Jahon | 13:26 / 17.06.2023
15677
20 daqiqa o‘qiladi

Alabamadagi avtobus boykoti – AQShda qora tanlilarning kamsitilishiga qarshi kechgan kurash qanday boshlangan edi?

AQShda 1960-yillarda ham qora tanlilar kamsitilardi. Ular barcha joylarga kirolmas, avtobuslarda alohida o‘tirardi. Hatto Pentagon binosida ham qora tanlilar uchun hojatxonalar alohida edi. Afroamerikaliklar oq tanlilar yashaydigan dahalardan, ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib ololmasdi. AQShda bu cheklovlar batamom yo‘qotilishiga 1955 yilda Montgomeri shahrida boshlangan norozilik namoyishlari sabab bo‘lgandi.

Foto: Kun.uz

1950-yillar o‘rtalari, AQShning Alabama shtatidagi Montgomeri shahri. Ertalabdan kechgacha davom etgan og‘ir ishdan qaytayotgan afroamerikalik ayol avtobusga chiqadi. So‘ng avtobusning orqa qismidagi qora tanlilar o‘tirishi belgilangan joyga o‘tiradi.

Ko‘p o‘tmay navbatdagi bekatdan avtobusga oq tanli bir kishi chiqadi. Avtobusdagi barcha o‘rindiqlar band edi. Shunda u qora tanli ayolning oldiga keladi, joy bo‘shatishini talab qiladi. Ayol uning talabini bajarmaydi. Oq tanli politsiya chaqiradi va ayol hibsga olinadi.

Shundan so‘ng hodisadan xabar topgan Montgomeridagi barcha qora tanlilar avtobuslarga chiqishga boykot e’lon qilishadi. Keyinroq esa qora tanlilarga qilinayotgan nohaqliklarga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi.

Qora tanli ayol qamalishi ortidan boshlangan namoyishlar o‘n yildan oshiq davom etadi va oxir-oqibat AQShda qora tanlilarga qo‘yilgan turli cheklovlar bekor qilinishi bilan tugaydi.

Quyida AQShda qora tanlilar qul qilinishi, quldorlik tugatilishi va afroamerikaliklarga joriy qilingan barcha cheklovlar bekor qilinishi tarixi haqida hikoya qilamiz. Bu ishlar boshlanishida aynan Montgomeri shahridagi avtobus boykoti muhim o‘rin tutgandi.

1950-yillarda AQShda avtobusning old o‘rindiqlarida oq tanlilar, orqa o‘rindiqlarda qora tanlilar o‘tirgan. Qora tanlilar joy bo‘sh bo‘lsa ham oq tanlilarga mo‘ljallangan joyga o‘tira olmagan.
Foto: alamy.com

AQShda quldorlik va uning bekor qilinishi

1492 yilda Xristofor Kolumb «Yangi dunyo»ni kashf etganidan so‘ng 300 yil davomida yangi qit’aga Afrikadan tirik yetkazib borilgan qullar soni 10 milliondan ko‘p bo‘lgani aytiladi. Bugun G‘arbiy yarim sharda yashayotgan afroamerikaliklarning aksariyati o‘sha qullarning avlodlari hisoblanadi.

XIX asrga kelib G‘arbiy yarimsharda qullikka qarshi bo‘lgan sog‘lom fikrli odamlar ko‘paydi. Ayniqsa, mintaqaning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan AQShda quldorlikka qarshi harakatlar jiddiy tus oldi va uni bekor qilish uchun mamlakat bo‘ylab harakatlar boshlandi.

1808 yilda AQSh Kongressi mamlakatga Afrikadan qul olib kelib sotishni taqiqlaydigan qonun qabul qiladi. Ammo bu qonun mamlakatdagi qul savdosini to‘xtata olmaydi. Qulfurushlar AQShga kontrabanda yo‘li bilan Afrikadan tirik odamlarni olib kelib sotaverishadi.

Shundan so‘ng quldorlik va qullik bekor qilinmasa, natijaga erishib bo‘lmasligini tushungan hukumat AQShda qullik va quldorlikni bekor qilish haqida qonun loyihasini tayyorlaydi.

Albatta, mamlakat fuqarolarining barchasi ham quldorlik bekor qilinishini xohlamasdi. Ayniqsa, AQSh janubidagi zamindor boylar. Axir ular tekin ishchisidan ayrilib qolayotgandi. Shu sababli quldorlik bekor bo‘lishi haqidagi qonun loyihasi e’lon qilinganida janubiy shtatlar bunga qarshi isyon ko‘taradi va 1861 yilda AQShda fuqarolar urushi boshlanadi.

AQShda paxta yetishtirishda ishlayotgan qullar
Foto: www.alamy.com

1865 yilda quldorlikka qarshi bo‘lgan shimol quldorlik tarafdori bo‘lgan janubni yengib chiqadi. Ungacha 1862 yilda AQSh prezidenti Avraam Linkoln davrida mamlakatda quldorlik va qullikni tugatish haqidagi qonun qabul qilinadi.

1863 yilda esa o‘sha qonunga muvofiq AQShdagi qullarni ozod qilish haqida proklamatsiya e’lon qilinadi. 1865 yili fuqarolar urushi tugab, janub shtatlari mag‘lubiyatga uchraganiga qadar Linkoln imzo chekkan qarorni amalga oshirish imkoni bo‘lmaydi.

1865 yilda AQSh konstitutsiyasiga 13ta o‘zgartirish kiritish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinadi. Ana o‘sha o‘zgarishlardan birida AQShda qullikni bekor qilish belgilab qo‘yiladi. 1865 yilda uni dastlab to‘rtta shtat ratifikatsiya qiladi. Ushbu qonunni eng oxirgi bo‘lib 2013 yilda Missisipi shtati ratifikatsiya qilgan.

Avraam Linkoln
Foto: Fullpicture

AQShda irqiy kamsitishlar avjga chiqishi

AQShda quldorlik qonunan tugatilgani bilan, mamlakatda irqchilikni tugatishning iloji bo‘lmaydi. AQShning oq tanli aholisi kechagina o‘zi ozod qilgan qora tanli sobiq qullarga nisbatan munosabatini o‘zgartirmaydi va mamlakatda irqchilik yuqori darajada saqlanib qolaveradi.

Quldorlik qonun yo‘li bilan bekor qilingani haqida fikr bildirgan amerikalik mashhur yozuvchi Mark Tven «Quldorlikning bekor qilinishi mamlakatda irqchilikka barham bera olmadi, aksincha uni kuchaytirdi», deb yozgandi. Mark Tven o‘z asarida qora tanli qahramonni ijobiy obraz sifatida tasvirlagan birinchi adib edi.

Aslini olganda davlat siyosatining o‘zi ham irqchilik ustiga qurilgan edi. Mamlakatda qora tanlilar huquqlarini cheklaydigan ko‘plab mahalliy va federal qonunlar bor edi. O‘sha qonunlar tufayli AQShda hatto XX asrda ham qora tanlilar oq tanlilar foydalanayotgan juda ko‘p huquqlardan mosuvo edi.

Avtobuslarda ular faqat orqa eshikdan chiqib-tushar, o‘rindiqda o‘tirgan holatida oq tanlilar talab qilsa, o‘rnini bo‘shatishga majbur bo‘lar edi. Shuningdek, ular oq tanlilar uchun mo‘ljallangan kafe va restoranlarga kira olmas, hatto qora tanlilarning hojatxonasi ham alohida bo‘lgan.

Mabodo qaysidir qora tanli oq tanlilar uchun belgilangan joylarga kirsa yoki faqat oq tanlilar foydalanadigan narsalardan foydalansa eng yumshoq muomala qilinganda ularni qattiq haqorat qilib quvishgan. Mabodo o‘shanday holatda qora tanlilar qarshilik ko‘rsatsa, politsiya ularni olib borib qamagan.

Bunda nafaqat xususiy ishxonalar, kafe va restoranlar, balki davlat idoralarida ham shu tarzdagi tartiblar bo‘lgan. Masalan, Pentagonning bosh idorasida qora tanli xodimlar o‘tgan asrning 70-yillarigacha oq tanli xodimlar foydalanadigan hojatxona va oshxonaga kira olmagan.

Faqat oq tanlilar kirishi mumkin
www.magnumphotos.com

Qora tanlilar oq tanlilarga «mister», «missis» yoki «miss» deb murojaat qilishi majburiy bo‘lgan. Qora tanlilarni oq tanlilar o‘qiydigan maktab va universitetlarga ham qo‘yishmagan.

Irqchilikka qarshi isyon beshigi – Montgomeri

1955 yil 1 dekabr, Alabama shtatidagi Montgomeri shahri. Ertalabdan kechgacha davom etgan og‘ir ishdan qaytayotgan 42 yoshli qora tanli ayol Roza Parks avtobusga chiqadi.

O‘sha paytda avtobuslarning old qismida joylashgan o‘n qator o‘rindiqlarda oq tanlilar, orqa qismidagi o‘rindiqlarda qora tanlilar o‘tirishi belgilangandi.

Roza Parks qora tanlilar uchun belgilangan o‘rindiqqa o‘tiradi. Ko‘p o‘tmay avtobusga oq tanli erkak chiqadi. Bu paytda avtobusda bo‘sh o‘rindiq yo‘q, yozilmagan qoidalarga ko‘ra bunday paytda qora tanlilar oq tanli uchun joy bo‘shatishi kerak edi.

Oq tanli erkak Roza Parksning oldiga borib ayol va uning yonida o‘tirgan qizdan joy bo‘shatishini talab qiladi. Ayol talabga qarshi chiqadi va joyni bo‘shatmaydi. Bu oq tanli erkakning jahlini chiqaradi va u Rozani haqorat qiladi. So‘ng avtobusni to‘xtatib politsiya chaqiradi.

Hodisa joyiga yetib kelgan politsiyachilar ayolni jamoat tartibini buzganlikda ayblab hibsga olishadi.

Politsiyachi avtobusda oq tanliga joy bermay «tartib buzgan» Roza Parksning barmoq izlarini olayapti.
Foto: www.alamy.com

Shahar bo‘ylab o‘z o‘rnini oq tanli erkakka bo‘shatmagan qora tanli ayol qamoqqa olingani haqida xabar tarqalishi bilan qora tanlilarning jamoat uyushmalari avtobuslarga boykot qilish kerakligini aytib chiqadi. Shundan so‘ng Montgomeri shahrida ashovchi qora tanli aholi avtobuslarga chiqmaydi. O‘sha paytda yo‘lovchilarning 70 foizini qora tanlilar tashkil etardi.

Natijada shahar aholisiga xizmat ko‘rsatadigan transport kompaniyasining daromadlari keskin tushib ketadi. Qora tanlilar bu bilan cheklanmay irqchilikka qarshi namoyishlarni boshlab yuborishadi. Ularga yosh huquqshunos Martin Lyuter King boshchilik qiladi.

Shundan so‘ng shahar hokimiyati avvaliga qora tanlilarni qoralab chiqadi. Ma’muriyat Martin Lyuter bilan muzokara o‘tkazib boykotni bekor qilishga urinadi. Biroq u ko‘nmaydi va boykot davom ettiriladi.

Muzokaralardan natija chiqmagach shahar hokimiyati politsiya yordamida qora tanlilarni majburlab avtobuslarga chiqara boshlaydi. Bo‘ysunmaganlarni esa 1921 yilda qabul qilingan «boykotga qarshi qonun»ni pesh qilib hibsga ola boshlashadi. Bu ish ham qora tanlilarni avtobuslarga qaytara olmaydi.

Shundan so‘ng politsiya qora tanlilar huquqlari uchun kurashayotgan faollarini ta’qib qila boshlaydi. Ikkinchi tomondan faollarning uylariga oq tanlilarning radikal «Ku Kluks Klan» harakati a’zolaridan tahdidli xabarlar kela boshlaydi.

Radikal millatchilar 1956 yil yanvar oyida Martin Lyuterning uyiga bomba tashlashadi. Biroq faollar va ularga ergashgan qora tanlilar ortga chekinmaydi. Shundan so‘ng faollarni hibsga ola boshlashadi.

Martin Lyuter King
Foto: Getty Images

Nohaq hibsga olingan va turli jazolar bilan jazolangan faollar federal okrug sudiga da’vo arizasi berishadi. Ko‘p o‘tmay ularning arizasini ko‘rib chiqqan federal okrug sudi avtobuslarda oq tanlilar va qora tanlilar uchun alohida joy belgilanishini noqonuniy deb topadi.

Montgomeri shahar prokuraturasi federal okrug sudining qarorini noqonuniy deb topish yuzasidan AQSh oliy sudiga apellyatsiya shikoyati beradi. Biroq oliy sud qora tanlilar foydasiga chiqarilgan qarorni o‘z kuchida qoldiradi.

Oliy sud qarori e’lon qilingan kun tunda Montgomeri shahriga 40 ta yuk mashinasida radikal «Ku Kluks Klan» harakati a’zolaridan iborat shaxslar yetib kelishadi. Ular qora tanlilarni qo‘rqitish uchun shahar ko‘chalari bo‘ylab yuk mashinalarida guruh bo‘lib harakatlanishadi.

Oliy sud qaroridan so‘ng 1956 yil 20 dekabr kuni Montgomeri shahar hokimligi avtobuslarda oq va qora tanlilar uchun alohida joy ajratishni bekor qiluvchi qarorni qabul qilishga majbur bo‘ladi.

«Ku Kluks Klan» harakati a’zolari bu qarorga terror bilan javob qaytaradi. Ular qora tanlilar ketayotgan avtobuslarni o‘qqa tutadi. Qora tanlilar yashaydigan mahallalarda bombalar portlatiladi.

Shahar hokimligi qaroridan so‘ng 381 kun (bir yildan oshiqroq) davom etgan avtobus boykotlari to‘xtatiladi. Biroq birgina Montgomerida natijaga erishilgan bo‘lsa-da AQShning boshqa ko‘plab shaharlarida qora tanlilarning huquq va erkinliklarini cheklaydigan turli cheklovlar saqlanib qolayotgan edi.

Shu sababli Martin Lyuter boshchiligidagi qora tanlilar boshqa shtatlarda namoyishlar o‘tkazishda davom etadi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar butun AQSh bo‘ylab o‘tkazila boshlanadi.

Qora tanlilar Martin Lyuter King boshchiligida namoyishda
Foto: www.alamy.com

Qora tanlilar qahramoni Martin Lyuter King

Montgomeri shahrida boshlangan namoyishlarda o‘z faolligi bilan ajralib turgan Martin Lyuter King ko‘p o‘tmay AQShdagi qora tanlilarning yagona lideriga aylanadi.

Martin Lyuter 1929 yilda Jorjiya shtatidagi Atlanta shahrida ko‘p bolali oilada tug‘ilgan. Martin qora tanli bo‘lsa-da unda irland qoni ham bo‘lgan. U maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq notiqligi bilan ajralib turgan.

1948 yilda Martin kollejni bitirganidan so‘ng ruhoniylar tayyorlaydigan diniy seminariyada o‘qiy boshlaydi.

O‘sha paytda u oshxonada ishlaydigan nemislardan birini yoqtirib qoladi va unga uylanishga qaror qiladi. Biroq do‘stlari bu ishi oq tanlilarning g‘azabini qo‘zg‘atishini aytib uni qaytarishadi. Keyinchalik 1953 yilda u qora tanli qizga uylanadi.

Montgomeridagi «avtobus boykoti»dan so‘ng AQShda qora tanlilar huquqi bosh masalaga aylanadi va ko‘pchilik ziyolilar qora tanlilarning tarafini olib chiqishlar qiladi.

Shu paytda Martin Lyuter ham faol ravishda qora tanlilar huquqlarini himoya qilib chiqa boshlaydi va ularning rahnamosiga aylanadi. O‘sha paytda Martinga oq tanli radikallar tomonidan bir necha bor suiqasd qilinadi, biroq u tirik qoladi.

1955 yilda Martin Boston universitetida falsafa fanlari doktori ilmiy unvonini oladi. 1958 yilda u «Ozodlikka yo‘l» nomli kitobini yozib nashr ettiradi. O‘sha yili uni ruhiy kasal bo‘lgan qora tanli ayol pichoqlaydi, zudlik bilan o‘tkazilgan operatsiya tufayli Martin tirik qoladi.

1960-yillar boshida Martin nafaqat AQShda, balki butun dunyoda qora tanlilar huquqlarini himoya qiluvchilar lideri sifatida mashhur bo‘lishga ulgurgandi.

1960 yilda Javoharlal Neru uni Hindistonga taklif etadi. 1963 yilda esa u bilan AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Lindon Jonson ham uchrashadi. 1964 yilda Martin tinchlik yo‘nalishida xalqaro Nobel mukofotini oladi.

Martin Lyuter King irqchilikka qarshi o‘tkazilgan namoyishda
www.allposters.com

O‘sha paytda Martin AQShda qora tanlilarning huquqlarini cheklashda bosh bo‘lgan davlat tizimiga qarshi kurashgani uchun uni kommunistlar bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblab chiqishadi. Biroq bu narsa o‘z isbotini topmaydi.

O‘z hayotida ko‘plab suiqasdlarni boshdan kechirgan Martin Lyuter baribir o‘ldiriladi. 1968 yilda u Memfis shahridagi mehmonxona ayvonida turganida otib o‘ldiriladi. O‘shanda Martin 39 yoshda edi.

Martinning o‘ldirilishi bo‘yicha ko‘plab taxminlar bor. U amerikalik qora tanli aholi saylash hamda saylanish, yana ko‘plab huquqlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng hukumatdan asrlar davomida qora tanlilarga qilingan nohaqliklar uchun 50 milliard dollar tovon puli talab qilayotgan edi.

