O‘zbekiston | 21:20 / 20.05.2023
15758
4 daqiqa o‘qiladi

Talangan maktablar: 467 ta holatda ularga tegishli hududlar noqonuniy olib qo‘yilgan

Kun.uz sotilib ketgan maktab yerlarini qaytarish bo‘yicha topshiriq ijrosi bilan qiziqdi. Maktab vazirligi bu boradagi o‘rganishlar natijalarini ma’lum qildi: maktablarga tegishli 100 gektarga yaqin yer noqonuniy olib qo‘yilgan, 246 ta holatda yerlarni qaytarish bo‘yicha sudlarga arizalar kiritilgan.

Quva tumanidagi tadbirkorga sotib yuborilgan maktab stadioni Foto: Kun.uz

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tgan yili 1 noyabrda o‘tkazgan selektorda maktablarning sotilib ketgan mulklari haqida gapirgan edi.

Umrzoqov 198 ta holatda maktablarning yerlari yo binolari yoki hokimlar tomonidan olib qo‘yilgan, yoki o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini aytgandi. Administratsiya rahbari o‘shanda prokuraturaga yerlarni qaytarish bo‘yicha sudga arizalar kiritish vazifasini topshirgandi.

“Ayniqsa Andijon viloyatida 25, Samarqandda 7,6, Qashqadaryoda 7 gektardan ortiq maydon xalq ta’limi vaziri bilan kelishilmasdan, hokimliklar qarori bilan o‘zgalar tasarrufiga o‘tib ketgan. Markazlarda, ko‘pchilikka qulay joyda joylashgan yer maydonlari qanday qilib berilganini bilish uchun katta aql shart emas”, – degandi Sardor Umrzoqov.

Oradan yarim yil o‘tib, Kun.uz bu topshiriq ijrosi qanaqa bo‘lgani yuzasidan Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan hozircha so‘rovimiz javob bo‘lmadi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra esa, topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Kadastr agentligi va o‘sha vaqtdagi Xalq ta’limi vazirligining mas’ullari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilgan.

Xatlov natijalariga ko‘ra, 2018-2021 yillar davomida 467 ta holatda umumta’lim muassasalariga tegishli hududlar noqonuniy ravishda olib qo‘yilgani aniqlangan. Shundan 423 ta holatda 78,1 gektar yer maydoni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan egallangan, 44 ta holatda 14,8 gektar yer maydoni hokimlik zaxirasiga olingan.

Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘yicha 277 ta umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida 93,6 gektar yer maydoni fuqarolar tomonidan egallab olingan yoki  mahalliy hokimlik qarorlari asosida olib qo‘yilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, mulklarni maktablar balansiga qaytarish bo‘yicha 246 ta holat yuzasidan fuqarolik va ma’muriy sudlarga davo arizalari kiritilgan va bugungi kunda sud jarayonlari davom etmoqda.

27 ta obekt maktablar balansiga to‘liq qaytarilgan. Davlat tashkilotlari joylashgan 67 ta (27 ta MFY binolari va 40 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari) obektlardan nol qiymatli ijara shartlari asosida foydalanish uchun ishlar boshlangan.

12 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda, 3 ta holatda noqonuniy ishni aniqlash uchun tergov jarayoni ketmoqda.

Yer maydonlarini hokimlik zaxirasiga berish uchun rozilik bergan 12 ta maktab direktori va 14 ta tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga o‘rnatilgan tartibda intizomiy jazo chora qo‘llangan.

Hozirgi kunda 110 ta holatni bartaraf etish bo‘yicha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan sudlarga da’vo arizasi kiritish ishlari olib borilmoqda.

“Aniqlangan noqonuniy holatlarda mulklarni maktablar balansiga qaytarish ishlari davom ettirilmoqda”, – deyiladi Kun.uzʼga berilgan ma’lumotda.

Ma’lumot uchun, 2018 yil sentabrdagi prezident qaroriga asosan, umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini xalq ta’limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, sobiq xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov respublika miqyosida jami 6,4 mln o‘quvchi bo‘lsa-da, maktablarda faqat 5,2 mln o‘quvchi uchun joy borligini, yana har yili o‘rtacha 200 ming o‘rin yaratish zarurligini aytgandi.

Mavzuga oid