Yangi konstitutsiya. 10 ta asosiy o‘zgarish
O‘zbekistonning 65 foizga yangilangan va ancha “to‘lishgan” bosh qomusi 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Kun.uz o‘zgarishlarning eng muhimlarini sanab o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiylarga ko‘ra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
Quyida Kun.uz nazaridagi eng muhim o‘nta yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘tiladi.
1. O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirilmoqda:
- O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. (Konstitutsiya normalariga rasmiy sharhlar hozircha yo‘q, shu sababli undagi norma va tushunchalarga tahririyat umumqabul qilingan doirada, mustaqil izoh berib o‘tmoqda).
Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiyroq aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy e’tiqodidan qat’i nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
Yangi konstitutsiyaning 154-moddasi bilan, 1-moddadagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, deb belgilandi. Xuddi shuningdek, 154-moddaning o‘zidagi aynan shu qoidadan iborat band ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Boshqacha aytganda, bu norma – O‘zbekiston hech qachon demokratiyadan voz kechmasligi, huquqiy davlatchilikka sodiqligi, monarxiyaga yoki islomiy respublikaga aylanmasligini nazarda tutadi.
2. Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi
15-moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shildi:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.
Referendumda qabul qilingan qonunga binoan, Oliy sud 3 oy ichida tegishli Plenum qarorini qabul qilishi kerak. Bu qaror asosida sudlar tomonidan konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti joriy etiladi.
3. Imtiyozlar qonunda yozib qo‘yilishi shart emas
Yangi konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qat’i nazar qonun oldida tengligi haqida. Bu moddaning 2-qismi quyidagicha o‘zgarmoqda:
- Eski: Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
- Yangi: Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Bu bilan konstitutsiyaning amalda ishlamay kelgan normalaridan biri real voqelikka moslashtirilmoqda. Amaliyot shundayki, turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki ko‘p holatlarda qonunosti hujjatlar – qaror va farmonlar asosida berib kelinyapti.
4. Barcha noaniqliklar – inson foydasiga
Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
- Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.
Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
5. Inson huquqlari ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkin
Huquq va erkinliklarning cheklanishi masalasi avvalgi konstitutsiyada quyidagi ikkita norma bilan tartibga solingan edi:
- Insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
- Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Konstitutsiyaning yangi tahririda yuqoridagi ikkita norma deyarli o‘zgarishsiz saqlab qolindi. Shu bilan birga, quyidagicha yangi norma qo‘shildi:
- Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.
Huquqlar cheklanishiga doir bu me’yorlar, yangi konstitutsiyaning boshqa bir moddasiga asosan, so‘z erkinligi huquqiga ham tegishli. Ya’ni axborot izlash, olish va tarqatish huquqi faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash, davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida cheklanishi mumkin.
Ta’kidlash lozim, “ijtimoiy axloq” tushunchasi O‘zbekiston qonunchiligiga hali kiritilmagan. Ushbu tushuncha hamda mazkur modda bo‘yicha inson huquqlari “jamoat tartibini ta’minlash maqsadida” cheklanishi bo‘yicha vakolatli organning huquqiy sharhiga zarurat bor. Huquqlar ta’minlanishi bilan ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash o‘rtasidagi oltin o‘rtalik aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Shu bilan birga, yuqorida aytganimizdek, konstitutsiyaga binoan endilikda barcha noaniqliklar inson foydasiga hal etiladi.
Shu o‘rinda, namoyishlarga oid moddani ham eslatib o‘tish o‘rinli. Bu modda avvalgi holida, o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi:
- Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
6. O‘qituvchilar alohida e’tirofda
Konstitutsiyaga o‘qituvchilar haqida modda qo‘shildi. U ikki banddan iborat:
- O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
- Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Konstitutsiyada nomi keltirilgan o‘qituvchilardan boshqa kasb egalarining barchasi – huquq sohasi vakillari (sudyalar, prokurorlar va advokatlar). Boshqa holatlarda kasb egalari emas, sohalar haqida gap ketgan (masalan, ommaviy axborot vositalari, turli jamoat birlashmalari).
7. Yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin
O‘zbekistonda 2022 yildan e’tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan. Shu bilan deyarli bir vaqtda, o‘tgan yili e’lon qilingan yangi konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Yakuniy talqindan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha shaklga keltirildi:
- Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.
Bosh qomusning o‘tgan yili e’lon qilingan birinchi loyihasida unga quyidagicha jumlani kiritish taklif etilgan edi: “Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Yakunda bu boradagi normalar quyidagicha ko‘rinish oldi:
- Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi.
- Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.
Hujjatning birlamchi loyihasida mavjud bo‘lgan: “Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi” degan normani konstitutsiyaga kiritmaslikka qaror qilindi. Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikda ham bunaqa qoida yo‘q.
8. OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Avvalgi konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” nomli bobi bitta moddadan iborat edi. Unda shunday deyilgandi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, bu bob ikkita moddadan iborat bo‘ldi:
- Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
- Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Asosiy yangilik – OAV faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlik konstitutsiya darajasida belgilandi. MJtK va Jinoyat kodekslariga tegishli javobgarlik kiritilishi haqida 4-5 yildan beri gapirib kelinadi, lekin ularning barchasi og‘izda va qog‘ozda qolib ketmoqda.
Endilikda, referendumda qabul qilingan qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qonunchilikni yangi konstitutsiyaga moslashtirish dasturini 2 oy muddat ichida ishlab chiqib, parlamentga kiritishi kerak.
9. Davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar. Prezidentning vakolat muddati 7 yil bo‘ldi
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga binoan:
▪ Prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Prezidentning “davlat boshlig‘i” maqomi saqlab qolindi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emasligi, prezidentning qasamyodi matni va prezidentga taalluqli boshqa aksariyat normalar ham o‘zgarishsiz qoldirildi. Ma’lumot uchun, prezidentning vakolat muddati 2003 yilda ham 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, 2011 yilda esa qaytib 7 yildan 5 yilga tushirilgan edi.
▪ Bosh vazir nomzodini endi g‘olib partiya emas, prezident taqdim etadi. Prezident bosh vazir nomzodini taqdim etishdan oldin parlamentga kirgan barcha partiyalarning fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishi belgilandi. Qonunchilik palatasi prezident taqdim etgan nomzodni ko‘rib chiqadi, agar deputatlarning yarmidan ko‘pi ma’qullasa, bosh vazir lavozimga tasdiqlanadi. Agar deputatlar nomzodni uch marta rad etsa, prezident bosh vazirni tayinlab, Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. Eslatib o‘tamiz, avvalgi tartibga ko‘ra, bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘rinni egallagan partiya taklif qilar, prezident ma’qullagach, nomzod ikki palata tomonidan tasdiqlanishi talab etilardi.
▪ Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi. 14 ta hududdan 6 nafardan emas, 4 nafardan senator saylanadi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni 16 nafardan 9 nafarga qisqaradi. Bu o‘zgarish 2024 yilda bo‘ladigan parlament saylovi vaqtida kuchga kiradi. Qonunchilik palatasi deputatlari sonini (150 nafar) oshirmaslikka, o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilindi.
▪ Bosh vazirni tayinlash va unga ishonchsizlik votumi bildirishda Senatning ishtiroki bekor qilindi. Endilikda buning uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismi ovoz berishi yetarli (avval har ikki palata a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi zarur edi; eslatib o‘tamiz, ishonchsizlik votumi e’lon qilinsa, prezident bosh vazirni lavozimidan ozod etadi). Bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotlarini eshitish ham quyi palataning vakolatiga o‘tkazildi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi hukumat a’zolarini iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ldi.
▪ Korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini prezident taqdimiga binoan saylash Senatning vakolatiga kiritildi. Senat, shuningdek, eng yuqori rangdagi sud mansabdorlarini saylaydi, bosh prokuror va Hisob palatasi raisligiga nomzodlarni ko‘rib chiqib ma’qullaydi, DXX raisligiga nomzod bo‘yicha prezident bilan maslahatlashuv o‘tkazadi, Markaziy bank raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, xorijdagi asosiy diplomatlarni tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi (bularning barchasi prezident taqdimiga binoan amalga oshiriladi). Bundan tashqari, Senat mahalliy kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega bo‘ldi.
▪ Qonunchilik palatasi qonunlar bo‘yicha qo‘shimcha vakolat oldi. Unga ko‘ra, endilikda Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida 60 kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi qonunni prezidentga yuboradi. Qonunlarning prezident tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun belgilangan muddat 30 kundan 60 kunga uzaytirildi. Prezident tomonidan qaytarilgan qonun parlament palatalari tomonidan yana qabul qilingan taqdirda, prezidentning bu qonunni imzolash va e’lon qilish muddati o‘zgarishsiz (14 kun) qoldirildi.
▪ Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlashga haqli ekani belgilandi. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berildi (palata a’zolarining kamida uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi). Shuningdek, jiddiy voqealar ro‘y berganida, ikki palata qo‘shma qaror qabul qilgan holda parlament tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi yozib qo‘yildi.
▪ Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi. Konstitutsiyaga qo‘shilgan bu norma bo‘yicha ham huquqiy sharhga zarurat bor. “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda “hisobdor” tushunchasi uchramaydi. Sudyalarning o‘zlari chiqargan qarorlari bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi odil sudlovni ta’minlashga qanday ta’sir qilishi – izohtalab holat, bizningcha. Bu kabi mavxum qoidalar pirovardida yangi konstitutsiyani uning targ‘ibotida ko‘p marta aytilgan va hujjatning o‘zida ham belgilangan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonun bo‘lishini savol ostida qoldiradi.
▪ Konstitutsiyaviy sud sudyalari 10 yil muddatga saylanadi va qayta saylanishi mumkin bo‘lmaydi. Avvalgi tartibga ko‘ra, bu muddat birinchi marta saylanganida 5 yil, keyingisida 10 yil edi.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq bitta lavozimni egallashi mumkin emasligi haqidagi qoida, prezidentdan tashqari, Senat raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Oliy sud raisi va o‘rinbosari, Sudyalar oliy kengashining raisi va o‘rinbosari, Markaziy saylov komissiyasi raisi, bosh prokuror, hokimlar va kengashlar raislariga nisbatan ham tatbiq etiladigan bo‘ldi.
Referendumda qabul qilingan qonunning 7-moddasi bilan, barcha darajadagi davlat mansabdorlarining ayni paytga qadar egallab kelgan muddatlari nollashtirildi. Ular lavozimlarini egallab kelayotganining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda xuddi shu lavozimlarga saylanish va tayinlanishga haqli, deb belgilandi.
10. Mahalliy davlat hokimiyatidagi o‘zgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketadi
Mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlar bir-biridan ajratilmoqda. Bu boradagi hozirgi tartib hokimiyatning bo‘linish va hokimiyat bo‘g‘inlarining o‘zaro tiyib turish prinsipiga zid. Bosh qomusning yangi tahririga asosan, bunga barham berilib, mahalliy kengashlar saylanadigan vakillik organlari, hokimliklar esa ijro organlari deb belgilanmoqda.
Shunga muvofiq, quyidagi sanalardan boshlab, hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga barham beriladi:
- viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari bo‘yicha;
- tuman va shaharlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab.
Mahalliy kengashlar raislari kengash deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Hokimlar esa 5 yil muddatga tayinlanadi, tayinlangan hokimni kengashlar tasdiqlaydi. Shu tariqa, kengash raislari ham, hokimlar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi tomonidan saylanmaydi.
Kengashlarning vakolatlariga, jumladan, quyidagilar kiradi:
- mahalliy budjetni ko‘rib chiqish va qabul qilish, uning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
- hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish.
Hokimlarning vakolatlari esa, jumladan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:
- konstitutsiya va qonunlarni, parlament palatalarining qarorlarini, prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bajarish;
- hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish.
Hokimlar va mahalliy kengashlarning faoliyatini tashkil etish tartibi bo‘yicha alohida qonunlar qabul qilinadi. Mahalliy masalalar bo‘yicha ularning vakolatlari qanday taqsimlanishi ana shu qonunlarda aks etadi.
***
Yuqoridagilardan tashqari, konstitutsiyaga boshqa ko‘plab normalar ham qo‘shilgan, jumladan:
- O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi.
- Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.
- Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Har kim o‘z shaxsiga doir noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
- Davlat internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiya islohoti haqida 2021 yil 6 noyabr kuni, ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishishi yuzasidan inauguratsiya marosimidagi nutqida birinchi marta aytib o‘tgan edi. Davlat rahbari o‘sha yili dekabr oyida, konstitutsiya bayrami arafasida xalqqa yo‘llagan tabrigida: “konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o‘ylash” zarurligini ta’kidlagan edi. 2022 yil may oyida konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, hujjatni yangilash jarayoni boshlandi.
Rasmiylarga ko‘ra, konstitutsiya qabul qilingan kun sifatida bundan keyin ham 1992 yil 8 dekabr sanasi e’tirof etiladi, 8 dekabr – bayram sanasi o‘zgarmaydi.
Komron Chegaboyev tayyorladi.
Mavzuga oid
20:51 / 18.10.2024
AQShda kartotekadan topilgan Konstitutsiya nusxasi 9 mln dollarga sotildi
22:17 / 17.10.2024
Konstitutsiya kuni bayramini nishonlash bo‘yicha prezident farmoyishi imzolandi
21:12 / 27.05.2024
Erdo‘g‘an Turkiya konstitutsiyasini yangilash zarurligi haqida gapirdi
23:10 / 11.12.2023