O‘zbekiston | 17:50 / 30.04.2023
9064
2 daqiqa o‘qiladi

“Ovozimiz muhimligidan xursandmiz” – uchastkaga borolmagan fuqarolarning ovozi ko‘chma qutilarda yig‘ilyapti

Poytaxtlik 82 yoshli Sobirjon bobo Aliyev referendumda o‘zi borib, ovoz berishni niyat qilib yurgandi. Biroq kutilmagan betoblik bunga to‘sqinlik qildi. Ammo otaxonning istagi baribir amalga oshdi: u o‘z konstitutsion huquqidan foydalanib, referendumda ovoz berdi. 

Hududlarda keksaligi yoki sog‘ligi sababli referendum uchastkalariga borolmayotgan fuqarolarning ovozlari ko‘chma qutilar orqali yig‘ilyapti. Xususan, Toshkent shahridagi 279-referendum uchastkasida ro‘yxatga olingan 89 nafar ana shunday ovoz beruvchining xonadoniga borildi.

“Doim saylov, referendum jarayonlariga faol qatnashganman. Bugun, 30aprel xalqimiz uchun muhim kun. Aslida referendumda qatnashish uchun uchastkaga borib ovoz bermoqchiydim, ammo yaqinda oyog‘im singanligi sababli chiqolmadim. Lekin uchastka a’zolari ko‘chma quti bilan kelishdi. Men ham ovoz berdim. Mening ovozim ham kerakligidan xursand bo‘ldim”, – deydi Sobirjon Aliyev.

Muyassar Sobitova ham shunday imkoniyatdan foydalanib ovoz berish jarayonida qatnashdi.

“Farzandlarim ertalabdan referendum uchastkasiga o‘zlari borib ovoz berib kelishdi. Meni esa keksaligim sababli sarson qilmaslik uchun uyga uchastka a’zolari o‘zlari kelishdi. Men ham ovoz berdim”, – deydi onaxon.

Shu tariqa betobligi yoki keksaligi tufayli referendum uchastkalariga borolmagan fuqarolar ham ovoz berish imkoniga ega bo‘lishmoqda. 

Mavzuga oid