O‘zbekiston | 10:36 / 30.05.2023
3395
3 daqiqa o‘qiladi

Raqamli texnologiyalar vazirligining ayrim funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi

Foto: Getty Images

Prezidentning “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.

Aholi, tadbirkorlik sub’yektlari hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni raqamlashtirish  maqsadida YaIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar  “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi.

2023 yil 1 dekabrga qadar fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanishlari uchun davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shaklini joriy etish rejalashtirilmoqda.

“Raqamli hukumat” tizimi doirasida quyidagilar to‘liq elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi:

  • 2023 yil 1 sentabrdan boshlab – ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari;
  • 2024 yil 1 maydan boshlab – ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar.

2023 yil 1 avgustdan boshlab davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50 foizi kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish nazarda tutilmoqda:

aloqa sohasidagi binolar, inshootlar va boshqa obektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
aloqa sohasidagi mahalliy, shaharlararo va xalqaro tarmoqlarni loyihalashtirish.
 
2023 yil 1 avgustdan boshlab:

  • AKT sohasidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan ustamalarga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi;
  • Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot texnologiyalari hamda raqamli xizmatlar joriy etilishi holatini baholash reytingi bilan qamrab olinmagan davlat organlari rahbarlarining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlariga ushbu idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 30 foizi miqdorida ustama haq to‘lanadi.

Mavzuga oid