O‘zbekiston | 17:47 / 01.05.2023
10346
2 daqiqa o‘qiladi

Referendumda qariyb 74 mingta byulleten haqiqiy emas deb topildi

Bu barcha byulletenlarning 0,44 foizini tashkil qiladi.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayev referendumning dastlabki natijalari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi xalqi tomonidan referendumda qabul qilingan deyishga barcha asoslar bor.

«Referendumning dastlabki natijalariga ko‘ra, «Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?» degan savolga ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning 15 million 40 ming 55 nafari yoki 90 butun yuzdan 21 foizi yoqlab, 1 million 559 ming 200 nafari yoki 9 butun yuzdan 35 foizi qarshi ovoz bergan.

Haqiqiy emas deb topilgan byulletenlarning soni 73 ming 934 dona yoki nol butun yuzdan 44 foiz.

«O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qaror referendumda qabul qilingan deb hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, ushbu dastlabki ma’lumotlarga tayanib, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi xalqi tomonidan referendumda qabul qilingan deyishga barcha asoslar bor», dedi u.

Referendumning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilinib, rasmiy e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi.

Mavzuga oid