To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlarini suv muammosini birgalikda hal qilishga chaqirdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning ikkita yirik daryosi – Sirdaryo va Amudaryodagi suv sathi 2050 yilga borib qariyb 15 foizga kamayadi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun loyiha ofisini tashkil etish va 2026 yilda Qozog‘istonda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar shafeligida mintaqaviy iqlim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
«Mintaqamizning ikkita yirik daryosi – Sirdaryo va Amudaryodagi suv sathi 2050 yilga borib qariyb 15 foizga kamayadi. Mintaqada ekologik halokatning oldini olish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqiramiz. Suv muammosi va iqlim o‘zgarishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Markaziy Osiyo – suv xavfsizligiga faqat yaqin hamkorlik va samarali tanlangan qo‘shma chora-tadbirlar orqali erishish mumkin bo‘lgan mintaqadir», dedi To‘qayev 8 iyun kuni Ostona xalqaro forumida so‘zlagan nutqida.
Qozog‘iston rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik va suv toshqinlari yiliga yalpi ichki mahsulotning 1,3 foizi miqdorida zarar yetkazadi, ekinlar hosildorligi 30 foizga pasayadi, bu esa 2050 yilga borib 5 million ichki iqlim muhojirining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. To‘qayevning eslatishicha, muzliklar yuzasi allaqachon 30 foizga qisqargan.
To‘qayev so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston ulkan yashil iqtisodiyot imkoniyatlarini taqdim etishi va qayta tiklanadigan energiya markaziga aylanishi mumkin.
«Biroq, vaqt biz tomonda emas. Karbonsizlantirish va yashil iqtisodiyotni zarur tezlikda barpo etish uchun bizga resurslar va hamkorlik kerak. Global iqlim bilan bog‘liq favqulodda vaziyat bizning o‘zaro bog‘liqligimiz va umumiy taqdirimizning eng yorqin namunasidir. Biz xohlaymizmi yoki yo‘qmi, bir-birimiz bilan bog‘langanmiz. Bu haqiqatni hisobga olsak, qanday qilib birgalikda ishlashni o‘ylab topganlar muvaffaqiyatga erishadi, qodir bo‘lmaganlar esa barbod bo‘ladi», dedi u.
Qozog‘iston prezidenti BMT tamoyil va qadriyatlari bu muammoni hal etishning eng samarali yo‘li emas, balki yagona yo‘l ekanini ta’kidladi.
Mavzuga oid
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:42 / 14.11.2024