Jahon | 10:13 / 02.06.2023
3887
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati defolt tahdidini bartaraf qiluvchi qonun loyihasini ma’qulladi

Senat AQSh davlat qarzining chegarasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi, endi u imzolash uchun prezident Jo Baydenga yuboriladi. AQSh moliya vaziri Janet Yyellen 5 iyundan keyingi defolt xavfi haqida ogohlantirgan edi. Hujjatni 63 senator qo‘llab-quvvatladi, 36 nafari qarshi ovoz berdi.

Foto: Reuters

AQSh Senati defoltning oldini oladigan qarz chegarasini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullash uchun 36 ovozga qarshi 63 ovoz berdi, deb xabar qilmoqda CNN. Qonun mamlakatning davlat qarzi chegarasini 2025 yil 1 yanvargacha to‘xtatib qo‘yadi, endi uni prezident Jo Bayden imzolashi qoldi. 

Bir kun oldin qonun loyihasi Kongress Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangandi, bu yerda respublikachilar ko‘pchilikni nazorat qiladi. Prezident Jo Bayden Kongressning sa’y-harakatlarini olqishladi va uni imzolashni intiqlik bilan kutayotganini aytdi. Bayden 2 iyun, juma kuni kechqurun amerikaliklarga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. 

Senatdagi ozchilik respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell Kongress tomonidan ma’qullangan qonun loyihasini «moliyaviy aql-idrok yo‘lidagi muhim qadam» deb atadi. Qonun 2025 yilning 1 yanvarigacha federal hukumatdan qarz olish bo‘yicha chegarani (cheklovni) to‘xtatib qo‘yadi, ya’ni bu masala 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarigacha qoldiriladi. Bu kelgusi ikki yil ichida davlat xarajatlarining bir qismini cheklaydi, ba’zi energiya loyihalarini tasdiqlash jarayonini tezlashtiradi, foydalanilmagan COVID-19 bilan kurash mablag‘larini budjetga qaytaradi va oziq-ovqat yordami oluvchilarga qo‘yiladigan talablarni kengaytiradi. 

Qonun loyihasi Soliq xizmatidan moliyalashtirishning bir qismini olib tashlaydi, garchi Oq uy soliq qonunchiligiga putur yetkazilmasligi kerakligini bildiryapti. 30 may, seshanba kuni kechki payt Kongressning Budjet boshqarmasi qonun loyihasi o‘n yil davomida 1,5 trillion dollar tejalishiga olib kelishini aytdi. Bu respublikachilar umid qilgan 4,8 trillion dollardan past. Ammo raqam Bayden yangi soliqlar orqali qoplashni rejalashtirgan 3 trillion dollarlik kamomaddan ham past.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid