O‘zbekiston | 12:34 / 16.06.2023
17006
2 daqiqa o‘qiladi

«Harorat foni hali ham me’yordan yuqori bo‘lib qolmoqda» - «O‘zgidromet»

Hatto mahalliy iqlim uchun ham 2023 yil yozining boshi juda issiq bilan boshlandi.

Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida birinchi o‘n yillikning o‘rtacha harorati ko‘p yillik qiymatlardan +2...+4 darajaga yuqori bo‘lgan.

Havo haroratining eng yuqori qiymatlari o‘n kunlikning o‘rtalarida kuzatildi. Shu kunlarda kunduzi havo +38...+40 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda +42 darajagacha isidi.

Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, nisbatan salqin havo oqimi respublika hududi bo‘yicha harorat fonini biroz pasaytirdi. Haroratning eng sezilarli pasayishi O‘zbekiston shimoli-g‘arbiy hududlarida kuzatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +7...+10 darajaga pasaydi. Respublika qolgan hududlarida haroratning pasayishi uncha ifodalanmadi, ammo baribir haroratning +4...+6 darajaga pasayishi sezildi.

“Ammo, shunga qaramay, harorat foni hali xam me’yordan yuqori bo‘lib qolmoqda”, deyiladi “O‘zgidromet” ma’lumotida.

Shu haftaning boshidan harorat yana ko‘tarila boshladi. Hafta oxiriga borib, harorat yana +37...+40 darajagacha, janubda va cho‘l hududida +41...+42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Iyun oyida bunday harorat qiymatlari istisno emas. Ammo, yozning boshida havo harorati me’yordan sezilarli darajada bunday uzoq davr ko‘tarilishi O‘zbekistonda har yili kuzatilmaydi.

So‘nggi marta bunday issiq ob-havo 2021 yil iyun oyining birinchi va ikkinchi o‘n yilliklarida kuzatilgan. 2021 yil iyun oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ldi. Iyun oyida maksimal harorat +42...+44 darajaga, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida +45...+46 darajaga yetdi.

Shu tariqa, harorat qiymatlariga ko‘ra, ushbu yilning iyun oyi 2021 yilning eng issiq iyuniga “yeta olmadi”, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid