O‘zbekiston | 16:35 / 01.05.2023
7664
5 daqiqa o‘qiladi

Referendumda uchta uchastkadagi natijalar haqiqiy emas deb topildi

Markaziy saylov komissiyasi referendum jarayonida qonunbuzarlik kuzatilgan Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan 3 ta referendum uchastkasidagi ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topdi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekistonda 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda 8-Sirdaryo viloyati okrugidagi 226-son, 10-Toshkent viloyati okrugidagi 651-son va 14-Toshkent shahar okrugi 772-son referendum uchastkalarida qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda MSK kotibi Xudoyor Mamatov qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha ma’lumot berdi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasining onlayn monitoring tizimi orqali quyidagi kamchiliklar aniqlangan.

Birinchisi, Sirdaryo viloyatidagi 226-sonli referendum uchastkasida soat 19:30 larda komissiya a’zolari tomonidan byulletenlar ovoz berish qutisiga tashlanayotgani holati kuzatilgan. Ushbu uchastkada 2671 nafar ovoz beruvchi fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ikkinchisi, Toshkent viloyatidagi 651-sonli referendum uchastkasida komissiya a’zolari tomonidan ovoz beruvchi fuqaroga byulletenlar ishlatib bo‘lingani ma’lum qilingan. Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimi (SJBAT) orqali o‘rganilganda ushbu uchastka bo‘yicha soat 18:00 holatiga ovoz beruvchilarning ishtiroki 100 foizni tashkil etgani qayd etilgan. Vaholanki, ushbu uchastka bo‘yicha ovoz berish yakunlari haqida tuzilgan bayonnomada foydalanilmagan byulletenlar soni 646 tani tashkil etgan.

Uchinchisi, Toshkent shahridagi 772-sonli referendum uchastkasi komissiya a’zosi 16 ta byulletendagi «Ha» variantiga belgi qo‘yayotgan video tarqaldi. O‘rganish davomida komissiya a’zosi bo‘lgan fuqaro byulletenlarni qarindoshlarining nomidan to‘ldirayotgani haqida vaj keltirib o‘tgan.

«O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasiga binoan, ovoz berish chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlik tufayli ovoz berish yakunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ayrim uchastkalar bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin hamda ular bo‘yicha ovoz berish natijalari umumiy natijalardan chiqarib tashlanishi lozim», dedi Xudoyor Mamatov.

Uning qayd etishicha, yuqoridagi qoidabuzarliklar quyidagi asoslarga ko‘ra ushbu uchastkalardagi ovoz berish natijalari haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘la oladi:

  • Qoidabuzarliklar ovoz berish chog‘ida amalga oshirilgani tufayli ularni bartaraf etish imkoni mavjud emas;
  • Chirchiq shahridagi holat bo‘yicha byulletenlarni asoslanmagan tarzda sarf qilingani va Sirdaryo tumanidagi holatda esa byulletenlarni ovoz berish qutisiga komissiya a’zolari tomonidan ochiqchasiga tashlash ko‘zga tashlanib turgani;
  • Olmazor tumanidagi holatda esa qoidabuzarlik orqali byulletenlarni ovoz berish qutisiga tashlangan yoki tashlanmaganini baholash imkonsizligi.

«Qayd etib o‘tilganlardan kelib chiqqan holda hamda mazkur uchastkalardagi ovoz berish natijalari referendum haqiqiy deb topilishiga to‘sqinlik qilmasligini inobatga olib ko‘rsatib o‘tilgan uchastkalardagi ovoz berish natijalarini MSK qarori bilan bekor qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agarda biz mazkur uchastkalardagi natijalarni bekor qilish haqida qaror qabul qilsak, qonun talabiga asosan, ushbu uchastkalardagi ovoz berish natijalarini tegishli okrug komissiyalarida ovoz berish natijalari jamlangan umumiy natijalardan chiqarishimiz lozim bo‘ladi»,  dedi MSK kotibi.

 

Ko‘p o‘tmay Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati ushbu uchastkalarda ovoz berish yakunlari haqiqiy emas deb topilgani haqida ma’lum qildi.

«Jumladan, komissiya a’zosining bir nechta byulletenni o‘zi to‘ldirayotganligi hamda ular tomonidan byulletenlarni ovoz berish qutisiga tashlash, ovoz berganlar sonini noto‘g‘ri ko‘rsatilganlik kabi xatti-harakatlar mazkur uchastkalardagi ovoz berish natijalarini shubha ostiga qo‘yadi.

Shu sababli «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasiga binoan, ovoz berish chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlik tufayli ovoz berish yakunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ushbu uchastkalar bo‘yicha haqiqiy emas deb topildi», deyilgan MSK matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid