlarni rad etdi. “Biz Prezident Erdo‘g‘anning sog‘lig‘iga oid bunday asossiz bayonotlarni qat’iyan rad etamiz”, — deb yozdi u 26 aprel, chorshanba kuni kechqurun Twitter’dagi sahifasida.

Altun Erdo‘g‘anning 27 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan "Oqquyu" atom elektr stansiyasining ochilish marosimida onlayn formatda ishtirok etishini qayd etdi.

Turkiyadagi saylovlarga uch haftadan kamroq vaqt qolganida Erdo‘g‘an bir qator saylovoldi tadbirlarini bekor qildi. "Shifokorlar maslahatiga ko‘ra, men bugun uyda dam olaman", deb yozdi u chorshanba kuni Twitter'da. Erdo‘g‘an uning o‘rniga Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtoyning Qiriqqal’a, Sivas va Yozgatda shu kunga rejalangan saylovoldi mitinglarida ishtirok etishini aytdi. “Ertadan boshlab biz o‘z ishimizni davom ettirishga umid qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Turkiya prezidenti.

Keyinroq mamlakatning hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi raisi o‘rinbosari Erkan Kandemir Twitter’da Erdo‘g‘anning "Oqquyu" atom elektr stansiyasiga yadro yoqilg‘isini yetkazib berish marosimida shaxsan qatnashmasligini, ammo onlayn tarzda tadbirda ishtirok etishini yozdi. Atom elektr stansiyasi joylashgan Mersinda payshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovoldi mitingi "keyinroq sanaga qoldirildi", dedi Kandemir.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an jonli efirda Kanal 7 va Ulker telekanallari jurnalistlarining 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq savollariga javob berarkan, o‘zini yomon his qildi. Efir boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tgach, eshittirish 20 daqiqaga to‘xtatildi.

Erdo‘g‘anga savol bergan boshlovchi birdan "reklama" deb o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Efir to‘xtatilishidan bir necha soniya oldin "Ey, voh!" degan ovoz eshitildi va kameralar Erdo‘g‘anni ko‘rsatmasdan reklama roligi boshlanib ketdi. 

Efir qayta tiklanganidan keyin prezident jurnalistlarga "qorni qattiq shamollagani"ni aytdi. 

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Erdo‘g‘anda miokard infarkti qayd etilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid