O‘zbekiston | 17:49 / 02.06.2023
12339
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ko‘p yillik daraxtlar ildizlariga jiddiy zarar yetkazildi

Poytaxtda elektr tarmoqlarini o‘tkazish uchun chuqur qazish ishlari davomida ko‘p yillik daraxtlarning ildizlariga jiddiy ziyon yetkazilgan. Ehtiyotsizlik va e’tiborsizlik sabab endi bu daraxtlarning yashab ketishi so‘roq ostida.

Toshkent shahrining Afrosiyob va Islom Karimov ko‘chalarini tutashtiruvchi yo‘l hamda Bo‘zsuv kanali yoqasida elektr tarmoqlarini o‘tkazish uchun, taxminan, 900 metr masofada olib borilayotan qazish ishlarida ko‘p yillik daraxtlarning asosiy ildizlariga jiddiy zarar yetkazilgan.

Hududda qo‘porib olingan yoki kesib tashlangan ildizlar yotganini, chuqurlarda esa daraxtlar ildizlarining chopilganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz’ga taqdim qilingan hujjatlarda hududda qazish ishlarini olib borayotgan “Elektr energiya tarmoqlari qurilishi” MChJ rahbari K.Ahmadaliyev shu yilning 29 may kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Chilonzor tumani bo‘limi inspektori tomonidan ogohlantirilgan.

Majburiy ko‘rsatmada hududdagi mavjud daraxtlar va butalarga shikast yetkazish, ularni o‘zboshimchalik bilan kesish yoki boshqa joyga ko‘chirish, ildiz qismidan qo‘porib olib tashlash tegishli qonun hujjatlari bilan taqiqlanganligi, yetkazilgan zarar qoplanishi shartligi keltirib o‘tilgan.

K.Ahmadaliyevning o‘zi ham boshqarma boshlig‘i nomiga Beshyog‘och ko‘chasidagi qurilish ishlari davomida daraxtlarni quritib qo‘ymaslik, ularga shikast yetkazmaslikka, o‘zboshimchalik bilan kesib tashlamaslikka hamda noqonuniy xatti-harakatlar sodir etmaslikka kafolat xati yozib bergan.

Lekin asl holat qog‘ozlardagi va’dalar va shartlarga mos kelmayapti.

Ko‘p yillik daraxtlarning ildizlari kesib tashlanish holati 2022 yil avgustida poytaxtning Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasida yo‘llarni kengaytirish davomida ham sodir etilgan va bu jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘p yillik daraxtlar qo‘porib tashlangani, Qarshi shahrida 35 tup manzarali daraxt tunda kesib ketilgani, mart oyida esa Toshkentda metro qurilishi sabab 22 tup chinor kallaklangani haqida xabarlar berilgandi.


Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi. Unga ko‘ra, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 baravar qilib undirilishi belgilangandi. 

Mavzuga oid