O‘zbekiston | 09:10 / 02.05.2023
9621
2 daqiqa o‘qiladi

Furqat Siddiqov Jo Baydenga ishonch yorlig‘ini topshirdi

O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Siddiqov prezident Jo Bayden bilan uchrashib, ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: Twitter / Furqat Sidiqov

"Hozirgina ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan olingan suratlarni oldim. Prezident Jo Bayden bilan uchrashish men uchun katta sharaf bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, strategik sherikligimizni yanada mustahkamlashga intilaman", deb yozdi Furqat Siddiqov Twitter'da.

3 mart kuni Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga Furqat Siddiqov nomzodini ma’qullagandi.

Furqat Siddiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.

Furqat Siddiqov 2020 yil mayda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2022 yil noyabridan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2017 yildan buyon O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik missiyasini Javlon Vahobov boshqarib kelayotgan. 

Mavzuga oid