Jahon | 15:17 / 26.05.2023
16557
7 daqiqa o‘qiladi

75 yil avvalgi ayanchli tarix: irqiy kamsitishlarga to‘la aparteid siyosati

Tarixda oq tanlilarning qora tanlilarga o‘tkazgan zug‘umlari haqida ko‘p o‘qiganmiz. Bu mavzu ochilganda odatda xayolimizdan qullar savdosi, quldorlik tizimi o‘tadi. Biroq bu kabi ishlar faqat 200-300 yil oldingi davrlarga xos emas. Jumladan, bundan 75 yil avval boshlangan aparteid siyosati yangi tarixning eng kir sahifalardan biri hisoblanadi. 

Irqiy kamsitishni qonuniylashtirish

Ne tongki, Buyuk Britaniya koloniyalari bo‘ylab ozodlik shabadalari esa boshlagan, dunyo fashizmdan qutulgan bir vaqtda Janubiy Afrika Ittifoqida o‘ta o‘ng millatchi va irqchilar partiyasi («Milliy partiya») 1948 yilgi saylovlarda g‘alaba qozondi. 

Janubiy Afrika yevropalik kolonizatorlarning eng katta manzillaridan sanalar, bu yerda millionlab oq tanlilar diasporasi shakllangandi. Milliy partiya ajratuvchilik siyosatida ularning qo‘lloviga tayandi. 

Milliy partiya mamlakatda irqiy bo‘linishlar asosidagi o‘ta qattiq qonunlarni joriy qildi. Bu qonunlar asosida «davlat – oq tanlilar uchun» shiori yotardi. Vaholanki, oq tanlilarning aholi ulushidagi soni 20 foizga ham yetmasdi. 

Aparteid (aparteid – afrikans tilidan olingan bo‘lib, bo‘lish, ajratish, alohidalash degani) e’lon qilingach, kurakda turmaydigan qonunlar asosida qora tanlilar ijtimoiy hayotda oqlardan ajratib tashlandi. Qora tanlilar hattoki fuqaro sifatida ham ko‘rilmay, bantustanlar deb ataluvchi, tashlandiq hududlarga siqib chiqarildi, hosildor va rivojlangan joylar «oq hududlar» deya atala boshlandi. 

Aparteid siyosati qator cheklovlarni joriy etdi. Jumladan: 

– Qora tanlilar va oqlar o‘rtasidagi jinsiy va nikoh munosabatlari butunlay taqiqlandi;

– qoralarning oqlarning hududlarida maxsus ruxsat bilan kirish joriy etildi;

– avtobus va boshqa transportlar ham ajratildi. Hatto oq tanlilar uchun alohida skameykalar joriy etildi. Alohida kinoteatr, piyodalar yo‘lakchasi va hojatxonalar ishga tushirildi. 

Irqiy ajratish oliy ta’limga ham kirib bordi. Oqlar, qoralar, osiyoliklar va «ranglilar» (metislar) uchun alohida oliygohlar ochildi. 

Qora tanli politsiyachilar oqlarni qo‘lga ololmasdilar. Irqiy kamsitishga uchragan aholi yashaydigan hududlarda infrastruktura shunchaki halokatli ediki ko‘p joylarda suv, elektr kabi oddiy ehtiyojlar yo‘q edi, tibbiy xizmati xarob, shifokorlar yetishmasdi. Oq tanlilarda esa bu narsalar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi.

Foto: Elliott Ervitt

Aparteidga qarshi siyosiy harakatlar

Oxir-oqibatda irqchi siyosatning dushmanlar ko‘paya boshladi. Mahalliy afrikaliklar Afrika milliy kongressini tuzdilar va norozilik chiqishlarini boshladilar. 

Dastlab ular tinch namoyish, ish tashlashlar va turli tadbirlar o‘tkazdilar. Aparteid sabab 27 yil qamoqlar o‘tirgan, JARning bo‘lg‘usi prezidenti Nelson Mandela ham shu davrda o‘z siyosiy faoliyatini kuchaytira boshladi.

1960 yil Sharpevil aholi punkti yaqinida fojia yuz berdi: politsiya namoyishga chiqqan qurolsiz 69 kishini otib o‘ldirdi. Bu aparteidga qarshi kurashuvchilar sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Bir yil o‘tib Janubiy Afrika Ittifoqi Britaniya hamdo‘stligidan chiqib ketdi.

 

1976 yilda Soueto shahrida navbatdagi noxush hodisa yuz berdi. Yigirma mingga yaqin talabalar ta’limda Yevropadan borganlar tomonidan ishlab chiqilgan, asosan oq tanli aholi gaplashadigan afrikans tilining majburiy kiritilishiga qarshi namoyishga chiqdilar. 

Hukumat qarori bilan shaharda politsiya va armiya kiritildi va to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Ba’zi adabiyotlarda qurbonlar soni 700 nafargacha yetgani aytiladi. Mazkur voqea JARning irqchi hukumatining shundoq ham tushib ketgan obro‘sini yakson qildi. 

Talabalar qo‘zg‘algan 16 iyun sanasi esa mamlakatda «Yoshlar bayrami» sifatida nishonlanadigan bo‘lib qoldi.

Xalqaro hamjamiyat reaksiyasi

Hukmron Milliy partiya siyosati millatchilik va irqchilikka asoslanar, ular vaqtida Gitler Germaniyasining muxlisi edilar. 

Gitler mag‘lub bo‘lgach, aparteid erasida hukumat AQSh bilan yaqinlashishga urina boshladi. Milliy partiya antikommunistik xarakterga ega bo‘lgani uchun Sovet Ittifoqi ularga katta dushman edi. Sovetlar BMT va boshqa tuzilmalarda JARdagi irqiy ayirmachilikning faol tanqidchisiga aylandi. 

Ichki xunrezliklar ro‘y bergach, JARning Yevropa va AQSh bilan munosabatlari yomonlashib bordi va davlat deyarli izolyatsiyaga tushib qoldi. 

1976 yil BMT aparteid siyosatiga qarshi konvensiyani qabul qildi. Rim statuti esa JAR rahbariyatini insoniyatga qarshi 11 jinoyatda aybdor deb topdi.

Aparteidning qulashi

Qonli to‘qnashuvlar, tuturiqsiz irqiy ajratishlar qachondir oxiriga yetishi aniq edi: dunyo tarixdan xulosa chiqargan holda demokratiya sari qadam bosib borardi. 

Natijada JARning so‘nggi oq tanli rahbari Frederik de Klerk Afrika milliy kongressini taqiqdan chiqardi va inson huquqlari kurashchisi Nelson Mandelani qamoqdan ozod qildi. Bu paytga kelib, aparteid siyosati uzil-kesil chirib bo‘lgandi. 

1994 yil Nelson Mandela prezidentlikka saylanadi, irqiy kamsitish siyosati barham topadi.

Ammo...

Oqlar erasi tugagach, qora tanlilarning ichida ularni jazolash, hatto o‘ldirish tarafdorlari ko‘payib bordi. 1993 yilda Panafrika kongressida yetakchi Klarens Makvetu oq tanli ayol va uning ikki bolasini o‘ldirganini ochiq aytadi. «Bitta o‘q – bitta fermer. Biz oqlarning hammasini o‘ldiramiz – bolasidan qariyasigacha. Bu terror yili bo‘ladi!» deya qichqiradi u namoyishlardan birida. Shu yili cherkovdagi ibodat vaqtida 12 oq tanli o‘ldiriladi. 

Natijada, 1994 yil demokratik saylovlar o‘tkazilib, Afrika kongressi g‘alaba qozonadi. 

Afsuski, aparteiddan so‘ng JARdagi ijtimoiy vaziyat shunchaki gullab-yashnab ketgani yo‘q. Hatto 1995 yilda jinoyatchilik misli ko‘rilmagan darajada ko‘payib ketadi. Og‘ir vaziyat sabab bir millionga yaqin oq tanli Yevropa va AQShga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Bu tarixda «oqlarning qochishi» jarayoni nomini oladi. 

Og‘riqli tarixiy jarayonlar ildizi haliyam qurib ketgani yo‘q: JARda hanuz irqiy to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Endi vaziyat o‘zgargan: ko‘pincha oq tanlilar qoralarning nishoniga aylanib bormoqda...

Abror Zohidov

Mavzuga oid