O‘zbekiston | 08:44 / 05.05.2023
4447
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yirik shaharlari Yevropa shaharlari qatorida yashil qoplamalar tizimiga kiritiladi

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Shveytsariyaga tashrif davomida O‘zbekiston tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) ijrochi kotibi, BMT bosh kotibi o‘rinbosari O.Algayerova, YeIK Atrof-muhit departamenti direktori M.Kayner, YeIK mintaqaviy maslahatchisi S.Radnaaragchaa va Havoning uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiya (Havo konvensiyasi) kotibi A.Karadjova o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

“Yashil” investitsiyalar, xususan, chiqindi va karbon tashlamalarni hisoblash tizimi sohasiga xorijiy investorlarni jalb qilish hamda mahalliy tadbirkorlar uchun davlat-xususiy sherikchiligi tizimini xalqaro standartlarga va prinsiplarga asosan optimallashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar YeIK xalqaro ekspertlari tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shaharlarda havoning ifloslanishi yuqori darajaga ko‘tarilganini hisobga olgan holda Havo konvensiyasi kotibi bilan konvensiyaga a’zo bo‘lish istiqbollari va ratifikatsiya davrida xalqaro metodologiya, huquqiy instrumentlar va ilg‘or tajriba asosida havo sifatini yaxshilash uchun chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.

YeIKning “Shaharlarda daraxtlar” tashabbusiga “Yashil makon” doirasida ekilgan daraxtlar statistikasini integratsiya qilish va O‘zbekistonning yirik shaharlarini Yevropa shaharlari qatorida yashil qoplamalar tizimiga kiritishga kelishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid