Sport | 22:32 / 12.05.2023
54099
5 daqiqa o‘qiladi

Boks. O‘zbekiston JCh-2023 finaliga eng ko‘p – 7 bokschi bilan yetib keldi

12 may kuni Toshkentda o‘tayotgan boks bo‘yicha JCh-2023 turnirida yarimfinal janglari o‘tkazilib, o‘zbekistonlik 9 nafar bokschidan 7 nafari finalga yo‘llanma oldi. 

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Yarimfinallar oldidan Bahodir Jalolov muddatdan avval turnirning finaliga chiqqani ma’lum bo‘ldi. +92 kg vazn toifasida Bahodirga qarshi jang qilishi ko‘zda tutilgan ispaniyalik Ayub Gadfa Drissi ringga chiqmasligini bildirdi. Raqib jangdan bosh tortgach, Jalolov to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalga yo‘llanma oldi. 

Yarimfinaldagi qolgan 8 nafar o‘zbekistonlik bokschilarning 12 may kungi ishtirokini -54 vazn toifasidagi Oybek Jo‘rayev boshlab berdi. U harbiylar o‘rtasidagi jahon chempioni rossiyalik Dmitriy Dvaliga qarshi ringga ko‘tarilib, 5:2 hisobida zafar quchdi. 

-67 kg vazn toifasida esa Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yarimfinal jangini mo‘g‘ulistonlik Misheyel Battumurga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobidagi g‘alaba bilan finalga yo‘l oldi. 

Uchinchi yarimfinal jangida esa A’loxon Abdullayev braziliyalik Vanderley Pereyraga qarshi ringga ko‘tarildi va 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu vakillarimizning yarimfinaldagi birinchi yo‘qotishi bo‘ldi va Abdullayev bronza medali bilan cheklanadi. 

 -92 kg vazn toifasidagi Lazizbek Mullojonov esa chorakfinalda Rio-2016 Olimpiadasi g‘olibi va 4 karra jahon chempioni Sezar La Kruzni mag‘lub etgach, bu safar rossiyalik jahon chempioni va Tokio-2020 Olimpiadasi kumush medali sohibi Muslim Gajimagomedovga qarshi jang qildi. Uch raund davom etgan bahsda Mullojonov nomdor raqibiga yutqazdi – 1:4. U ham turnirda bronza medali bilan cheklanadigan bo‘ldi. 

Beshinchi yarimfinal jangida -51 kg vazn toifasidagi Hasanboy Do‘smatov ispaniyalik Martin Molinaga qarshi ringga chiqdi. Jang davomida Olimpiada-2016 g‘olibi finalga munosib ekanligini ko‘rsata oldi – 5:0. Bu Do‘smatovning faoliyatidagi JChdagi ikkinchi final bo‘ladi. 

Oltinchi yarimfinalda esa Abdumalik Xalokov qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Uuluga qarshi jang qildi va 1-raunddayoq raqibidan ustun keldi va texnik g‘alaba bilan final yo‘llanmasiga ega chiqdi. 

-63,5 kg vazn toifasida esa Ruslan Abdullayev turnir yarimfinalida armanistonlik tajribali Xovanets Bachkovga qarshi jang o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alaba evaziga O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 6-final yo‘llanmasini taqdim etdi. Ruslan jang davomida raqibini nokdaun holatiga ham tushirishga ulgurdi. 

Bahodir Jalolov muddatdan avval finalga yo‘l olganidan so‘ng, kunning so‘nggi jangi

Saidjamshid Ja’farov va braziliyalik Vanderson De Oliveyra o‘rtasida kechdi. Qiziqarli o‘tgan bahsda Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchisi raqibi ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqdi. 

Shu tariqa, turnirni 13 nafar charmqo‘lqop ustasi bilan boshlagan O‘zbekiston milliy jamoasi finalga eng ko‘p – 7 nafar bokschi bilan ishtirok etadigan bo‘ldi. Vakillarimiz hozirdan 9ta medalni naqd qilib, bu borada ham turnirning eng yaxshi jamoasi bo‘lish masalasini kafolatlagan.  

JCh-2023. O‘zbekistonlik bokschilarning yarimfinaldagi natijalari: 

-54 kg: Oybek Jo‘rayev - Dmitriy Dvali (Rossiya) – 5:2, g‘alaba. 

-67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev - Misheyelt Battumur (Mo‘g‘uliston) – 5:0, g‘alaba. 

-75 kg: A’loxon Abdullayev - Vanderley Pereyra (Braziliya) (16:00dan so‘ng) – 1:4, mag‘lubiyat. 

-92 kg Lazizbek Mullojonov - Muslim Gajimagomedov (Rossiya) – 1:4, mag‘lubiyat. 

-51 kg: Hasanboy Do‘smatov - Martin Molina (Ispaniya) – 5:0, g‘alaba. 

-57 kg: Abdumalik Xalokov - Munarbek Seitbek Uulu (Qirg‘iziston) – texnik g‘alaba. 

-63,5 kg: Ruslan Abdullayev - Xovanets Bachkov (Armaniston) – 5:0, g‘alaba. 

-71 kg: Saidjamshid Ja’farov - Vanderson De-Oliveyra (Braziliya) – 4:1, g‘alaba. 

+92 kg: Bahodir Jalolov - Ayub Gadfa Drissi (Ispaniya) – +/-. 

Ma’lumot uchun, final bahslari 13 va 14 may kunlariga belgilangan. Turnir chempionlari 200 ming AQSh dollari, kumush medali sohiblari – 100 ming, bronza medali egalari esa 50 ming AQSh dollari pul mukofotiga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid