Jahon | 11:19 / 06.06.2023
7884
3 daqiqa o‘qiladi

Angliyada tajriba sifatida 2000 dollarlik bazaviy daromadni joriy etish taklif qilindi

Tadqiqotchilar Angliyada asosiy bazaviy daromadni to‘lash bo‘yicha tajriba o‘tkazishni taklif qilishdi. Ikki yil ichida 30 kishi har oy deyarli 2000 dollar oladi. Tajriba mualliflari bunday to‘lovlar odamlarning ruhiy va jismoniy salomatligiga qanday ta’sir qilishini ko‘rmoqchi. 

Foto: Getty Images

Autonomy tahlil markazi tadqiqotchilari Angliyada 1600 funt sterling (deyarli 2000 dollar) asosiy bazaviy daromadni joriy qilish bilan tajriba o‘tkazishni taklif qilishdi, deb yozadi The Guardian va BBC. 

G‘oyaga ko‘ra, tajriba ikki hududda o‘tkaziladi: Angliya shimoli-sharqidagi Jarrouda va London shimolidagi Ist-Finchli hududida. Uning doirasida bu joylarda 30 kishi ikki yil davomida oyiga 1600 funt sterling oladi. Tajriba tashkilotchilari asosiy bazaviy daromad sinovdan o‘tganlarning hayotiga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun ularni kuzatib boradi. Shuningdek, asosiy bazaviy daromad to‘lanmaydigan shaxslardan iborat nazorat guruhini ishga olish rejalashtirilgan. Ishtirokchilar xohlovchilar orasidan tasodifiy tanlab olinadi, 20 foiz o‘rinlar imkoniyati cheklangan shaxslarga beriladi. Autonomy o‘z loyihasi uchun moliyaviy yordam izlayapti, deb ta’kidlaydi BBC.

Autonomy tahlil markazining tadqiqot direktori Uill Strong asosiy bazaviy daromad odatda odamlarning asosiy ehtiyojlarini qoplashini aytdi, biroq tadqiqotchilar kattaroq miqdor eksperiment ishtirokchilarining ruhiy va jismoniy salomatligiga qanday ta’sir qilishini ko‘rmoqchi. Strongning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yillarda global iqlim o‘zgarishi, texnologik yutuqlar va sanoatga o‘tishni hisobga olinsa, jamiyat qandaydir asosiy daromadga muhtoj bo‘ladi. Kelajakda milliy miqyosda shunday loyihani amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lishi uchun dalillar bazasini yaratish va jamoatchilik e’tiborini jalb qilish muhim, deb hisoblaydi u. 

Basic Income Conversation tashabbusi asoschilaridan biri Kleo Gudman bazaviy daromad ijtimoiy xavfsizlik tizimini soddalashtirishi va Buyuk Britaniyadagi qashshoqlik muammosini hal qilishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning fikricha, kelgusi o‘n yilliklar «iqlim o‘zgarishi va avtomatlashtirishning yangi shakllari tufayli iqtisodiy notinchliklarga to‘la bo‘ladi» va asosiy daromad kelajakdagi hayotning muhim qismiga aylanadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid