11 yoshida IELTS'dan repetitorsiz 7,5 ball olgan Abdulloh - u bunday natijaga qanday erishdi?
4-sinf o‘quvchisi Abdulloh ingliz tilini tezroq va yaxshiroq o‘rganish uchun birinchi navbatda harakat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. “Agar harakat qilmasa, o‘rganish qiyin bo‘ladi. Bu jarayonda o‘ziga ishonish ham lozim”, – deydi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Abdulloh Egamberdiyev – Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 147-maktabning 4-sinf o‘quvchisi. U yaqinda IELTS imtihonidan 7,5 ballni qo‘lga kiritdi. 11 yoshli Abdulloh o‘quv markaziga bormagan, repetitorga qatnamagan. U bunday natijaga maktabdagi ingliz tili o‘qituvchisining yordami bilan erishgan. Abdulloh va uning onasi Nilufar Tojiboyeva Kun.uz’ga bergan intervyusida qanday qilib bu natijaga erishgani haqida gapirib berdi.
Abdulloh Egamberdiyev:
– Ingliz tiliga kichkinaligimdan qiziqqanman, 6-7 yoshimdan tilni o‘rganishni boshlaganman. O‘shanda You Tube’da filmlar, multfilmlar ko‘rardim, qolaversa, ota-onam ham ingliz tilini o‘rganishda yordam qilgan.
Aslini olganda, til o‘rganishga uncha ham qiziqmayman, lekin ingliz tilini ko‘p odam bilgani uchun shu tilni bilishga bel bog‘laganman. Ingliz tilini o‘rganish ko‘proq odamlar bilan muloqot qilish imkonini beradi. Bu til orqali dunyoni boshqacha ko‘rish, bilimni oshirish mumkin.
Nilufar Tojiboyeva:
– Abdullohning otasi BAAda ishlardi. Shu sababli ma’lum vaqt davomida shu davlatga qatnab yurardik. Keyin Abdullohni o‘sha yerdagi maktablardan biriga berishga qaror qildik. Sentyabrdan darslar boshlandi, shu bilan mart oyigacha o‘qidi, so‘ng karantin sabab hamma ta’lim muassasalari yopildi. O‘zbekistonga qaytib keldik, o‘g‘limiz ta’limini 2-sinfdan 4-sinfgacha o‘zbek maktabida davom ettirdi.
Bu vaqt oralig‘ida Abdullohning ingliz tilisi juda yaxshi rivojlandi. O‘zim, xo‘jayinim chet tillari fakultetini tamomlaganimiz uchun farzandlarimizning til bilishiga harakat qilardik. Kichkinaligida ingliz tili alifbosini devorlarga osib, o‘rgatardik. Boshida ishni shundan boshlaganmiz, keyin kitoblar ham o‘qib berardik. Uyda ko‘proq ingliz tilida muloqot qilardik. “U bunday bo‘ladi, bunisi bunday bo‘ladi”, – deb tushuntirib, parallel ravishda o‘zbek tili bilan birga o‘qitardik.
Abdulloh Egamberdiyev:
– Noyabr oyida maktabdagi ingliz tili ustozim oyimdan meni IELTS'ga tayyorlash mumkinligi yoki yo‘qligi haqida so‘radi. Oyim bunga rozilik berdi. Shundan keyin IELTS'ga tayyorlanishni boshladik.
O‘qituvchim menga IELTS o‘zi nima ekani, nimalardan iboratligini o‘rgatdi. Keyin oson yo‘llar bilan testlarga javob berish, qanday matn tuzish kerakligini tushuntirdi. 3 oydan keyin mashg‘ulotlarimiz murakkablashib ketdi, charchab qola boshladim. Ammo shunga qaramay, davom etaverdim. Har kuni faqat maktab kunlari darslardan oldin 3 soat tayyorgarlik qilardim. Kitoblar o‘qirdim, savollarga javob berardim, IELTS'ga oid videolar ham ko‘rardim.
Nilufar Tojiboyeva:
– Maktab direktori, o‘qituvchisi Abdullohni IELTS'ga tayyorlash bo‘yicha taklif bilan chiqib qolishdi. Boshida “yosh bolani qiynab nima qildim, nima keragi bor?” – deb o‘yladim-da, keyin: “mayli, ko‘raylik-chi, necha ballga tortar ekan?”– deb rozilik berdim. Buning ustiga farzandim 4-sinfni tamomlayotgandi, prezident maktabi yoki al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablariga o‘qishga kiritishga harakat qilamiz degan niyatda ham rozi bo‘ldim.
Shu bilan IELTS'ga tayyorgarlikni boshlashdi, Abdullohdan mashg‘ulotlari qiyin bo‘lmayaptimi deb so‘rardim, yaxshi ekanini aytardi. Keyin tayyorgarlikning oxirlariga borib, zerikishga tushdi. “Qachon topshiraman?” – derdi. So‘ng registratsiya qilib tezroq topshira qolaylik deya qoldim.
O‘qituvchisi bilan gaplashib turardim, “Abdulloh qanday o‘rganyapti, IELTS har holda yoshi kattalarga ham qiyin”, – desam, “Yo‘q, yaxshi. Abdulloh juda ham sabrli, uning vaziyatini tushunyapman, hali kichkina. Lekin barakalla, o‘tiribdi, indamay shug‘ullanyapti, sabriga qoyil. Men ham kamroq bosim qilishga harakat qilyapman”, – deb aytardi o‘qituvchisi.
Abdulloh Egamberdiyev:
– IELTS'dan 7,5 ball olganimni ko‘rib, oyim ham xursand bo‘ldi: “zo‘r-ku”,– dedilar. Ustozim hayratdan baqirib yubordilar, shunday natijaga erishganim uchun men ham xursand bo‘ldim.
Nilufar Tojiboyeva:
– To‘g‘risi, tayyorlanishni boshlaganida kamida 6 bo‘ladi deb o‘ylagandik, bunga ishongandik. Keyin orada bir “mock test” topshirib keldi. Shunda 6,5 ball olgandi. “A, bo‘ldi, demak, 6-6,5 ball olar ekan bemalol”, – dedik. Shundan so‘ng, qarasak haqiqiy imtihondan 7,5 ball olgani haqida xabar yuborildi. Juda ham xursand bo‘ldik, bunday baland bo‘lishini kutmagandik, 5,5 ball bo‘lsa ham, mayli degandik, keyin qarasak 7,5 bo‘lib ketibdi. O‘zimiz ham hayronmiz.
Abdulloh Egamberdiyev:
– Ingliz tilida kitoblar o‘qiyman. Lekin to‘g‘risini aytsam, kitoblarga uncha qiziqmayman. Ko‘proq You Tube’da video ko‘rish yoqadi. Kino yoki multfilmlarni ingliz tilida ko‘raman, hazil bo‘lsa, kula olaman, murakkab gapga ham tushuna olaman. Oldin 7-8 yoshligimda filmlardagi hazillarni, ba’zi gaplarni tushunmasdim, murakkab edi. Hozirgi vaqtda so‘z boyligim kengroq, shuning uchun filmlarni yaxshiroq tushunaman.
Ingliz tilini tez o‘rganish uchun birinchi navbatda harakat qilish kerak. Agar harakat qilmasa, o‘rganish qiyin bo‘ladi. Bu jarayonda har kim o‘ziga ishonishi ham lozim.
Katta bo‘lganimda dasturchi bo‘lmoqchiman. Chunki dasturchilar o‘yinlar, saytlar yarata oladi. Men o‘yinlarga qiziqaman, agar dasturchi bo‘lsam, boshqalarning IELTS'ni osonroq o‘rganishi uchun saytlar yasashim mumkin bo‘ladi.
Nilufar Tojiboyeva:
– Hozirgi kunda texnologiya rivojlangan vaqtda bolaning til o‘rganishi uchun internetdan foydalanishiga sharoit qilib berish kerak ekan. Men internet orqali Abdullohga bolajonlarga mo‘ljallangan ingliz tilidagi videolarni qo‘yib berardim. Keyinchalik o‘yin o‘ynashga qiziqishni boshladi. Bu bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasligi uchun boshqa narsalar bilan band qilishga ham harakat qilardim, masalan, mantiqiy savollarga javob kabi videolarni topib, ko‘rsatardim. Shularga ham qiziqishni boshladi. Topishmoqlarga o‘xshagan savollarga javob berardi. Shunday qilib, farzandimiz bir qarasak, o‘yin ham o‘ynardi, bir qarasak, “National Geographic”ni ham tomosha qilardi. Har xil mavzudagi videolarni ko‘rardi.
Farzand uchun ota-onaning roli katta, ularni yo‘naltirib turish kerak. “Ularga o‘rgatdim, o‘rganmayapti, bo‘ldi, tushunmas ekan”, deb tashlab qo‘ymasdan, sekin-sekin tushuntiraverish kerak ekan. Bola keyinchalik baribir o‘rganib oladi. Kuniga 1 soat emas, ozgina-ozginadan bo‘lsa ham qiziqish uyg‘otish kerak. Masalan, Abdulloh bilan shug‘ullanganimda esidan chiqib qolish holatlari bo‘lar edi, keyin jahl qilmasdan qayta tushuntirib berardim.
Hozir ko‘pchilik 7,5 ball olgan o‘g‘limni bemalol xorijga jo‘natishim mumkinligini aytishadi. Yo‘q, Abdulloh hali kichkinaligi uchun uning bir o‘zini qo‘yib yubora olmasligimni aytaman. Balki, 11-sinfni bitirgach o‘ylab ko‘rarmiz. Lekin hozircha al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan yoki prezident maktabiga kirishi uchun harakatdamiz.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi: Boymirza Halilov.
Mavzuga oid
13:56
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
12:10 / 24.10.2024
O‘quvchilar ota-onalari qaysi mahsulot iste’moliga ruxsat bermasligi aytildi
12:07 / 23.10.2024
“Katta natijalarga erishish mumkinligini qizlarimga isbotlash uchun IELTS’dan maksimal ball olishga harakat qildim” - IELTS’dan 9 ball olgan ilk o‘zbekistonlik ayol
12:58 / 17.10.2024