O‘zbekiston | 19:21 / 15.05.2023
20238
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilar yeguligiga tabletka solib qo‘yilgani aniqlandi

Prokuratura bu ishni tadbirkorning raqobatchisi ataylab uyushtirgani haqida bayonot berdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Foto: ANTIKORRUPSIYA

Ijtimoiy tarmoqlarda Ellikqal’a tumanidagi ikkita maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga beriladigan bepul yeguliklardan noma’lum tabletka chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, tergovga qadar tekshiruvda Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi maktablarga yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan dori vositasi chiqqanligi aniqlagan. Mazkur yeguliklar ta’minotchi tadbirkorlar tomonidan yetkazib berilmagan. Holat bir guruh shaxslar tomonidan tadbirkorlarni obro‘sizlantirish uchun uyushtirilgan. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi va 192-moddasi (raqobatchini obro‘sizlantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga olib borilayotgan mahsulotlardan turli narsalar chiqishi avval ham kuzatilgandi. Xususan, aprel oyida Xo‘jayli tumanidagi 41-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchiga berilgan yegulikdan sochga taqiladigan to‘g‘nog‘ich va qum chiqqandi

Fevral oyida esa Kegeyli tumanida bolalarga chirib ketgan olma berildi. Holatni Oliy Majlis Senati o‘rgangan va sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olgan maktab direktorlari jarimaga tortilgandi.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston hamda Xorazmdagi umumta’lim muassasalarida boshlang‘ich sinflar o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi prezidentning tegishli farmoniga asosan 2023 yil aprel oyidan yo‘lga qo‘yilgan. 2023 yil sentabrdan boshlab bu tizim butun O‘zbekiston bo‘ylab barcha umumta’lim maktablaridajoriy etilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid