Chorak asr boshqaruvda. Erdo‘g‘anning saylovdagi navbatdagi g‘alabasi qanday ro‘y berdi?
Turkiyani 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an navbatdagi saylovlarda ham katta qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi va yana besh yil davomida mamlakatni boshqarish huquqiga ega bo‘ldi - uning boshqaruvi davrida Turkiya yanada boyidi va xalqaro maydondagi nufuzini oshirdi, ammo mamlakat ichkarisida dunyoviylik va erkinlik kamaydi.
Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi turda Erdo‘g‘an birlashgan muxolifatning yagona nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘lidan 2 million ko‘proq ovoz oldi.
Ovoz berish jarayonini tashkillashtirish va ovozlarni hisoblash bo‘yicha jiddiy shikoyatlar bildirilmadi, biroq muxolifat saylovlar erkin o‘tdi deb hisoblamayapti, ular Turkiyada amalda saylov komissiyasi va sudyalar prezidentga bo‘ysunishi, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgani, ko‘zga ko‘ringan muxoliflar qamoqqa tashlangani yoki ta’qib qilinishini da’vo qilishadi.
Ikki hafta muqaddam o‘tgan birinchi turda Erdo‘g‘an g‘alaba uchun talab etilgan 50 foiz ovozni jamg‘ara olmagandi, ammo ikkinchi turda 52 foiz ovoz oldi.
Bu safar davomat birinchi turdagidan kamroq bo‘ldi (85 foizga yaqin) - bu o‘tgan turda uchinchi bo‘lgan Sinan O‘g‘anning tarafdorlari saylovga chiqmay qo‘yaqolgani bilan ham bog‘liq, natijada Erdo‘g‘an birinchi turdagi ustunligini saqlab qoldi.
Muxolifatchilar fevral oyidagi zilzilalar va uzoq davom etayotgan iqtisodiy inqiroz natijasida yuzaga kelgan erkinliklarning bo‘g‘ilishi va davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatsizliklar saylovchilarni an’anaviy nomzoddan o‘zgarishlar va’da qilayotgan kuchlar foydasiga voz kechishga majbur qilishidan umid qilgandi.
Ammo ikkiga bo‘lingan mamlakatda demokratik, dunyoviy va Yevropaga intiluvchi Turkiyani sog‘ingan shahar aholisi emas, Erdo‘g‘anning asosiy elektorati yashovchi, uning jamiyat hayotini islomlashtirish, avtoritarizm, harbiy qudrat va dunyodagi nufuzni mustahkamlashga qaratilgan konservativ siyosatini ma’qul ko‘radigan chekka hududlar aholisi ustun keldi.
Muxolifatchilar ham qat’iyatli va o‘jar hukmfarmo bo‘lgan Erdo‘g‘anga qarshi 74 yoshga chiqqan yumshoq tabiatli va murosasoz Qilichdoro‘g‘lini raqib qilib tanlashgandi.
Uning g‘oliblik uchun imkoniyatlari avvalboshdan yuqori emasdi, ammo muxolifatchilarning asosiy nomzodi, Istanbulning 54 yoshli meri Akrom Imomo‘g‘li saylovda qatnasha olmadi. 2019 yilgi saylovlar vaqtida saylov komissiyasini tanqid qilgani uchun u ikki yil-u yetti yarim oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingandi, hukmga nisbatan bildirilgan apellyatsiyani esa faqat prezidentlik saylovlaridan keyin ko‘rib chiqishlarini bildirishadi. Natijada, Imomo‘g‘li g‘alaba qozongan taqdirda ham, qamoqqa tushish xavfi ostida qolgandi.
Tez-tez partiya rahbarligidan ketishga chaqirilishiga qaramay, Qilichdoro‘g‘li Turkiyada demokratiya uchun kurashishda davom etishga va’da berdi. Saylovlarni u «so‘nggi yillardagi eng adolatsiz saylov» deb atadi.
Konstantinopolning qulashi
Ovozlarni hisoblash yakunlanmasidanoq Erdo‘g‘anni turli davlatlar rahbarlari tabriklay boshladi, bu esa uning eng murakkab ziddiyatlarda ham hech bir tomonga o‘tmasdan, Turkiya uchun foyda keltira oladigan aqlli vositachi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «aziz do‘st»ga bildirilgan maqtov so‘zlari ortidan Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya bosqiniga qarshi turishi uchun dronlar yetkazib beradigan va Kremlning savdo qamalini chetlab o‘tishda yordam berayotgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan ham tabrik qabul qilib oldi.
Turkiya NATO a’zosi, shuningdek Yevropani qochqinlar oqimidan himoya qilishda Yevroittifoq ittifoqchisi bo‘lishda davom etmoqda. Shu bilan bir vaqtda, Erdo‘g‘an Yaqin Sharq bilan aloqalarni rivojlantirmoqda, uning armiyasi Suriyada jang qilmoqda va u Rossiya bilan, ayniqsa gaz va atom energetikasi sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda.
U o‘zini Mustafo Kamol Otaturk va Usmoniylar imperiyasi sultonlari darajasidagi islohotchi deb biladi. G‘alabadan keyin u o‘n minglab muxlislariga yangi oltin asrni va’da qildi.
«Turkiya tarixidagi eng muhimlaridan biri bo‘lgan bu saylovlarda xalqimiz Turkiya asri uchun ovoz berdi», dedi Erdo‘g‘an o‘z saroyi devorlari ortidagi maydonda yig‘ilganlarga qarata.
U roppa-rosa 570 yil muqaddam Konstantinopol qulagani, shundan so‘ng Vizantiya imperiyasi nurab, Usmoniylar gullab-yashnay boshlaganini eslab o‘tgan.
«Bu tarixdagi burilish pallasi bo‘lgandi. Bir davr poyoniga yetib, boshqasi boshlangandi. Umid qilamanki, bu saylovlar ham zamonaviy tarixda shunday burilish pallasiga aylanadi», degan Erdo‘g‘an qo‘shiq bilan boshlab, she’r bilan tugatgan qisqacha nutqida.
Mavzuga oid
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024
Turkiyada qarindoshi tomonidan fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
17:29 / 18.11.2024
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
21:10 / 17.11.2024