O‘zbekiston | 20:50 / 27.05.2023
30723
4 daqiqa o‘qiladi

Xivaga sayohat - faqat xon, uning oilasi va xizmatkorlari yashagan caroy haramlari haqida

Xiva tarixiy obidalari, qadimiy Ichan qal’asida hamon odamlar yashayotgan dunyodagi kamdan kam eski shaharlardan biri. Ushbu manzilda Xiva xonlarining bir necha saroylari ham bugungacha saqlanib qolgan. Shu jumladan, saroy haramlari ham. Kun.uz shunday haramlarning 4 tasi haqida ma’lumot beradi.

Toshhovli saroyi harami

O‘z davrida faqat xon va maxsus saroy xizmatchilari kira olgan, qolganlar uchun kirish mutlaqo taqiqlangan haramlar bugun madaniy meros obektlariga aylanib, sayyoh va mehmonlar uchun ochiq. Ularning hovlisiga kirgan har bir mehmon u yerdagi sirli hayot haqida o‘zicha tasavvur qiladi. Xivadagi eng hashamatli haram – bu Toshhovli saroyi haramidir. 1830-1838 yillarda Xiva xoni Olloqulixon tomonidan qurdirilgan labirint saroyi hovlilaridan biri xon, uning ahli ayoli va xizmatkorlar yashagan haram bo‘lib, uning arxitekturasi o‘ziga xos va murakkabligi bilan boshqalaridan ajralib turadi.

O‘z davrida bejirim bezakli saroylar, karvonsaroy va madrasalar qurdirgan Olloqulixonga “me’mor xon” deya ta’rif ham berilgan.

Ko‘hna ark saroyi harami

Shunday manzillardan yana biri Xiva xonligining bir necha avlod xonlari xizmatida bo‘lgan XVII asrga oid Ko‘hna ark saroyi haramidir. Ko‘hna ark XIX asr boshida Eltuzarxon tomonidan qayta qurdirilgan. Arkning haram qismi binolarining rejasi Toshhovli saroyidek – bir tarafi xon va uning rafiqalari uchun baland ayvonli xonalardan hamda qarshi tomonda ikki qavatli ayvonli xonalardan iborat.

Arxitekturasi esa Toshhovlinikidek bashang bo‘lmasa-da, Xiva me’morchiligiga xos bo‘lgan uslubdagi naqshlar bilan bezatilgan. Bugungi kunda ham haramning ayrim xonalaridan Ichan qal’a ma’muriyati idorasi sifatida foydalaniladi.

Nurullaboy saroyi harami

Nurullaboy saroyi 19-asr oxiri 20-asr boshida Xiva xoni Muhammad Rahimxon 2 tomonidan uning o‘g‘li Asfandiyorxon uchun qurdirilgan. Ichan qal’adan tashqaridagi bahavo joyda modern va milliy uslub uyg‘unligida mahobatli qilib qurilgan haram saroydagi 4 ta hovlidan biri. U Ichan qal’adagi Toshhovli va Ko‘hna ark saroylaridan zamonaviyroqligi bilan ajralib turadi.

Ushbu saroy harami bilan bog‘liq turli mish-mishlar ham xalq tilida ko‘chib yuradi. Aytishlaricha, Asfandiyorxonning 12 yoshli o‘g‘li, shahzoda Temur G‘ozi To‘ra haramda begona erkak ovozini eshitib qolib, bu haqda otasiga yetkazadi. Tintuvlar natijasida paranji yopingan erkak haram ichida qo‘lga olinib, so‘roqqa tutiladi va qiynoqlar tufayli vafot etadi.

Mazkur voqeadan so‘ng ko‘p o‘tmay valiahd shahzoda Temur G‘ozi To‘ra ham kanizaklar tomonidan zahar berib o‘ldiriladi. 

Qibla toza bog‘ yozgi saroyi harami

Tashqi tomondan Nurullaboy saroyini eslatuvchi Qibla toza bog‘ yozgi saroy hovlisi 1897 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon 2 tomonidan qurdirilgan. Xon oilasining, asosan, jazirama yoz oylarida dam olishi uchun qurdirilgan saroyning ham kichikroq maydonni egallaydigan haram hovlisi bor.

Mavsumiy saroy bo‘lgani uchun mazkur haramda xonalar soni boshqa saroylarnikiga nisbatan kamroq. U qurilish arxitekturasi jihatidan Ichan qal’adagi Ko‘hna ark saroyiga o‘xshash.

Bugun e’tiboringizga Xiva xonlarining bugungacha saqlanib qolgan va borib ko‘rish mumkin bo‘lgan 4 ta saroy haramlari haqida ma’lumot berdik. Keyingi lavhalarimizda esa Xiva xonlarining saroylari bo‘ylab sayohat qilamiz.

Sardorbek Usmoniy 

Mavzuga oid