Fan-texnika | 18:43 / 01.05.2023
69096
4 daqiqa o‘qiladi

Hashamatli, tezkor, aql bovar qilmas - Shanxay avtoko‘rgazmasida qanday avtomobillar taqdim qilindi?

Uzoq kutilgan Shanxay avtoko‘rgazmasi yaqinda o‘z nihoyasiga yetdi. Odatga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zining eng yangi modellari bilan qatnashdi. Ular orasida hashamati, tezkorligi bilan aqlni shoshirib qo‘yadiganlari ham bor. Quyida Xitoydagi avtosalonda taqdim etilgan ayrim modellar haqida hikoya qilinadi.

Voyah i-Cozy

Foto: Voyah i-Cozy

 

Voyah’ning kutilmagan ishlanmasi — i-Cozy. Konsept-karda siz boshqarish uchun rul yoki gaz, tormoz pedallarini uchratmaysiz. Salonda kirganda 4 kishiga mo‘ljallangan o‘rindiqlarni ko‘rasiz. Old o‘rindiqlar mos ravishda orqaga aylana oladi. Haydovchi uni ortga o‘girib, yo‘lovchilar bilan yuzma-yuz bemalol suhbat qurishi mumkin, albatta, to‘xtagan holatda. Old panelning deyarli butun qismini ekran egallagan.

 

Foto: Voyah i-Cozy

 

Foto: Voyah i-Cozy

Hongqi E-LS

Foto: Hongqi E-LS

Xitoyning taniqli brendi Hongqi ham yangi konsept-kar boshqaruvida rul va pedallardan voz kechgan. Salon qismi xuddi Voyah’nikiga o‘xshab ketadi. Avtomobilni 2025 yilda seriyali ishlab chiqarish reja qilinmoqda. U gibrid yoki faqat elektrda harakatlanadigan versiyada taqdim etilishi aytilmoqda.

Foto: Hongqi E-LS
Foto: Hongqi E-LS

iCar GT

Chery kompaniyasi Shanxaydagi ko‘rgazmada o‘z subbrendi ostida biryo‘la ikki yangi modelini namoyish qildi. Birinchi model bu ikki o‘rindiqli, eshiklari tepaga ko‘tarib ochiladigan elektromobil — iCar GT. Sportkarning ortki chiroqlari T harfi ko‘rinishida ishlangan. Aylana rul o‘rni esa samolyot shturvaliga o‘xshatib ishlashgan. Old panelda katta monitor ham o‘rnatilgan. G‘ildiraklar esa yorituvchi chiroqlar bilan jihozlangan.

iCar 03

Chery’ning ikkinchi yangiligi Land Rover Defender uslubida ishlangan, oldni yorituvchi chiroqlari vertikal ko‘rinishdagi elektrda harakatlanadigan ixcham krossover — iCar 03 bo‘ldi. U haydovchi uchun kerak bo‘ladigan barcha zamonaviy elektron assistentlar va ikkinchi darajali avtopilot bilan jihozlangan. Biroq texnik jihati borasida ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Beijing BJ60 Niying Edition

Baic kompaniyasi avtoko‘rgazmada Mercedes-Maybach kabi ishlangan o‘ta hashamatli modeli bilan ishtirok etdi. Ha, hozircha modelning konseptligi aytilmoqda, biroq uning bozorga chiqishi ham rad etilmayapti. U 22 o‘lchamli g‘ildiraklari bilan yaqqol ajralib turadi, bamper va radiator panjaralarida xromdan foydalanilgan. Salonga oq rangli nappa teridan ishlov berilgan.

Great Wall Poer CyberP!ckup

6 g‘ildirakli pikap o‘zida bir nechta qiziqarli xususiyatlarni jamlagan. 3 litr hajmga ega benzinli V6 dvigateli 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Jami ot kuchi esa 517 tani tashkil etadi. Salon qismida oq rangli teri va alkantaradan foydalanilgan. Akustikasiga bo‘lsa 16 ta karnay javob beradi. Pikap cheklangan nusxada ishlab chiqarilishi mumkin.

Yangwang U8

BYD uzunligi 5,3 metrni tashkil etadigan yo‘ltanlamasi bilan ko‘rgazma muxlislarini ham, qatnashchilarini ham ajablantirdi. Uning 100 km tezlik olishi uchun 3 soniya kifoya qiladi. Buni esa 1100 ot kuchiga ega to‘rtmotorli dvigatel amalga oshiradi.

Mavzuga oid