Jahon | 10:32 / 12.05.2023
49965
8 daqiqa o‘qiladi

G‘arbga burilish va shunchaki biznes: Qilichdoro‘g‘lining g‘alabasi qanday oqibatlarga ega bo‘ladi?

Foto: MAHMUT SERDAR ALAKUS/ANADOLU AGENCY/GETTY IMAGES

Turkiyadagi prezidentlik saylovlaridan avval noaniqlik darajasi juda yuqori — Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning yigirma yillik iqtidoriga yakun yasalishi ham mumkin. Uning asosiy raqibi — muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li.

The Bell u haqida nimalar ma’lumligi va u yutsa Rossiya bilan aloqalar nima bo‘lishini tahlil qildi.

14 may saylovlariga sanoqli kunlar qolganida asosiy nomzodlarning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatlari deyarli tenglashdi. Politico’ning saylovoldi so‘rovnomalari agregatori Qilichdoro‘g‘liga birinchi turda 49 foiz bermoqda, Erdo‘g‘anga esa 46 foiz. Agar ulardan biri birinchi turda 50 foizlik marradan o‘ta olmasa, ikkinchi tur 28 may kuni o‘tkaziladi va bu holatda so‘rovnoma orasidagi farq 51 ga 49 foiz bo‘lib turibdi. Biroq, hukumatparast Hurriyet gazetasi yaqinda agar davomat 90 foizdan oshsa, Erdo‘g‘an birinchi turdayoq g‘alaba qozonishini bashorat qilgan edi.

Payshanba kuni Qilichdoro‘g‘lining sobiq safdoshi, so‘rovnomalar unga 2–3 foiz atayotgan Muharram Injyening shahvoniy tasvirlari tarqatilishi ortidan saylovdan voz kechishi noaniqlik darajasi yanada oshishiga sabab bo‘ldi. Uning nisbatan yosh elektorati ikki yetakchini ham yomon ko‘radi, shu sababli ular kim tomonga o‘tishini taxmin qilish qiyin, deb yozadi Bloomberg. Biroq fond bozorlari saylovoldi kampaniyasining yanada qutblashishi iqtisodiy siyosatni o‘nglashni va’da qilgan Qilichdoro‘g‘li imkoniyatlari oshayotganini sezgan. Borsa Istanbul 100 indeksi bu yangilikdan so‘ng 6 foizga o‘sgan, bank sohasi indeksi esa 9 foizga. Uchinchi nomzod — milliyatchi Sinan O‘g‘an bunday holatda shunchaki statistga aylanadi.

Kamol Qilichdoro‘g‘li kim?

74 yoshli Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘andan 5 yosh katta, u muxolifatga 2010 yilda qo‘shilgan — umummilliy saylovlarda ikkinchi o‘rinni egallagan Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP)ni boshqara boshlagan.

Siyosatchi sifatida Qilichdoro‘g‘li — o‘ta qat’iy muhitdagi shafqatsiz tanlov mahsuli. Turkiya siyosatidagi chorak asrlik faoliyatida u katta xatolarga yo‘l qo‘ymagan (masalan, 2016 yilgi harbiy isyonda Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlagan), bir vaqtning o‘zida taktik ittifoqlar tuzish va koalitsiyalarda ishlash mahoratini sayqallab borgan. So‘nggi yillarda u raqibidan avval bu borada juda ortda bo‘lgan xarizmaga ham ega bo‘ldi — uning birinchi ta’sirli surati 2017 yilgi «Adolat marshi»da paydo bo‘ldi. Biroq 2019 yilga kelib CHP’ning boshqa partiyalar bilan hamkorligi Istanbul va Anqara shaharlari merligiga muxolifat nomzodlarini o‘tkazishga olib keldi. 2023 yilga prezidentlik saylovlariga Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘anni amaldan ketkazishni maqsad qilgan oltita turlicha partiyalarning yagona nomzodi sifatida yetib keldi, hattoki kurdlar yetakchisi Salohiddin Demirtoshning ham qo‘lloviga ega bo‘ldi.

«Komsomol» Erdo‘g‘andan farqli o‘laroq, Qilichdoro‘g‘li iqtisodiy bilimlarga ega, ijtimoiy blokning sobiq amaldori va korrupsiyaga qarshi kurashishda ham ishtirok etgan. Wall Street Journal nashriga bergan o‘zining so‘nggi intervyusida u yashash bahosi tanazzulini yengishni, Turkiyani parlamentarizmga qaytarishni, Markaziy bank mustaqilligini tiklashni va siyosiy mahbuslarni ozod qilishni va’da qilgan. Nima bo‘lganda ham rasmiy inflatsiya 50 foiz bo‘lib turganda Turkiya Markaziy bankining 8,5 foizlik asosiy stavkasiga har qanday muqobil chora mamlakat iqtisodiyotini jonlantirishi turgan gap.

Erdo‘g‘anning uzoq davom etayotgan iqtisodiy tanazzul tufayli zaiflashgan reytinglari so‘nggi oylar ichida fevral zilzilalari va prezident salomatligining yaqqol chatoqligi tufayli yanada omonatlashgan. Qilichdoro‘g‘li esa na ojiz, na haddan ziyod liberal siyosatchi ko‘rinmoqda, ayrim masalalar bo‘yicha uning pozitsiyasi yanada qat’iyroq. Inson huquqlari himoyasi haqida gapira turib, u Turkiyadan millionlab suriyalik qochqinlarni o‘z uylarida yaxshiroq yashashadi, degan asos bilan chiqarib yuborilishi tarafdori.

Erdo‘g‘anning g‘alabasi Rossiyaga nima beradi?

Qilichdoro‘g‘lining chiqishlaridan agar u g‘alaba qozonsa Rossiya bilan aloqalar «do‘st Erdo‘g‘an» davridan ko‘ra yanada pragmatiklashadi, lekin asosiy iqtisodiy aloqalar saqlanib qoladi. Biroq g‘arb sanksiyalarini Turkiya orqali aylanib o‘tish murakkablashadi, hattoki imkonsiz bo‘ladi, manfaatlar to‘qnashuvi yuz berganda esa mamlakat Rossiyaga emas, AQSh, Yevroittifoq va NATO tomon yuz buradi.

Wall Street Journal’ga u tikkasiga Turkiyani g‘arb sivilizatsiyasi va mamlakat a’zo bo‘lishni orzu qiladigan Yevropa Ittifoqi yo‘nalishida boshqarishini, sanksiya talablariga rioya qilishini aytgan.

«Turkiya — g‘arb davlatlari alyansi va NATO a’zosi, bu Putinga yaxshi ma’lum, — deya undan iqtibos keltirgan gazeta. — Turkiya NATO qarorlariga bo‘ysunishga majbur».

U Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida «Turkiya tashqi siyosatini 180 darajaga o‘zgartirishi»ni aytgan.

«Albatta, biz Rossiya bilan yaxshi aloqalarga ega bo‘lish tarafdorimiz, — degan u. — U yerda bizning tadbirkorlarimiz ishlashadi. Lekin biz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralaymiz».

AQSh bilan aloqalar «yanada muvozanatlashgan bo‘ladi», deb va’da qilgan Qilichdoro‘g‘li. U hattoki Erdo‘g‘an davrida Rossiyaning S-400 havo hujumidan mudofaa tizimini (ularni u «dunyodagi eng qimmat metallolom», deb atagan) F-35 qiruvchi uchoqlari dasturiga qaytish uchun «topshirishi»ga shama qilgan. Bu holatda u Ukrainadagi urush mobaynida Erdo‘g‘anning siyosiy qarorlari hamda Qora dengizdagi «g‘alla bitimi»ni ma’qullashini, «Aqquyu» AESini Rossiya ishtirokida yakunlash tarafdori ekanini bildirgan.

Rossiyalik relokantlar o‘rtasida ichki bozorda narxlarni tushirish uchun Qilichdoro‘g‘lining xorijliklarga kamida 5 yilga turar joylar sotishni taqiqlash g‘oyasi katta xavotir keltirib chiqargan. Nima bo‘lganda ham, «Ko‘chmas mulk evaziga istiqomat huquqi» dasturi bilan bog‘liq qiyinchiliklar o‘tgan yiliyoq boshlangan.

Kecha, payshanba kuni Qilichdoro‘g‘li Inja bilan yuz bergan voqeani nazarda tutib, Rossiyani saylovlarga aralashuvda aybladi.

«Aziz rus do‘stlar, kecha bu mamlakatda fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, Turk davlatidan qo‘lingizni torting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid