O‘zbekiston | 16:55 / 30.04.2023
9283
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddan reportaj: ko‘zi ojiz fuqarolar ovoz berishi uchun ham sharoitlar yaratildi

Dastlabki to‘rt soat ichida samarqandlik saylovchilarning 46 foizi referendumda qo‘yilgan masalalarga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 30 aprel kuni mamlakat bo‘ylab «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazilmoqda.

Samarqand viloyati chegarasi doirasida 7-Samarqand referendum okrugi tuzilgan bo‘lib, uning tarkibida jami 1111 ta uchastkalar tashkil qilindi.

Eng ko‘p uchastkalar Samarqand shahri va Urgut tumanida, eng kami Kattaqo‘rg‘on shahrida va Paxtachi tumanida tuzildi.

– Ko‘zim tug‘ma ojiz bo‘lsa-da, maktabda dars beraman. Yangi tahrirdagi qonun loyihasida ta’limga oid bir qator yangiliklar ham bor. Umuman, biz kutgan ko‘pgina imkoniyatlar, yangiliklarga guvoh bo‘ldim. Mana, bugun ko‘zi ojiz insonlar uchun ham maxsus brayl yozuvida byulleten tashkil qilinibdi. Hududimizdagi uchastkaga kelib, farzandlarim ertasi, farovon turmushimiz uchun tanlov qildim, – deydi Jomboy tumanidagi 31-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Ma’ruf Rasulov.

Okrug komissiyasi matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda soat 12:00 ga qadar ovoz beruvchilarning 46 foizi referendumda qo‘yilgan masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirgani ma’lum qilindi.

7-Samarqand okrugi komissiyasi raisi Farmon Toshevga ko‘ra, ovoz beruvchilarning umumiy soni 2 million 81 ming 436 nafarni tashkil qilgan. Ularning 65 ming nafarini ilk bor ushbu siyosiy jarayonda qatnashayotgan yoshlar tashkil qilmoqda. Uchastkalarda ovoz berish jarayonlarini siyosiy partiyalarning, ilk bor mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakillari bevosita kuzatib bormoqda.

Bundan tashqari, qirqdan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, chet el va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ham Samarqanddagi referendum jarayonlarini kuzatmoqda.

Shu paytgacha okrug komissiyasiga referendumga oid qonunchilik buzilishi yuzasidan murojaat kelib tushmagan.

Mavzuga oid