Sport | 21:16 / 23.05.2023
33662
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyoning tengsiz jamoasi Okeaniya chempioniga qarshi. Yoshlarimiz 10 yil avvalgi natijani takrorlay oladimi? 

Bugun, 23 may kuni O‘zbekiston yoshlar jamoasi Argentinadagi U20 jahon chempionatining 2-turiga start beruvchi uchrashuvida turnirni g‘alaba bilan boshlagan Yangi Zelandiyaga qarshi maydonga tushadi. 

Foto: Getty Images

JCh-2023ga kim qanday yetib keldi? 

O‘zbekiston U20 jamoasi mart oyida mamlakatimizda o‘tgan Osiyo kubogi-U20 turniri chorakfinalida Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga (1:1, 5:4) uchratib, JCh-2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yarimfinalda Janubiy Koreya ham penaltilar seriyasida (3:1) to‘xtatilgan bo‘lsa, finalda Umarali Rahmonaliyevning Iroq darvozasiga penaltidan yo‘llagan goli Ravshan Haydarov jamoasiga Osiyo chempionligini keltirdi. 

Yangi Zelandiya yoshlar jamoasi esa 2022 yilda o‘tgan Okeaniya chempionati finalida Fiji yoshlarini 3:0 hisobida mag‘lub etib, qit’a chempioni sifatida JCh-2023ga tashrif buyurdi. 

O‘yin oldidan 

Ravshan Haydarov shogirdlari kichik mundialning 1-turida mezbon Argentinaga alamli tarzda mag‘lubiyatga (1:2) uchragach, bu bahsda ularni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Ochko yo‘qotilgan taqdirda esa guruhdan chiqish imkoniyatlari pasayib ketishi mumkin. 

Darren Bazeley murabbiyligidagi Yangi Zelandiya esa 1-turda Norman Garbetning 80-daqiqadagi yagona goli evaziga Gvatemalani mag‘lub etib, turnirni g‘alaba bilan boshladi. Bu o‘yindagi g‘alaba esa okeaniyaliklarga pley-off yo‘llanmasini taqdim etadi. 

O‘zaro o‘yinlar 

O‘zbekiston U20 jamoasi jahon chempionatida Yangi Zelandiyaga qarshi ilk va so‘nggi marta bundan 10 yil avval – Turkiyadagi mundialga o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. Ahmadjon Musayev murabbiyligidagi jamoa JCh-2013 dastlabki turida Yangi Zelandiya ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchgan. Abbosbek Maxstaliyev, Igor Sergeyev va Diyorjon Turopovning gollari vakillarimizga guruh bosqichidagi yagona g‘alabani keltirgan.

Tarkiblar bahosi 

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar jamoasi umumiy tarkibi bahosiga ko‘ra, Yangi Zelandiya U20 jamoasidan pastroq o‘rinda. JCh-2023ning 24 jamoasi orasida Yangi Zelandiya umumiy 2,5 million yevro narx bilan 18-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston 2,15 million yevro narx bilan 20-o‘rindan joy olgan. 

Eng qimmatbaho o‘yinchilari borasida esa O‘zbekiston tarkibidagi futbolchilar narxi balandroq. 

O‘zbekiston U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Umarali Rahmonaliyev – 350 ming yevro

2. Abbosbek Fayzullayev – 300 ming yevro

3. Abduqodir Husanov – 300 ming yevro 

Yangi Zelandiya U20 jamoasining eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Finn Surman – 200 ming yevro

2. Lukas Kelli-Xild – 200 ming yevro

3. Kian Donkers – 200 ming yevro. 

Yangi Zelandiya murabbiyi O‘zbekiston haqida qanday fikrda? 

Yangi Zelandiya U20 jamoasi bosh murabbiyi Darren Bazeley o‘yin oldidan fikrlarini bildirib o‘tdi. 

«Osiyo chempionlari kuchli raqib sanaladi. Ular turnirdagi ishtirokini davom ettirish uchun g‘alaba haqida o‘ylaydi. Raqib bizga to‘p nazoratini bermaslikka harakat qiladi. Bo‘lajak o‘yinda g‘alaba qozonish va turnirdagi ishtirokimizni yaxshi kayfiyatda davom ettirishga intilamiz. Jamoam o‘yinga tayyor», - deydi okeaniyaliklar murabbiyi. 

Anons. JCh-2023 U20. 2-tur

23 may (seshanba)
O‘zbekiston U20 – Yangi Zelandiya U20
Santyago del Estero, «Estadio Único Madre de Ciudades» stadioni.
O‘yin boshlanish vaqti: 23:00
TV-translatsiya: UzReport TV. 

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid