Jahon | 11:56 / 07.06.2023
4245
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va Xitoydan tahdidlarni kuzatish uchun ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlarni uchiradi

AQSh Rossiya va Xitoydan ehtimoliy tahdidlarni kuzatish uchun ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar turkumini uchiradi. Ular Xitoy va Rossiya kosmik kemalari haqida 24 soat davomida ma’lumotlarni yig‘ishni ta’minlash orqali yerusti va past orbitali kuzatish tizimlarining cheklovlarini yengib o‘tadi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoydan ehtimoliy tahdidlarni kuzatish uchun ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar turkumini orbitaga chiqaradi. Bu haqda Amerika Kosmik kuchlari bayonotiga tayanib Bloomberg yozmoqda.

Silent Barker deb nomlangan sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i Yerdan taxminan 35 400 km balandlikda joylashtiriladi. Ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar AQSh tizimlari uchun «tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida koinotdan obektlarni qidirish, aniqlash va kuzatish imkoniyatini beradi», deya ma’lum qildi Kosmik kuchlar. 

Silent Barker sun’iy yo‘ldoshlari joriy yilning yozida, iyuldan keyin uchirilishi kutilmoqda. Ular Boeing va Lockheed Martin kompaniyalariga tegishli United Launch Alliance tomonidan boshqariladigan Atlas V raketasida orbitaga chiqariladi. Aniq parvoz sanasi ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilishidan 30 kun oldin e’lon qilinadi, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ining uchirilishi Xitoy va Rossiyaning boshqa sun’iy yo‘ldoshlarni yo‘q qilishga qodir orbital tizimlarni yaratishga qaratilgan harakatlariga javobdir, deb yozadi agentlik. Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasining kosmik dasturlarni nazorat qiluvchi strategik quyi qo‘mitasi sobiq yuqori martabali a’zosi Sara Mineyro Bloomberg’ga yangi turkum «bizning sun’iy yo‘ldoshlarimiz atrofida yoki yaqinida manyovr qilishi mumkin bo‘lgan dushman sun’iy yo‘ldoshlarini kuzatish qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi» dedi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid