O‘zbekiston | 08:24 / 08.06.2023
5137
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros agentligining vazifalari belgilandi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va tashkiliy tuzilmasi;
  • Madaniy meros agentligining xususiy sektorga beriladigan funksiyalari ro‘yxati;
  • Madaniy meros sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”.

Madaniy meros obektlari restavratsiyasi direksiyasi va Madaniy meros obektlarini asrash va turizm hududlarining master-rejalari bo‘yicha loyihalashtirish instituti Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti deb qayta nomlangan holda Agentlik tizimiga o‘tkazilmoqda.

2017–2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi bajarilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi va Muzeylar faoliyatini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika ishchi guruhining vakolat va funksiyalari ham Agentlikka o‘tkazilmoqda.

Quyidagilar Madaniy meros agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

  • moddiy madaniy meros va muzeylar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • moddiy madaniy meros obektlari, madaniy boyliklar, muzey ashyolari va kolleksiyalarini aniqlash, ularning davlat hisobini yuritish hamda sohada ta’sirchan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • moddiy madaniy meros va muzeylar sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, ularga oid ma’lumotlarning barcha uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash;
  • madaniy merosimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va ularni keng ommalashtirish;
  • ilg‘or xorijiy tajribalar asosida muzeylarni kompleks rivojlantirish va boshqalar.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid