O‘zbekiston | 15:24 / 19.05.2023
10991
6 daqiqa o‘qiladi

Mayda qurtdan betakror pillagacha - ipak qurti qanday boqiladi?

Ipak qurti qishloqlarda katta mashaqqat bilan boqiladi. Ipak qurtining qisqa hayoti esa juda qiziq va hayratlanarli. Kun.uz O‘zbekistondagi qishloqlarda bo‘lib, oilalar ipak qurtini qanday boqishidan to pilla yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatdi. Biz suhbatlashgan pillakorlar 40-45 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanadi va bu avloddan avlodga o‘tib keladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qisqagina 25 kunlik umri davomida 4 xil ko‘rinishga ega bo‘ladigan jonivor bor – avval tuxum, keyin qurt, g‘umbak va kapalak. Bu – umrida faqat tut bargi yeb, betakror ipak to‘qiydigan ipak qurti.

O‘zbekiston ipak qurti yetishtirish bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biridir. Mamlakatimiz bu borada Hindiston va Xitoydan keyingi uchinchi o‘rinda turadi.

Ipak qurti yetishtirish – juda mashaqqatli ish. Kun.uz ipak qurti boqadigan qishloqlarda, bir nechta xonadonlarda bo‘lib, pilla yetishtirish jarayoni va uning ortidagi mehnatkashlarning oddiy hayotini ko‘rsatishga qaror qildi. Birinchi manzilimiz – Buxoro.

“Biz borayotgan joy – Ziyorat qishlog‘i. Mahalliy aholining daromadi asosan pilladan. Yiliga 4 mavsum pilla boqiladi. Birinchi mavsumda aprel oyida xonadonlarga qurt tarqatiladi, may oyida yetishtiriladi. Ikkinchi mavsum avgust va sentabrga to‘g‘ri keladi”, – deydi Shuhrat Qoryog‘diyev.

Uylarga ipak qurti qutilarda tarqatiladi. Har bir qurtga e’tibor berib boqish kerak. Xonadonlar o‘z uylarida qurtning ovqati – tut daraxtlarni yetishtiradi. Ipak qurti faqatgina tut bargi bilan oziqlanadi.

“Ertalab soat 6larda [tut chopishni] boshlaymiz. Kechqurun yana beramiz, kuniga 3-4 xo‘rak beramiz. Bargni maydalab beramiz. Bu – ularning yemishi. Ertalab soat 7da barg tashlaymiz, 12-13larda yana tashlaymiz, namozshom soat 19larda, 23larda yana tashlaymiz”, – deydi Saidqul Shonazarov.

Saidqul Shonazarov va O‘g‘iloy Pirimova

Pilla boqadigan odamlar, ayniqsa, ayollarning qo‘llari qadoq bo‘lib ketadi. Ular kuni bilan barg terish, chopish va navbatdagi oziqlantirishga zaxira barglarni tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ladi.

“45 yildan beri boqaman desam ham bo‘ladi. Onamnikida ham boqib kelganman. Kelsam, qaynonam ham boqarkanlar. Shundan keyin davom etib ketdi. Qiyinchiliklarni ko‘rdingiz, biroz sovuq bo‘ldi. Yoshligida pechka yoqish kerak, ko‘proq e’tibor berish kerak. E’tibor bermasangiz, katta-kichik bo‘ladi, yarmisi qurib qoladi. Yilda bitta qutidan 120-130 kilogramm pilla beraman. Issiqligiga, barg berishga e’tibor berish kerak”, – deydi O‘g‘iloy Pirimova. 

Pilla boqish – oilaviy mashg‘ulot. Xonadonlarda pilla uchun alohida xonalar ajratiladi. Xona harorati qurt kichikligida 26-27 gradus bo‘lishi kerak, kattalashib borishi bilan harorat ham tushirib borilaveradi. Havo sovib ketsa, uylarda pechka yoqishga to‘g‘ri keladi. Xona havosini shamollatib, tozalab turish kerak.

Qishloqlarga pilla boqishda tajribasi bo‘lgan bitta agronom biriktiriladi. U oilalarga maslahat berib turadi.

Ipak qurtining qurtlik davri 5 yoshdan iborat. Mahalliy tilda qurtning yoshi xo‘rak deyiladi, qurtlar katta bo‘lib borishi bilan tut bargi miqdori ham oshirib borilaveradi.

“Pillani birinchi chopqilab beramiz, keyin sal kattaroq qilib chopib beramiz. Uchinchisi paxta barg qilib beramiz. 20 xo‘rakda qaychida qirqib beramiz. 40 xo‘rakda tut shoxlari katta-katta qilib beriladi”, - deydi Muqaddas Xidirova.

Ipak qurtining qurtlik davri 25-27 kun davom etadi. Shu davrda qurt 4 marta po‘st tashlab, 5 yoshni o‘taydi va pilla o‘rashga kirishadi. Ipak qurti kattargani sari og‘zida ipak tolasiga aylanadigan yopishqoq modda hosil qilib, undan pillaga aylanadi.

Pilla o‘rashga kirishish vaqtida quruq xashak tashlanadi. Buxorodagi mahalliy aholi bu o‘simlikni sigeron deb ataydi, Farg‘onadagi ayrim qishloqlarda esa dasta deyiladi.

Pilla o‘rash 3 kun davom etadi. Qurt pilla ichida g‘umbakka aylanadi. Rivojlanish davom etib, g‘umbak kapalakka aylanadi. Kapalak og‘zidan maxsus suyuqlik chiqarib, pillaning bir uchini ho‘llaydi. Kapalak pillaning yelim moddasi erigan o‘sha joyni oyoqlari bilan so‘rib teshik ochadi va tashqariga chiqadi. Kapalak havo haroratiga qarab, 5–10 kun yashaydi.

Tayyor pilla qo‘lda bittalab xashakdan ajratib olinadi. Bu jarayonni kuzatish uchun Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi qishloqlardan birida bo‘ldik.

Bahorning birinchi daromadi desa ham bo‘laveradi. Bizning qishloq sharoitda buni o‘tini uchun boqamiz. Bu yil pillalar yaxshi, katta-katta. Xudo xohlasa, 500 kgga borib qoladi. Kilosiga 30 ming so‘m beradi. 15 million bo‘ladi daromad. 1 oyda mehnati tugaydi”, - deydi yozyovonlik pillakor Hamidullo Turg‘unov. 

Yana bir pillakor Sanobarxon Aliqulova yiliga 200-300 kilogramm pilla yetishtirishini aytadi.

“Yoshligimizda 500 kg ham berganmiz”, - deydi u.

Bu ish juda mashaqqatli, shunga qaramay, unga to‘lanadigan haq juda oz. Bir kilogramm pillaga 32500 so‘m pul to‘lanadi. Taroziga tortilganda bir uyum pilla arang bir kilogramm keladi. Agar bir quti qurt urug‘idan 60 kg pilla olinsa, bu 2 mln so‘mga yaqin daromad degani. Ammo bu natijaga erishish uchun butun oila bir oy qattiq mehnat qiladi, tut bargi doimiy yetarli bo‘lishi kerak, bundan tashqari, uyning alohida bir xonasi pilla boqish uchun ajratiladi. 

Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi – Sarvar Ziyayev
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov
Matnni Maqsuda Abduqayumova o‘qidi.

Mavzuga oid