O‘zbekiston | 11:30 / 01.05.2023
27022
2 daqiqa o‘qiladi

Referendumning dastlabki natijalari e’lon qilindi

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda davomat 84,54 foizni tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev O‘zbekistonda 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumning dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, referendum uchastkalariga 16,6 milliondan ortiq saylovchilar kelgan va davomat 84,5 foizni tashkil etgan.

«Referendumda Konstitutsiya to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilasizmi?» deb berilgan savolga 19 mln 722 ming 809 nafar fuqarodan 15 mln 40 ming 55 nafari, ya’ni 90,21 foizi yoqlab ovoz bergan.

Byulletenlarning 0,49 foizi haqiqiy emas deb topilgan.

Uning qayd etishicha, referendum jarayoni xalqaro normalar va standartlarga, referendum qonunchilikka, unda belgilangan ochiqlik va oshkoralik kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qabul qilingan deyishga asoslar yetarli ekanligi ta’kidlandi. 

Referendumning yakuniy natijasiga ta’sir qilmaydigan alohida kamchiliklar o‘z vaqtida, jumladan, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik ishtirokida aniqlanib, bartaraf etilgani qayd etilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hududlarda jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangan. Bular Sirdaryo viloyatidagi 226-uchastka, Toshkent viloyatidagi 651-uchastka bo‘lib, MSK tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra qonunbuzarliklar aniqlangan, shuningdek, Toshkent shahridagi 772-uchastkasida qonunbuzilish holatlari bo‘yicha OAVda xabar berilgan. Bu qoidabuzarliklar MSK tomonidan mas’ul boshqarmalar bilan birgalikda o‘rganiladi.

«Umuman olganda, barcha saylov uchastkalarining 0,01 foizida qonunbuzarliklar aniqlangan», deya qo‘shimcha qildi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Mavzuga oid