O‘zbekiston | 12:32 / 02.06.2023
15138
3 daqiqa o‘qiladi

Tabiat resurslari vazirligining nomi o‘zgardi

Bosh prokurorning ekologiya masalalariga mas’ul o‘rinbosari lavozimi paydo bo‘ldi.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

«Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlandi.

Shuningdek:

  • 2023 yil 1 iyuldan «Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi» tizimi joriy qilinadi. 
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritildi.
  • Vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.
  • 2023 yil 1 dekabrgacha tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi. 
  • 2025 yil yakunigacha respublika hududi bo‘yicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
  • 2024 yil yakunigacha hududlarni ekologik baholash bo‘yicha indikatorlar asosida eco-indicator.uz reytingi shakllantiriladi va har bir hududning ekologik pasporti e’lon qilinadi.
  • Milliy tabiiy meros obektlari ro‘yxati joriy etiladi. 

2024 yildan, jumladan, quyidagilar uchun har yili 500 milliard so‘m ajratiladi:

  • «yashil belbog‘», «yashil bog‘» va «yashil jamoat park»lar hamda «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
  • asosiy temiryo‘l va magistral avtoyo‘llar bo‘yida daraxt ko‘chatlarini ekish;
  • har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo‘lmagan maydonlarda bog‘lar barpo etish. 

2023 yil yakunigacha har bir davlat tashkiloti va hokimlikning o‘z bog‘lari tashkil etiladi hamda 3 yil davomida parvarishlanadi. 

2024 yil 1 yanvardan uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.

Mavzuga oid