Jahon | 13:33 / 04.06.2023
31679
7 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Raqqosa, kurer va kriptotahlilchi - Ikkinchi jahon urushida g‘alaba uchun kurashgan 4 josus ayol tarixi

Biri dengiz kuchlarida maxsus kodlarni o‘qigan, biri esa qo‘shiqchi, biri moxov kasaliga chalingan, biri bolalar uchun hikoyalar yozgan 4 ayol turli davlatlarda fashistlar ustidan g‘alaba qozonish uchun o‘ta maxfiy ishlarni bajaradi.

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alabaga faqatgina erkaklar mehnati bilan erishilmagan. Jasoratli ayollar ham o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib urush taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan maxfiy ma’lumotlarni topish va yetkazishda jonbozlik ko‘rsatgan. Bu xavfli ish bo‘lib, yakuni qiynoq, konsentratsion lagerga tushib qolish va hatto o‘lim bilan tugashi mumkin edi. Lekin ayollar g‘alabaga ishongan va harakat qilishgan. Quyida mana shu safda bo‘lgan eng mashhur josus ayollar haqida hikoya qilinadi.

Jozefina Beyker

1930 yillarda AQShda irqiy ayirmachilik avj ola boshlagan davrda afro-amerikalik Jozefina Beyker Parijga keladi va bu yerda raqqosa, qo‘shiqchi sifatida taniladi. Fransiya maxfiy xizmati razvedkachisi Jak Abteyning ma’lumotiga ko‘ra, Jozefina Fransiya fuqaroligini olgandan 2 yil o‘tgach urush boshlanadi va 1939 yilda Beyker xonim fransuzlar uchun maxfiy ma’lumot to‘plashda qatnashishni so‘raydi. Ish xavfiga qaramay Jozefina maxfiy xizmatda ishlashni o‘z xohishi bilan qabul qiladi va bu haqda "Fransiya mening shu holatga yetishimga sababchi bo‘ldi. O‘zimdagi barcha narsalarni Parij berdi. Endi men ular uchun jonimni berishga tayyorman", deydi.

Beyker xonim italyan va fransuz elchixonalari doirasidagi diplomatik kechalarda qatnasha boshlaydi va kim aslida agent yoki Fransiya xoini ekanini o‘rganishga harakat qiladi.

Nemislar 1940 yilda Fransiyani ishg‘ol qilgach, Jozefina bir muddat mamlakat janubida yashaydi va san’at yo‘nalishidagi chiqishlarini davom ettiradi. Amalda esa Abtey bilan birgalikda maxfiy tarzda ish faoliyatini davom ettiradi. 1941 yilda Fransiyaning Shimoliy Afrikasiga ko‘chib o‘tadi. Jozefina bu hududga turli fotosuratlar va maxsus siyoh bilan yozilgan maxfiy xatlarni kiyimlari orasida yashirib olib o‘tadi va ularni Sharl de Goll rahbarlik qilgan "Erkin fransuzlar" qarshilik guruhi agentlariga topshiradi.

Jozefina Beyker urush davridagi xizmatlari uchun hayotlik davridayoq fransuzlar tomonidan taqdirlangan.

Nur Inoyat Xon

Nur Inoyat Xon urush davrida Britaniyaning maxfiy agenti bo‘lib xizmat qilgan. Kelib chiqishi hind bo‘lgan Inoyat Xon natsistlar bosib olgan Fransiyada maxsus operatsiyalarda qatnashgan ilk ayol radiooperator edi. Jasorat bilan olib borgan faoliyati yakunida Inoyat Xon natsistlar tomonidan qo‘lga olinadi va Gestapoda qatl qilinadi.

Nur Inoyat Xon 1915 yilda Moskvada tug‘iladi. Uning otasi hind, onasi esa amerikalik edi. Otasi Hindistonni 18-asrda boshqargan xon sulolasining avlodidan bo‘lgan. Inoyat Xonning oilasi dastlab London, keyin Parijga ko‘chadi. Xon esa bu shaharlarda ta’lim olib, keyinchalik bolalar uchun hikoyalar yozish bilan shug‘ullangan.

Fransiyani natsistlar bosib olgach Xon Angliyaga qochib o‘tadi va u yerda Ayollar yordamchi havo kuchlari tarkibiga qo‘shiladi.

Maxsus ta’lim olgach Inoyat Xon Fransiyaga yuboriladi. U Fransiyadan axborot yetkazish bilan shug‘ullanishi kerak edi. 1943 yil sentabrida Nur Inoyat Xon Fransiyadan Londonga axborot yuborgan so‘nggi operator edi. So‘ng u ham qo‘lga tushadi va shafqatsizlarcha so‘roq qilinadi. Inoyat Xonni 1944 yilda konslagerda qatl qilishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Inoyat Xonning o‘limidan oldin aytgan oxirgi so‘zi "ozodlik" bo‘lgan.

Jozefina Gerrero

1942 yilda Yaponiya Filippinni bosib olishidan biroz oldin Jozefina Gerrero Xansen (moxov deb ham ataladi) kasalligiga chalinadi. Turmush o‘rtog‘i uni tashlab ketadi, ayol qizidan ham uzoqlashishga majbur bo‘ladi.

Odatda, bu kasallikka chalinganlarga jamiyatdan ajralish, ularni yashash joyidan chiqarib yuborish, kasalxonaga joylashtirilganlarni esa yaqinlari bilan ko‘rishtirmaslik, chiqarib yubormaslik kabi og‘riqli holatlar xos edi. Filippin bosib olingani sabab tibbiy ta’minot uzilib, davolanish imkonini ham yo‘qotgan Jozefinaning ahvoli yomonlasha boshlagach u hammasini tavakkal qilib Filippin ozodligi uchun josus bo‘lishga qaror qiladi.

Maxsus xizmatga yollangan Gerreroga moxovligi sabab Filippinda kezib yurgan yaponlar hatto qo‘l tekkizishmas edi.

Jozefina o‘z ishini partizan kuchlariga kurerlik qilishdan boshlagan. Ayol maxsus xabarlarni sochlari va paypoqlari orasida tashirdi. Barcha aloqa vositalari yaponlar qo‘liga o‘tgani sabab muhim axborotlarni yetkazish Jozefinaga o‘xshagan kurerlarga bog‘liq edi. Amerika qo‘shinlari Filippinga yaqinlashganda Gerrero xonimning ishlari yana ham qiyinlashadi: u yapon istehkomlari va qurol-yorog‘ omborlarini xaritalash bilan shug‘ullangan. 1944 yilda amerikalik askarlar Jozefinaning xaritasidan foydalanib Manila bandargohidagi yapon mudofaasini yo‘q qilishadi.

Urush tugagach Gerrero moxovlar kasalxonasiga "qamaladi". U 1948 yilda kasalxonadagi dahshatli sharoitlarni tasvirlab beradi. Uning hisoboti sabab hukumat bu kasalxonada taftish o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Jozefina esa kasallikdan davolanish uchun AQShga yuboriladi. U xansen kasalligiga chalingan bo‘lsa-da, AQSh vizasini olgan birinchi chet ellik hisoblanadi. Keyinchalik AQSh fuqaroligiga ham ega bo‘ladi.

Agnes Meyyer Driskoll

Agnes Meyyer Driskoll 20 asr boshlaridagi Amerikaning yetakchi kriptoanalitiklaridan biri edi. Uni hatto “dengiz kriptoanalitiklar ledisi" sifatida ham bilishgan. 1916 yilda Ohayo shtati universitetini bitirgan Agnes matematika, musiqa, fizika va xorijiy tillardan yaxshigina xabardor bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh harbiy dengiz flotida bosh yeoman (kemadagi harbiy vazifalardan biri) vazifasiga ham ega bo‘ladi. Bu o‘sha paytda ayollar erishishi mumkin bo‘lgan eng nufuzli vazifalardan biri edi.

Agnes Driskoll urushdan so‘ng ham Dengiz kuchlari bilan ishlashda davom etadi va kodlar, shifrlar hamda operatsion signallarni yaratish ishlarida qatnashadi.

Ikkinchi jahon urushi davrida Driskoll Yaponiya dengiz kuchlari o‘ta darajada maxfiylik bilan ishlatadigan yuqori darajali JN—25 kodini yechadi. Driskoll xonimni "Madam X" deb ham nomlashardi. U 1949 yilgacha AQSh dengiz flotining yetakchi kriptoanalitigi sanalgan. 2000 yilda Agnes Driskoll nomi AQSh Milliy xavfsizlik agentligining faxriy zaliga kiritiladi.

Mavzuga oid