Jahon | 10:16 / 09.06.2023
6558
2 daqiqa o‘qiladi

Ansidagi qurolli hujum: 6 kishi yaralandi, ulardan 4 nafari - yosh bolalar

Fransiyaning Ansi shahrida bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar bola va ikki katta yoshli kishi pichoqlab ketildi. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Abdulmasix X / Videodan kadr

Fransiya sharqidagi Ansi shahrida 8 iyun, payshanba kuni sodir etilgan pichoqli hujum natijasida bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar bola va ikki nafar katta yoshli kishi jarohat oldi. Kattalardan biri va ikki bolaning ahvoli og‘ir. Hujum Ansi ko‘li qirg‘og‘idagi bog‘dagi bolalar maydonchasida sodir etilgan. Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanenning aytishicha, hujumda gumonlanuvchi "politsiyaning tezkor aralashuvi tufayli qo‘lga olindi".

Fransuz OAVning xabar berishicha, u Fransiyadan boshpana so‘ragan 32 yoshli suriyalik Abdulmasix X. Shu yilning aprel oyida u Shvetsiyada qochqin maqomini oldi. BFMTV nashriga ko‘ra, Abdulmasix X. shved ayoliga uylangan va uch yoshli bolaning otasi hisoblanadi. Tergovchilar Ansidagi hujum terakt ekanligini tasdiqlovchi dalillarga ega emas, deb xabar berdi mahalliy prokuratura.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bolalarga qilingan hujumni mutlaq qo‘rqoqlik deb atadi. "Bolalar va kattalar hayot va o‘lim o‘rtasida qolmoqda. Xalq shokda. Bizning o‘y-xayollarimiz ular bilan, shuningdek, ularning oilalari va qutqaruv xizmatlari bilan", — deb yozdi Makron Twitter’da.

Mavzuga oid