O‘zbekiston | 13:32 / 14.05.2023
20817
15 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim qachon yaxshilanadi? - Mutaxassis va rasmiylar bilan suhbat

Oliy ta’lim vazirligi 2023 yildan boshlab O‘zbekiston oliygohlar top reytinglarga kirishi mumkinligini aytmoqda. Ammo mutaxassis xalqaro reytingga kirish shunchaki statistika uchun bajariladigan ish emasligini, buning uchun universitetlarning akademik nufuzi oshirilishi kerakligini, tizimda kadrlar masalasi muammo ekanini bildirdi.

OTMga hujjat topshirish muddati yaqinlashmoqda, yaqinda davlat imtihonlari ham o‘tkaziladi. Maktab o‘quvchilari, umuman abituriyentlar juda katta umidlar bilan bu jarayonga kirishadi. Xo‘sh, aslida oliy ta’lim tizimi ularning bu ishonchini oqlayaptimi? Nima sabab bu tizim hanuzgacha kutilgan darajada o‘zgarmayapti? Nimalarda xato qilinyapti?

Mavzu atrofidagi bir qancha savollarga javob topish va ularni tahlil qilish maqsadida Kun.uz “Silk Road Research Academy” ijrochi direktori, professor Azamat Akbarov, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining department hamda boshqarma boshliqlari Abduvali Xoliqov va Sherzod Ne’matov bilan suhbatlashdi.

– Dastlab oliy ta’lim muassasalarining reytingi haqida gaplashsak. Bilasiz, 2019 yilda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. Unga ko‘ra, shu muddatgacha respublikadagi kamida 10 ta oliygoh xalqaro reytinglarning birinchi mingtaligiga kiritilishi belgilangan.

Misol uchun, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 talikk kiritish ham qayd etilgan. Ammo hujjatda aytilgan xalqaro reytinglarga qaralsa, birorta oliygohimiz top 500 talik tursin, mingtalikka hanuzgacha kirgani yo‘q. Sizningcha, 7 yil ichida bu natijaga erishamizmi? Aslida top reytinglarga qancha vaqtda kirishga umid qilish mumkin? Bunda bizga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

Azamat Akbarov: Har bir universitetni tashkil etishdan maqsad bo‘ladi. Masalan, oliygohlar joylashgan hududini, davlatini rivojlantirishi kerak bo‘ladi. Yevropa, Amerika tajribasidan kelib chiqsak, har bir universitetga bog‘liq shartlar bor. Hozirgi davr universitetlari – birinchi avlod universitetlari, ya’ni 1970-80-yillardagi OTMlardan farqli ravishda faqatgina internetdagi bor ma’lumotni olib, auditoriyaga yetkazish emas, balki o‘sha ma’lumotni tahlil qilib, yangi qo‘shilgan qiymat bilan mahsulotni yarata oladigan kadrni chiqarish kerak bozorga. Bu bilan birga chiqadigan kadrlar bozorda ish beruvchilarning ishonchini qozonadigan bo‘lsa, bu o‘sha davlatning YaIMga katta hissa qo‘shgan bo‘ladi. Demak, biz bor bo‘lgan vatandoshlarni chet elga emas, ularni O‘zbekistonning o‘zida saqlab, viloyatlarning turli xil burchaklarida ish bilan ta’minlashimiz, bu O‘zbekistonni iqtisodiy reytinglarda ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘sha oladigan omil hisoblanishi kerak.

Azamat Akbarov

Agar top 500 talikka kirgan universitetlarni olsak, ular ham qandaydir statistika uchun kirishmagan, ular aynan o‘sha davlatning iqtisodiy drayverlari hisoblangan mahsulotlarni yetkazib beroladigan 3.0, 4.0 universitetlar sanaladi. Demak, OTMning mingtalik, besh yuztalikka kirishi qog‘ozda bo‘ladigan jarayon emas. Hozir YaIM bo‘yicha nechanchidir o‘rinda turgan bo‘lsak, universitetlarni 500 talikka kiritsak, bu bilan biz iqtisodiy natijani yana oshirib, kuchli 50 talikka kirishimiz mumkin bo‘ladi.

Reytinglarga biroz nazar tashlasak, 2019 yilda qo‘yilgan vazifa mana 2023-yil keldiki, biror universitetimiz top mingtalikka kirmagan. Nima uchun top mingtalikka kirmagan? Buning o‘ziga yarasha omillari bor. Agar ilg‘or reytinglar shartlariga qaraydigan bo‘lsak, buning juda ko‘p mezonlari bor. Shularning asosiy 3tasini aytib o‘tsam, bular: akademik nufuz, ish beruvchilar orasidagi nufuz hamda maqolalarga berilgan iqtiboslar.

Akademik nufuz nimani anglatadi? Hozir ko‘p universitetlar haqiqatan ham Scopus jurnallarida maqola chiqarishga harakat qilishmoqda. Bu yaxshi, albatta. Lekin Scopus jurnalida chiqadigan maqola bor va o‘sha maqolaning boshqalar tomonidan e’tirof etilishi bor. Ikkinchisi eng muhim element hisoblanadi. Biz milliardlab to‘lab, jurnallarda ko‘r-ko‘rona maqola chiqaryapmiz, ammo o‘sha maqolaga hech kim qiziqmaydi. Bu – bizning eng katta muammoyimiz. Akademik nufuz deganda, chiqarilgan maqolaga dunyo bo‘yicha munosabat, ta’sir bo‘lishi kerak. Amerikada bir maqola chiqsa, uning ta’sirini O‘zbekiston, Xitoy yoki dunyoning boshqa davlatlaridan turib biz his qilamiz. Demak, agar biz faqatgina bor bo‘lgan KPI reytinglarini to‘ldirish uchun maqola chiqaradigan bo‘lsak, lekin uning dunyo miqyosida ta’siri bo‘lmaydigan bo‘lsa, universitetlar shu yerning o‘zida 40 foizni yo‘qotyapti. Ya’ni bizda nomigagina Scopus'da maqola bor, lekin uning ishlab chiqarish, dunyoni rivojlanishiga yoki boshqa iqtisodiy drayverlarga hissasi qo‘shilmaydi. Bu birinchisi.

Ikkinchisi, chiqarilgan maqolalarga havola berish. Bu muhim hisoblanadi. Afsuski, bizda maqolalarning ko‘pchiligi dolzarb bo‘lmagani, nafaqat dunyodagi, balki Scopus'dagi maqola qaysi shahardan chiqqan bo‘lsa, o‘sha hududdagi muammolarga yechim berolmagani uchun aktualligini yo‘qotgan. Bu maqolalar qog‘ozda bor, ammo xalqaro universitetlar reytingiga ta’siri yo‘q. Mana shunga akademik nufuz deyiladi. Chiqarilgan ilmiy maqola dunyoga qanchalik ta’sir o‘tkaza oladi.

Shuningdek, uchinchisi, ish beruvchilar orasidagi nufuzi hisoblanadi. Sir emas, hozirda globalizatsiya davrida insonlar dunyoning istalgan davlatiga borib ishlash imkoniyatiga ega. Yaqinda xorijda yashab, ishlaydigan vatandoshlar haqidagi filmni ham tomosha qildik. Bizning hamyurtlarimiz dunyoning nufuzli universitetlari, banklarida ishlashmoqda. Bu ularga ish bergan kompaniyalar vatandoshlarimiz tamomlagan OTMga minnatdorlik bildirishi mumkin degani. Bu juda ham yaxshi narsa. Lekin raqamlarda olib qarasak, bunday holatlar juda kam. Ba’zan o‘zimizdagi ma’lum bir universitet bitiruvchilari ham xususiy sektorda ishlay olmasliklari mumkin.  

Abduvali Xoliqov: Bir narsaga e’tibor qaratish kerak, bu ishlar qachon boshlandi? Azamat aka aytgan Scopus'da chiqadigan maqolani tayyorlaydigan odamning o‘zini tayyorlashga qancha vaqt ketadi? Bu juda ham murakkab jarayon. Oxirgi 2-3 yilda professor o‘qituvchilar tushunib yetyapti. Yil oxirida yovvoyi jurnallar yoki boshida Scopus'da bor, lekin keyinchalik yo‘qolib qoladigan maqolalar sarhisob qilinadi. Albatta, bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy muammo hisoblanadi. Hozirda bu muammo bartaraf etilyapti.

Sherzod Ne’matov: Xalqaro reytinglar birdaniga ko‘rsatkichlarni baholay olmaydi. Bundan oldin birinchi navbatda mintaqaviy reytinglar bo‘yicha baholari ko‘riladi. O‘zbekiston 2021 yildan beri QS xalqaro tashkiloti yuritayotgan mintaqaviy reytingda(oldin Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yildan butun Osiyoning reytinglarini chiqarib bermoqda. Shunda ham 760 ta universitet, 30 dan ortiq davlatlar, jumladan Singapur, Yaponiya, Koreya, Xitoy bor) ham o‘rin oldi. Shu universitetlar ichida O‘zbekistondagi 8 ta universitet Osiy universitetlar reytingidan joy egalladi. Eng yuqori ko‘rsatkichimiz Irrigatsiya universiteti ham 351-o‘rinni, Markaziy Osiyoda 14-o‘rinni qayd etdi. Bu yildan boshlab dunyo universitetlari reytingidan umid qilamiz.

Sherzod Ne’matov

Azamat Akbarov: Reyting masalasi biroz nozik masala hisoblanadi. Reyting masalasi stadion emas, ya’ni stadionni 10 yil davomida qurasiz, qurib bitkazganingizdan so‘ng, tomoshabinni olib kirib, keyin o‘yinni boshlaysiz. Reyting masalasi sizning bor bo‘lgan salohiyatingizni o‘rtaga chiqaradi. Ya’ni siz 18 ta universitetning mezonlarini belgilaganingiz chog‘i, bu mezonlarni kim belgilaydi? Albatta, inson resursi. Bizga salohiyatli inson resursi yetmayapti, buni ochiq tan olish kerak. Chunki universitetning reytingini belgilab beruvchi yagona omil bu inson resursi hisoblanadi. Biz 2030 yilgacha kutsak, salohiyati yetarli bo‘lmagan o‘qituvchi o‘zini tayyorlab boradimi yoki uning o‘rniga boshqasi keladimi?

Buni boshqa davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Hozirda Qozog‘iston milliy universiteti dunyoning kuchli 200 talik universitetlari qatoriga kirgan. Shu universitet 2010 yilgacha mingtalikda ham emas edi. Keyinroq shu universitetning rektori prezidentga OTMni top reytinglarda yuqoriga chiqarishni va’da qiladi. Shu bilan davlatdan katta mablag‘ olib, xorijdan olimlarni taklif etadi. Reytingni asosini belgilaydigan narsa bu – tabiiy fanlar va fakultetlar hisoblanadi. Qozoq milliy universitetini reytingga kiritgan omil ham matematika, fizika, kimyo, biologiya sanaladi. Chunki bu fanlarning laboratoriyalarida o‘tadigan tajribalarning o‘zi Scopus'ga chiqadigan maqola bo‘lib chiqadi. Lekin ijtimoiy fanlarda buni amalga oshirish juda ham qiyin. Masalan, tilshunoslik yoki boshqalar. Hatto tilshunoslikda Nobel mukofotini olganlar ham yo‘q. Bu sohalarga asoslangan universitetlar soni bizda ko‘p. Demak, bu universitetlar yo‘nalishini o‘zgartirishimiz kerak, ularni ham tabiiy yoki iqtisodiy fanlarga ixtisoslashtirish kerak.

Shuning uchun o‘ylaymanki, biz 2030 yilgacha qandaydir shartlarni qo‘yib kutishimiz shart emas. Chunki bor bo‘lgan salohiyatlarimiz reytinglarga kiradi. Biz hozir reytingning shartlarini belgilasak, uni to‘ldiradiganlar insonlardir. Demak, universitetlarning o‘zida salohiyatli insonlar yetmayapti.

– Albatta, har qanday tizimda boshqaruv tizimi ahamiyatli hisoblanadi. Avvalgi intervyularimizda ham OTMning boshqaruvi, rektorat, dekanat, kafedra haqida gaplashgan edik. Ularni tayinlashdan voz kechib, saylash tizimiga o‘tish kerakmasmi?

– Abduvali Xoliqov: Menimcha, savolda asosiy e’tibor rektorlarga qaratilyapti. Buning shaklini o‘zgartirish oson. Lekin qanday bo‘ladi, qay tartibda tashkil etiladi yoki saylangan rektorga qanday imkoniyatlar beriladi? Mana shunday savollar tug‘iladi. Bu jarayonda rektorning vakolatlari, kafolatlari qo‘yilishi kerak. Bugungi oliy ta’lim tizimida rahbarlarni belgilangan tartibda rektor lavozimiga qo‘yishda, albatta, oldingi mehnat faoliyati, qanday ishlagan, qanday natijalar bergan – mana shularga qarab rektorlik lavozimiga tayinlanadi. Bu jarayonlar 3-4 yil oldingiga nisbatan ancha yengillashgan. Masalan, oldin dekanlarni Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi suhbatdan o‘tkazib tayinlar edi. Hozir esa dekanlar OTM tomonidan tayinlanyapti. Prorektorlar esa hukumat darajasida lavozimga qo‘yilardi. Bu tartib esa bugungi kunga kelib tegishli vazirlik va idoralarga berilgan. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi OTM shu vazirlik tomonidan, ya’ni tashkilotlarning tasarrufiga qarab prorektorlar tayinlanyapti. Bugungi kunda oliy ta’limdagi mavjud holat va kelajakda rivojlantirishga qaratilgan ishlarga qaraydigan bo‘lsak, amaldagi hozirgi tartib to‘g‘ri. Saylovga o‘tkazishdan osoni yo‘q, bu – shakl. Lekin u nima beradi degan savol tug‘iladi-da. Endi mavjud holatdan kelib chiqib, buni ochiqchasiga aytish kerak. Mutaxassis sifatidagi shaxsiy fikrim —  rektorlarni saylashga tayyormasmiz.

Abduvali Xoliqov

Sherzod Ne’matov: Yaqin tarixda OTM rektorlarini saylash amaliyoti bo‘lgan. Ammo bu tajriba bitta yomon salbiy oqibatga olib kelgan. Tabiiyki, bunda 2-3 nafar nomzod haqida gap ketadi. Mana shunda jamoada guruhbozlik, nosog‘lom muhit paydo bo‘ladi. Jamoa o‘rtasida bo‘linishlar yuzaga keladi.

Azamat Akbarov: OTMdag boshqaruv kadrlarini saylash masalasi QS reytingiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq hisoblanadi. Biz agar QS’ning ilk mingtaligiga kirmoqchi bo‘lsak, biz shu universitetlarning bizga mos qadriyatlarining transformatsiyasini o‘tkazishimiz kerak. Ya’ni biz yillar davomida nima qilib kelgan bo‘lsak, uni yana davom ettirish yaxshi, ijobiy natija beradi deyish ham xato aslida. Buni ilg‘or universitetlar qanday hal qilgan? Keling, Harvardga qaraymiz. Harvardning 29-prezidenti, ya’ni rektorini 700 nafar nomzod orasidan tanlashgan. Ya’ni bu ochiq e’lon qilinadi. Va bu inson Harvarddan oldin MITga rektor bo‘lgan. Tasavvur qiling, biri bir darajadagi, ikkinchisi esa boshqa bir darajadagi universitetlar. Bizda ba’zan reytingning eng quyisida turgan universitet rektorlari eng yuqorida turgan OTMga rektor bo‘lib ketadi. Ya’ni uning bu yerda natijalari yo‘q aslida. Natijasiz bir ishni yana boshqa universitetga o‘tib, davomchisi bo‘lishi mumkin.

Hozirgi Harvardning rektori ish boshlashidan 1 yil oldin saylangan. Ya’ni bu bo‘lajak rektorga 1 yil davomida o‘sha universitetni kuzatib, muammolar, qaysi kadrlar bilan ishlash mumkin kabi jihatlarini o‘rganishga imkoniyat beradi. Bizda esa o‘sha kuni rektor lavozimiga tayinlanadi, boshqa joydan o‘zining jamoasini tortib kelishga harakat qiladi. Bu ham unga muammo yaratadi. Chunki qaysi kadr bilan ishlashni bilmay qolib, eski kadrlar bilan ketaveradi. Ya’ni bu ham muammo aslida. Turkiyaning rivojlangan bir OTM bor – Bog‘azichi universiteti. Shu OTMda magistratura yoki doktoranturani a’lo baholar bilan tamomlashingizdan qat’i nazar o‘sha universitetda kamida 3 yilgacha ishlashga hech kimning haqqi yo‘q. Oldin boshqa oliygohda ishlab, o‘sha yerdagi tajribani olib kelish kerak bo‘ladi. Bu muhim. Ba’zan yillar davomida o‘sha universitetni bitirib, o‘sha yerda ishlaydiganlar bo‘yicha misollar bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun o‘ylaymanki, rektorlarni saylashda akademik nufuz, maqolalarga havola berilgani inobatga olinishi kerak. 

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Shohruz Abdurayimov.

Mavzuga oid