Ta’lim xarajatlari soliqqa tortilmaydi. Imtiyozdan qanday foydalanish mumkin?
Bog‘cha, maktab, kollej, litsey va oliygoh kabi ta’lim maskanlarida o‘qish uchun sarflangan mablag‘lar daromad solig‘idan ozod qilingan. Imtiyozdan foydalanish va uni olish uchun ma’lum talablar bor. Kun.uz videosharhida bu imtiyozdan kimlar foydalana olinishi va to‘langan daromad solig‘ini qanday qaytarib olishni tushuntiradi.
Qonunchilikka muvofiq, ota-onalar oliy o‘quv yurtlari yoki nodavlat maktab va bog‘chalarda o‘qiydigan farzandlariga ta’lim to‘lovlarini o‘z oylik ish haqlaridan to‘lab bersalar, 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishlari mumkin. Bu o‘zi ishlab o‘z kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi. (Qarindoshlar tomonidan to‘langan kontrakt summalariga nisbatan bunday imtiyoz amal qilmaydi).
Bunda muhim shartlar bor. Rasmiy ish bilan band bo‘lishingiz va daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lishingiz talab etiladi. Davlat ishida ishlaysizmi yoki xususiy sektordami, ahamiyati yo‘q.
Shu paytgacha ota-onalar 26 yoshga to‘lmagan farzandlari uchun to‘lov qilgan bo‘lishlari kerak edi, turmush o‘rtog‘ining kontraktini to‘laganlarga ham shunday yosh chegarasi bor edi. Lekin bu chegara 2023 yil 1 avgustdan olib tashlanyapti. Talabalar o‘zlarining kontraktlarini to‘laganlarida bunday talab yo‘q. Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov bu borada bizga ma’lumot berdi.
“Birinchi o‘rinda kimlarga daromad solig‘i qaytarib beriladi? O‘zi daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lganlarning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan kontrakt to‘lovlariga yo‘naltirilgan summalariga imtiyoz qo‘llanadi. Buning uchun bizga ma’lumki, jismoniy shaxs yoki talabaning o‘zi mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromad manbalariga ega bo‘lsa, soliq agenti sifatida daromad solig‘i ushlab qolinadi. Agar ota-onalar bilmasdan daromad solig‘i imtiyozidan foydalanmagan bo‘lsa, yil yakunlari bo‘yicha soliq organlariga deklaratsiya to‘ldirish orqali shu summalarni qaytarib olishi mumkin.
Agarda ota-ona yoki talabaning o‘zi biror joyda rasmiy ish bilan band bo‘lsa, bu o‘sha oylik ish haqi olinayotgan vaqtning o‘zida imtiyozdan foydalanish mumkin. Buning uchun ishxonasining buxgalteriya bo‘limiga murojaat qilish kerak. Deylik, sizning kontrakt summangiz miqdori 10 mln so‘m, kontrakt to‘lovlarini to‘lash yil boshida boshlanadi. Sentyabrda kontraktning 50 foizini to‘lash kerak. Bu degani 5 mln so‘m to‘lov amalga oshirib berishingiz kerak. Ota-ona yoki talabaning o‘zining ish haqi 5 mln so‘mga yetmasligi mumkin. Deylik, 3 mln so‘m oliy ta’lim muassasasiga yo‘naltirildi, shundan 12 foiz daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llanadi. Buning uchun buxgalteriya tomonidan soliq organiga imtiyozdan foydalanganingiz haqida ma’lumot yuboriladi.
Agar bu imtiyozdan foydalanmagan bo‘lsangiz, yil yakunlari bo‘yicha soliq organlariga deklaratsiya taqdim etish orqali soliqni qaytarib olish mumkin. Shu narsani aytib o‘tish kerak, ota-onalar yoki talabaning o‘zi kontrakt to‘layotgan vaqtning o‘zida daromad solig‘ini qaytarib olsa, bu summa yonida qoladi, keyingi yilgacha kutib o‘tirmaydi”, – deydi Shuhrat Ismoilov.
Aytish kerakki, bu tartib Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tartibi belgilab berilgan oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar uchun amal qiladi. Agar biror xorij universitetining O‘zbekistondagi filiali bo‘yicha tartib Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilangan bo‘lsa, ularga ham qaytariladi.
Daromad solig‘i qanday qaytarib olinadi?
Agar kontrakt to‘layotganda bu imtiyozdan foydalanmagan bo‘lsangiz, yil yakunlari bo‘yicha soliq organlariga deklaratsiya topshirib, soliqni qaytarib olish mumkin. Buning uchun my3.soliq.uz portaliga kirib, “barcha xizmatlar” bo‘limini tanlaysiz. Bo‘limdagi jismoniy shaxslar yozuvi ustiga bosasiz. Deklaratsiya to‘ldirish uchun elektron raqamli imzongiz bo‘lishi kerak. ERI orqali kirganingizda hisobot turi, davr qatorlari to‘ldiriladi.
