O‘zbekiston | 18:46 / 03.06.2023
20753
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikkita hudud soliq idorasi boshliqlari 1 kunga xizmat avtomobillaridan mahrum qilindi

Navoiy shahri va Karmana tumani davlat soliq inspeksiyalari rahbarlariga bu noodatiy jazo soliq tushumlari bo‘yicha «plan»ni bajarmagani uchun qo‘llangan.

Foto: KUN.UZ

Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Botiraliyev tuman va shahar soliq inspeksiyalari rahbarlariga noodatiy jazo qo‘lladi.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, 1 iyun kuni kechga yaqin boshqarma boshlig‘i soliq tushumlari bo‘yicha may oyi rejasining bajarilishi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilish davomida rejani bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tuman va shahar davlat soliq inspeksiyalari rahbarlari qattiq ogohlantirilgan.

Shuningdek, soliq tushumlari bo‘yicha ahvol qoniqarsiz bo‘lgani sababli boshqarma boshlig‘i topshirig‘i bilan jazo sifatida Navoiy shahri hamda Karmana tumani davlat soliq inspeksiyalari rahbarlarining xizmat mashinasi olib qo‘yilgan. Oradan bir kun o‘tib, 2 iyun kuni xizmat mashinalari haydovchilarga qaytarilgan.

Ma’lumot uchun, Anvarjon Botiraliyev 2021 yil mart oyi oxirida Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. Mazkur lavozimda ish boshlaganidan 7 kun o‘tib, 2021 yilning 8 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda Botiraliyevga uch oy sinov muddati berilgan edi.

Mavzuga oid