O‘zbekiston | 11:02 / 09.05.2023
13735
10 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyotni yaxshilash uchun nima qilish kerak? – xorijda ishlayotgan o‘zbek shifokorlari fikri

Xorijdagi o‘zbek shifokorlari O‘zbekistonda sug‘urta tizimini tezroq yo‘lga qo‘yish, tibbiy oliy ta’limni transformatsiya qilish va to‘liq ingliz tiliga o‘tkazish, xususiy sektorni rivojlantirish kabi takliflarni ilgari suryapti.

Foto: AP

5 may kuni AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi davlatlarda shifokorlik qilayotgan o‘zbeklar bilan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shifokorlar O‘zbekistonda tibbiyot sohasini oyoqqa turg‘izish uchun o‘z tajribasidan kelib chiqib takliflarini o‘rtaga tashladi. Kun.uz mutaxassislar taklifini bir joyda jamladi.

Umidjon Madaliyev, Britaniya qirollik qoshidagi - RCGP Umumiy amaliyot shifokorlari uyushmasi a’zosi; Angliyada South Coast Medical Group (SCMG) kompaniyasining bosh partner shifokori bo‘lib ishlaydi. Southampton tibbiyot universiteti talabalariga dars o‘tadi.

 — O‘zbekistondagi katta muammolardan biri — til masalasi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talablariga tezroq ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kerak. Shifokorlar qancha tez ingliz tilini o‘rgansa, shunchalik tez yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Biz to rossiyaliklar ma’lumotlarni tarjima qilmaguncha kutishga o‘rganib qolganmiz. Bunda ancha vaqt ketib qoladi.

Ikkinchi masala — o‘qitish tizimimiz ancha eskirib qolgan. Masalan, hindlar ingliz tilini bilishi va Angliya ta’lim tizimi andozasida ta’lim tashkil etgani hisobiga ancha oldinda. Yevropada oilaviy shifokor bo‘lish uchun 3 yil tayyorgarlikdan o‘tish kerak, bizda esa 6 oy.

Til, ta’lim tizimidan tashqari birinchi qiladigan ish soha qaysi yo‘nalishdan ketishini, aniq tizimni belgilab olish kerak. Har bir davlatning o‘z tizimi bor. Xalqqa yordam berish uchun tezroq birlamchi tizimni joriy qilib olishimiz kerak. Bizda profilaktika bilan deyarli shug‘ullanilmaydi. Masalan, eng ko‘p o‘limga sabab bo‘ladigan holatlardan biri — qon bosimi ko‘tarilishi. 50 yoshdan oshgan kishilarning qon bosimini doimiy tekshirib turish kabi narsalar yo‘lga qo‘yilmagan. Oddiygina mana shu qon bosimini nazorat qilish ham katta ijobiy ta’sir qiladi. Shuning uchun ham birlamchi tizimni yangilash kerak.

Laziz Mardonov, AQShda ishlayotgan shifokor:

Amerika va Kanadada tibbiy kadrlar yetishmovchiligi boshlangan. O‘zbekiston shu bozorni o‘rganib, kadrlarini yuborish yo‘llarini o‘ylab ko‘rishi kerak. Bu degani hamma tibbiyot kadrlari Kanada yoki AQShga ketib qoladi degani emas. Ularga yo‘l ochilganda ham, hammasi yoppasiga kelib O‘zbekiston shifokorsiz qolib ketmaydi. 100 nafardan 2 nafari ketgan taqdirda ham keyinchalik tajribasi bilan O‘zbekistonga o‘z hissasini qo‘shadi. Masalan, o‘zbeklar Rossiya yoki AQShga faqat qora ishchi bo‘lib emas, shifokor bo‘lib kela oladi. Ya’ni aqlli immigratsiyani tashkil qila olasizlar.

Pokiston, Hindiston, Arab davlatlari va Filippin o‘qish tizimini AQShning sistemasiga yaqinlashtirib, imtihonidan o‘tib shu yerda ishlaydi. Dunyo bo‘yicha juda ko‘p davlatlar sog‘liqni saqlash tizimida Amerika modelini olgan va biroz o‘zgartirgan. Bu modellarni yaratib berish uchun albatta pul to‘lagan. Va litsenziyasini olib hozir dunyo standartida ish olib boryapti. O‘zbekiston ham o‘z modelini tanlab, shunga katta pul ajratishi kerak.

Sharof Tugizov, Kaliforniya universiteti, professor, laboratoriya mudiri:

Har yili bittadan yangi patogen kirib kelyapti. Ilmiy tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, iqlim o‘zgarishi natijasida kelgusi 50 yilda nihoyatda ko‘p yangi patogenlar kirib keladi. Potensial 10 mingta virus kelishi haqida gap bor. Shu 10 ming virus ichida 100tasi kuchli patogen bo‘lsa, katta muammo bo‘ladi. Birgina Covid-19 qancha oqibatlarga olib kelganini ko‘rdik. Shu narsalarga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Yaqinda o‘tkazilgan vebinarda ham buni gaplashdik. Boshqa mamlakatlarda tayyorgarlik boshlangan, Markaziy Osiyoda ham bu narsani boshlash lozim. Texnika yetmasa, sotib olish kerak. Mutaxassislarni ham tayyorlash kerak bo‘ladi. Vaziyat tobora yomonlashib ketyapti, chunki iqlim o‘zgarishi bugun boshlangani yo‘q. Bu og‘ir ahvolga olib kelishi mumkin. Kimda yaxshi texnologiyalar, imkoniyatlar bo‘lsa, o‘shalar o‘zini qutqara oladi. Bo‘lmasa, vaziyat qiyinlashib ketadi.

Oygul Mamataliyeva Saudiya Arabistoni, Kingdom Hospital. Obstetrician-Gynecologist mutaxassisi:

Sohada axborot yetkazish masalasi yaxshi emas. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari, shifoxonalar haqida internetda ma’lumotlar kam. Internet orqali birorta xat yuborilsa, o‘shanga javob berilmaydi. Birov bazadan tekshirib, internet orqali javob bermaydi, borib talab qilishga to‘g‘ri keladi. Shuncha qilinayotgan ishlar, mehnatlarni ko‘rsatib beradigan axborot bazasi kerak. O‘zbekistonda o‘qib, chetga ketgan shifokorlar internet orqali hujjatini olishi qiyin. Yaqinda bir sudanlik shifokor farzandini O‘zbekistonda o‘qitmoqchiligini aytib qoldi. Lekin internetdan to‘liq ma’lumot ololmagani uchun fikrini o‘zgartirdi. Chunki qanday o‘qitilishi, o‘quv dasturlari haqida ma’lumot yo‘q. Qaysidir institut saytiga kirilsa, rahbar xodimlarning ma’lumoti, rasmi turadi, lekin o‘quv dasturlari, jarayonlari haqida hech narsa bo‘lmaydi. Bo‘layotgan shuncha ishlarni endi ko‘rsatib ham berish kerak. Yo‘qsa, foydasi bo‘lmaydi.

Abror Akmalov, Saudiya Arabistonidagi Qirol Fahad shifoxonasi anesteziolog-konsultanti, tibbiyot fanlari doktori:

O‘zbekistonda kafedra mudiri bo‘lib ishlardim. Keyin Saudiya Arabistoniga borganimda, ularga professorman, kafedra mudiriman deb aytishga uyalib yurganman. Chunki biz ular ishlatadigan dorilarni kitobda o‘qiganmiz, amalda qo‘llab ko‘rmaganmiz. Yoki ular ishlatadigan apparatlarni kitobda ham ko‘rmaganmiz. Mana shu narsalar bizga katta yangilik bo‘lgan. Lekin dori va apparaturalarini o‘zlashtirib olganimizdan keyin ulardan ham yaxshiroq ishlaydigan holatda bo‘ldik. Chunki biz uncha-muncha dori bo‘lmasa ham, apparatlar ishlamasa ham o‘zimizni yo‘qotmagan holatda yaxshi ishlab keta olamiz. Bizning shifokorlarning yutug‘i shunda.

O‘zbekistonda ham davlat sektorida ham shunaqa oxirgi jihozlar foydalanilishi kerak. Sarflanayotgan pul qaytib kelishi kerak. Buning uchun tibbiy sug‘urtani yo‘lga qo‘yish kerak. Bilishimcha, 7-8 yildan beri O‘zbekistonda tibbiy sug‘urtani yo‘lga qo‘yishga harakat ketyapti. Xalqda tibbiy sug‘urtaga o‘tsak, shifokorlar yana pul qilmoqchi degan fikrlar bo‘ladi. Lekin buning qiyinligini chet elda ishlayotgan shifokorlar yaxshi biladi. Chunki har bir berilayotgan dorilarni asoslab berish kerak. Chunki sug‘urtadagilar shifokordan nega bunaqa qimmat dori yozgansan deb javob talab qiladi. Shunday bo‘lsa ham sug‘urta tibbiyotning rivojlanishi uchun muhim narsa hisoblanadi.

Chetin Malika, Turkiyadagi Manisa Soma 4-sonli oila sog‘ligi markazi oilaviy shifokori:

Birinchi bosqich ya’ni tuman miqyosida kasal bo‘lgan bemor shu yerning o‘zida tuzalib ketadigan tizim qilish kerak. Buning uchun katta investitsiyani birinchi bosqichga qaratishimiz kerak. Masalan, 50 ming aholi yashaydigan bir tumanda har 2000-3000 aholini ma’lum shifokorlarga bog‘lab qo‘yish kerak. Shu shifokorlar aholining hammasini bitta axborot bazasiga kiritishi kerak. Shu bilan birga tizimda ishlaydigan xodimlarning hammasining oyligini baland qilib qo‘yish kerak, chunki ular kasallardan keladigan 200-300 mingga qarab qolmasligini ta’minlash muhim. Har qanday kasalxonalarda ham kasallarning shifokorga boradigan vaqtini oldindan belgilab, elektron ro‘yxatga olib qo‘yilishi kerak.

Mirjahon Turdiyev, Syracuse universiteti doktoranti:

O‘zbekistondagi ko‘pchilik institutlar bizning oliygoh bilan memorandumlar imzolab tashlagan, lekin hammasi qog‘ozda qolib ketgan. Vashingtonda Georgetown universiteti bor. Men ular bilan Amerika O‘zbekiston assotsiatsiyasi asoschisiman. Shu universitetda bitta pediatr bor shuni 1,5 yildan beri O‘zbekistonga yuborishga harakat qilyapmiz. Lekin borish-kelish, turar joy xarajatlari sabab hali jo‘natolganimiz yo‘q. Men o‘zim Serikus universitetida doktorantman. Bizning universitetimiz AQShda boshqaruv bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Shu yo‘nalishda O‘zbekistondan ham kadrlar kelib o‘qisa, hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz. 

Jahongir Jo‘rayev, Kuwait Jabr Al Ahmad shifoxonasi anesteziolog-reanimatologi:

O‘zbekistonda bakalavr, magistr, ordinatura tibbiyot tizimi ingliz tilida qilinishi muhim. O‘zbekistonga Akfa Medline’ga o‘xshagan tibbiyot sohasida davlat institutlari kerak. Bizda tibbiyot ta’limi xorijdagidek qimmat emas. Shuning uchun xorijiy davlatlardan talabalar o‘qib ketishni xohlaydi. Bu uchun albatta mahalliy domlalar emas, chet eldan xorijlik mutaxassislarni olib kelish kerak. Bu taxminan 10 yildan keyin kadrlar yetishib chiqishini ta’minlaydi. Biroq bu juda uzoq muddat. Shuning uchun hozir tibbiy oliygohlarida ingliz tilini biladigan talabalarni yig‘ib, xuddi prezident maktablariga saralab olinganidek olib, ularni ham xorijdan o‘qituvchilar chaqirib o‘qitib, jahon standartiga moslashtirib borish kerak.

Mavzuga oid