Putinga o‘xshatilgan Erdo‘g‘an, ruslardan farqli turk elektorati va muxolifat unutgan uchinchi omil
Erdo‘g‘anni Vladimir Putin bilan taqqoslashadi: har ikkisi o‘z davlatlaridagi murakkab davrda odamlarga barqarorlik va’da qilib hokimiyat tepasiga kelgan. Ikkoviyam an’anaviy qadriyatlarni yoqlab chiqqan.
Lekin qanday qilib Turkiyada Rossiyadan farqli o‘laroq, hamon raqobatli saylov imkonli bo‘lib qolmoqda va saylov komissiyasi amaldagi prezidentga 70–80 foizlik raqamlarni chizib bermayapti? Javob oddiy: gap mamlakat yetakchisida emas, saylovchilarda.
Erdo‘g‘anni ikkinchi tur kutmoqda
Shunga qaramasdan, birinchi tur natijalarini uning g‘alabasi deb hisoblash mumkin. Barcha ovozlar sanab chiqilganidan so‘ng Erdo‘g‘an 49,5 foiz ovoz to‘plagani ma’lum bo‘ldi. Uning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 44,89 foiz. Bu aslo muxolifat umid qilgan natija emasdi.
Sotsiologlar ham, Qilichdoro‘g‘lining o‘zi ham Erdo‘g‘anni birinchi turdayoq dog‘da qoldirishini ta’kidlashayotgan edi. Lekin bu sodir bo‘lmadi. Parlament saylovlarini-ku, asti qo‘yavering, Qilichdoro‘g‘li boshliq alyans bor-yo‘g‘i 35,1 foiz ovoz to‘pladi va bu 600 kishilik parlamentda 213 o‘rin degani. Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi yetakchilik qilayotgan blok esa 49,4 foiz ovoz to‘pladi — bu yaqin 5 yilda hukmron partiya o‘zini bemalol his qilishi uchun yetarli hisoblanadi.
So‘nggi oylarda ekspertlarning aksariyati saylovlarga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan ikkita omilga ko‘proq to‘xtalishdi.
Birinchisi — bu iqtisodiy tanazzul. Turkiya bilan bog‘liq holatda Erdo‘g‘anning iqtisodiy siyosatga izchil bo‘lmagan qarashlari va markaziy bankka ta’sir o‘tkazishlari ortidan qo‘ldan yaratildi.
Ikkinchisi — fevraldagi zilzilalar. Hattoki hukumatga yon bosuvchi nashrlar ham vayronkor zilzilalar saylovoldi kampaniyasini «ofatgacha» va «ofatdan so‘ng»ga ajratib yuborganini tan olishdi: o‘n minglab odamlar qurbon bo‘ldi, millionlab kishilar boshpanasidan ayrildi. Bu ko‘rguliklarning barchasi an’anaviy tarzda Erdo‘g‘anni qo‘llovchi viloyatlarda ro‘y berdi. Amaldagi prezident bu qadar qurbonlar ro‘y berganini quruvchilarning vijdonsizligiga ag‘dardi, muxolifat esa barchasiga Erdo‘g‘anning korrupsiyasi aybdor deb turdi.
Lekin birinchi tur yakunlariga qarab, hamma e’tiborsiz qoldirgan yana bir muhim omil o‘rtaga chiqqaniga guvoh bo‘lish mumkin. Aftidan, Erdo‘g‘an saylov iqtisodiyot uchun emas, milliy o‘zlik uchun bo‘lganiga saylovchilarni ishontira olgan. Muxolifat uchun bu juda yomon xabar.
Real ovozlar: Erdo‘g‘anni mamlakatning yarmi qo‘llaydi
Erdo‘g‘anni avtoritarizmda, jamiyatning barcha jabhalari ustidan nazorat, hokimiyat tizginini o‘z qo‘llariga jamlash, korrupsiya va tanish-bilishchilik hukmron bo‘lgan tizimni yaratishda (haqli ravishda) ayblashadi. Kimnidir eslatib yubormayaptimi?
Lekin Putin bilan uning farqli taraflari juda ko‘p.
Ochiq siyosiy kurash borasida zarracha tajribasi bo‘lmagan Vladimir Putindan farqli o‘laroq, Erdo‘g‘an — siyosatda juda katta yo‘l bosib o‘tgan odam. U hattoki o‘z qarashlari tufayli bir muddat qamoqxonada ham o‘tirgan, so‘ng asta-sekin o‘z oldiga qo‘ygan marra sari chiqib borgan. Bularning barchasiga xalqning haqqoniy qo‘llovi bilan erishgan.
Turkiya bu ma’noda Rossiyaga aslo o‘xshamaydi, garchi ko‘plab institutlar o‘z mustaqilligini yo‘qotgan bo‘lsa ham. Biroq, saylovchilar ularning asosiy quroli — siyosatga ta’sir o‘tkazish va o‘z ovozlarini berish hamon o‘z qo‘llarida ekanini bilishadi.
Propaganda nimaiki bilan shug‘ullanmasin, Rossiya foydalanayotgan usullarni Turkiyada ishlatish imkonsiz. Ommaviy ovoz soxtalashtirishlar faqat bir narsaga olib keladi — millionlab insonlar ko‘chaga chiqib ketadi, kuchishlatar tizimlar esa Erdo‘g‘an uchun xalqiga qarata o‘q uzishga tayyor emas.
Ha, qandaydir qonunbuzilishlar doimo mavjud. Saylovlarda kuzatuvchilar ayrim uchastkalarda Erdo‘g‘an uchun avvaldan muhr bosilgan byulletenlar paydo bo‘lganini qayd etishdi, lekin bu hodisa ommaviy ko‘rinishga ega bo‘lmaydi, Turkiyada saylovlarning halolligi darajasini kuzatib turish hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Erdo‘g‘an saylov komissiyasiga ta’sir o‘tkazishi ham mumkin, lekin kimdir raqamlarni chizishni xayoliga keltirish darajasida emas, albatta. Aynan shuning uchun har ikki nomzod va saylovchilar natijalarni boricha qabul qilishdi.
Natijalar esa bir narsaga oydinlik kiritdi: jamiyat bo‘lingan va siyosiy faol. Aynan shuning uchun saylov uchastkalarida uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Odamlar o‘zlari ovoz berish uchun kelishdi, qariya ota-onalarini ham olib kelishdi, Turkiya Erdo‘g‘an hokimiyati ostida qolishi yoki yangi yo‘nalish olishi uchun ovoz berishni soatlab kutishdi.
Endi nima bo‘ladi? Kim yutadi?
Saylovlarning ikkinchi turi 28 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Muxolifatda saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirish uchun vaqt kam. Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, buning faqat bitta yo‘li bor: barcha muammolarni chetga surib, faqat iqtisodiy mavzuni gapirib turish, har kuni odamlarga oziq-ovqat va transport narxlari naqadar oshib ketganini eslatib turish kerak.
Hattoki Rossiyaning Z-blogerlari ham tuni bilan uxlamasdan Erdo‘g‘anni — balkim Vladimir Putin bilan o‘zgacha munosabatlarga ega, biroq Ukrainani «Bayraktar» dronlari bilan ta’minlayotgan insonni qizg‘in qo‘llab turishdi. Yaqin o‘rtada hech kim rossiyaliklarning bu qadar qo‘llab-quvvatlashiga erishmagan, 2020 yildagi Donald Tramp hisobga olinmasa.
Bunday sinchkov e’tiborning hech bir hayron qolarli joyi yo‘q. Turkiya hozir Rossiyaning asosiy ittifoqchilaridan biri. Lekin Rossiya unutmasligi kerakki, Turkiya Ukraina va G‘arb davlatlari, arab va Afrika mamlakatlari bilan ham mustahkam aloqalarga ega. Demak, saylovga qiziqish hamma joyda yuqori.
Qilichdoro‘g‘lida hali g‘alaba qozonish imkoniyati borligi aytilayotgan ko‘plab prognozlarga qaramasdan, Erdo‘g‘an birinchi turni ishonchli yakunladi. Bu yerda unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan nomzod tanlangani (holbuki, muxolifatda mashhurroq figuralar bor edi), shuningdek, Qilichdoro‘g‘lining reytinglari doimo baland ko‘rsatilgan so‘rovnomalar noto‘g‘ri bo‘lib chiqqani rol o‘ynashi mumkin.
Turkiya bo‘yicha yetakchi ekspertlaridan biri, bolgariyalik Dimitar Bechev ushbu ovoz berish jarayonlari yakunlarini shunday ta’rifladi: «Erdo‘g‘an hukmronligi xalq qo‘llovini saqlab turibdi, shu sababli u yana bir marta sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishi ehtimoli katta». Bu qo‘llov yaqin kunlarda ikkinchi tur bilan sinaladi.
Mavzuga oid
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024
Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
17:29 / 18.11.2024
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
21:10 / 17.11.2024