Keyingi bosqichda ish haqi va ish joyingiz hamda to‘langan daromad solig‘i summasi haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi. Keyin soliq imtiyozlari bo‘limida “soliq solinmaydigan daromadlar” qatori va imtiyoz turi tanlanadi. Shundan so‘ng jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami va universitet identifikatsiya raqami kiritiladi. To‘lov-shartnoma raqami va to‘langan kontrakt summasi tegishli qatorlarga kiritilgach, kontrakt shartnomasi va kvitansiya ilova qilinadi. Deklaratsiyani qo‘llash tugmasi bosilganda, sizga qaytariladigan daromad solig‘i summasi avtomatik shakllanadi.
My.soliq.uz portali orqali daromad solig‘ini qaytarib olish uchun ariza yuborish kerak bo‘ladi. Jismoniy shaxslarning ortiqcha undirilgan soliqlarini qaytarish bo‘limi orqali so‘ralgan qatorlarga ma’lumotlar va bank plastik kartangiz raqamini kiritishingiz kerak.
Ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa va soliqlardan qarzdorliklar bo‘lmasa, belgilangan daromad solig‘i 15 kun ichida qaytariladi.
Kvitansiya yo‘qolgan bo‘lsa-chi?
Agar talaba kvitansiyani saqlolmagan yoki yo‘qotgan holat bo‘lsa, o‘sha ta’lim muassasasining hisob raqami ochilgan bank filiali orqali ma’lumotlarni olish huquqiga ega. Universitetlar ham talaba tomonidan kontrakt to‘langani haqida asoslantiruvchi hujjat taqdim etsa ham qaytarib beriladi.
YaTTlar va fermer xo‘jaligi rahbarlariga ham imtiyoz amal qiladimi?
“Ota-onam yakka tartibdagi tadbirkor yoki firmada ishlaydi”, degan masala bo‘lishi mumkin. Agar YaTT bo‘lsa, qaytarib berilmaydi, chunki u qat’i belgilangan soliq to‘lovchisi hisoblanadi. Xususiy firmada ishlaydigan bo‘lsa, unga eng kam oylik ish haqi – 930 ming miqdorida ish haqi hisoblangan bo‘lishi kerak.
Agarda otasi yoki onasi fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib, o‘zi uchun har oy ish haqi hisoblanib, daromad solig‘i to‘layotgan bo‘lsa, ungayam qaytarib beriladi.
Daromad solig‘ini qancha vaqt oralig‘ida qaytarib olish mumkin?
Daromad solig‘ini 5 yilgacha qaytarib olish mumkin. Deylik, siz 2023 yilda o‘qishni bitirsangiz, to‘langan soliqlar 2019 yildan boshlab qaytarib beriladi. Undan oldingi davrlar uchun imtiyoz amal qilmaydi. Har bir yil uchun alohida deklaratsiya to‘ldirish lozim.
Superkontraktga-chi?
Superkontraktning summasi oddiy kontraktdan yuqori bo‘ladi. Deylik, siz 60 mln so‘m superkontrakt to‘ladingiz, bunda ham daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llanadi. Bunda 7 mln so‘mdan ziyodroq daromad solig‘ini qaytarib olishingiz mumkin. Lekin sizda o‘tgan yil davomida davlatga to‘lab qo‘ygan daromad solig‘ingiz ham 7 mln bo‘lishi kerak. Ammo siz 5 mln so‘m daromad solig‘i to‘lab qo‘ygan bo‘lsangiz, shu 5 mln so‘mning 12 foizi qaytariladi. Superkontrakt miqdori yuqori bo‘lsa-yu, davlatga to‘lagan solig‘ingiz kam bo‘lsa, hisoblangan 7 mln so‘m emas, balki to‘lagan daromad solig‘ingiz qaytariladi.
Nodavlat bog‘cha va maktablar uchun tartib qanday?
2022 yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga ota-onalar tomonidan farzandi uchun oyiga 3 mln so‘mgacha yo‘naltirilgan summalar ham jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilingan.
Bu imtiyozdan ham biryo‘la ish haqi orqali to‘lovlarni amalga oshirayotganda foydalanib qolish mumkin, agar foydalanmasa, deklaratsiya to‘ldirib, qaytarib olishi mumkin. Bunda ham xususiy nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi bilan shartnoma va yo‘naltirilgan summa haqida asoslovchi ma’lumotlar bo‘lsa, qaytarib olish mumkin.
Raqamlar
2023 yil yanvar-may oylarida 188 ming nafar jismoniy shaxsga 263 mlrd so‘m daromad solig‘i qaytarib berilgan.
Shundan, kontrakt asosida 157 ming fuqaro 196 mlrd so‘m imtiyozdan foydalangan bo‘lsa, nodavlat maktab yoki maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘lovlar uchun 10 500 dan ortiq fuqaro 17 mlrd so‘mlik imtiyozdan foydalandi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Videoboshlovchi – Ibrohim Samadov.
Operator va montajchi – Asror Almurodov.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
16:00 / 11.11.2024