Uning rejasiga ko‘ra, ushbu mablag‘ AQShdagi har bir qora tanliga teng taqsimlab berilishi lozim edi. Martin o‘ldirilganidan so‘ng bu talab kun tartibidan tushadi.

Martin Lyuterning qotili Jyeyms Erl Rey 99 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bugun Martin Lyuterning nomi AQShda qora tanlilar huquqi uchun kurashgan qahramon sifatida yod etiladi.

Martin Lyuter Kingning qabri
Foto: www.alamy.com

Afroamerikaliklarning fuqarolik huquqlari tiklangandan keyingi vaziyat qanday bo‘ldi?

1965 yilda AQSh Kongressi «Saylovchilar haqidagi qonun»ga o‘zgartirishlar kiritadi. Unga ko‘ra shtatlar o‘z fuqarolariga saylash huquqini berishda mustaqil qaror chiqara boshlaydi.

Shundan so‘ng turli shtatlar birin-ketin qora tanlilarga ham saylash huquqini beradi va ularga nisbatan joriy qilingan turli cheklov hamda taqiqlar bekor bo‘la boshlaydi.

AQShda yashayotgan qora tanlilarning barcha huquqlari tiklangandan keyin jamiyatda ularni alohida ajratish barham topdi, ammo ularni yoqtirmaydigan odamlar hanuz topiladi.

Ayniqsa oq tanli politsiyachilar orasida qora tanlilarni yomon ko‘radigan va imkoniyati bo‘lishi bilanoq ularga qarshi hatto qonundan chiqib ketish darajasida zo‘ravonlik qiladiganlar uchraydi.

Ayrimlar o‘z nafratini AQShda sodir etiladigan jinoyatlarning aksariyatini (noqonuniy narkotik va qurol-yaroq savdosi) qora tanlilar qilishi va ularni deb AQSh jamiyati tinch yashay olmayotgani bilan izohlaydi. Bu vajda ham jon bordir, lekin aslida afroamerikaliklarni yoqtirmaydigan oq tanlilar ularni faqat rangi boshqa bo‘lgani uchun yoqtirmasligi isbot talab qilmaydigan narsa.

AQShda oq tanli politsiyachilar tomonidan qora tanlilarni o‘ldirib qo‘yish tez-tez uchrab turadi. Bunday paytlarda butun Amerika bo‘ylab qora tanlilarning namoyishlari o‘tkaziladi. Keng miqyosdagi namoyishlarning so‘nggisi 2020 yil 25 may kuni bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni Minnisotta shtatidagi Minneapolis shahrida oq tanli politsiyachi do‘konda 20 dollarlik qalbaki banknotni o‘tkazishda gumonlangan qora tanli haydovchi Jorj Floydni hibsga olish chog‘ida o‘ldirib qo‘ydi.

Politsiyachi Jorj Floydni shu holatda 7 daqiqa bosib turgan.
Videodan kadr.

Floydni qo‘lga olgan politsiya xodimi uning yuzini yerga qaratib, bo‘ynidan tizzasi bilan 7 daqiqa bosib turadi. Floyd «Nafas ololmayapman, bo‘g‘ilyapman» deb politsiyachiga iltijo qilishi foyda bermaydi. Hushidan ketgan Floydni kasalxonaga olib borishganida u allaqachon jon berib bo‘lgandi.

Politsiya ofitseri Floydni qiynayotganini o‘sha kuni yo‘lda o‘tib ketayotgan o‘tkinchi tasvirga olgan, video feysbukda e’lon qilingan. Shundan so‘ng Floydning zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqida butun AQSh xabar topdi va avvaliga Minneapolisda, so‘ngra butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosdagi namoyishlar va tartibsizliklar boshlanib ketdi.

Politsiya tomonidan qora tanli fuqaroga qilingan ushbu zo‘ravonlik uchun namoyishchilar politsiya idoralari va mashinalarini yoqib yubordi, savdo do‘konlarini talashdi.

Keyinroq esa qora tanlilar tomonidan Amerikani kashf etganlar, uni Britaniyadan ajratib olishda jonbozlik ko‘rsatgan va o‘z boshqaruvi paytida quldorlikka befarq bo‘lgan prezidentlarning haykallari ag‘darib tashlandi.

Floydning o‘limidan so‘ng boshlangan namoyishlarda qora tanlilar Nyu-Yorkdagi Kolumb haykalini ham ag‘darib tashlashdi.
Foto: ruherald.com

Bundan tashqari, dunyoning juda ko‘p kompaniyalari qora so‘zi bilan bog‘liq mahsulotlardan, brendlardan, reklama roliklardan voz kechishdi. Ya’ni Jorj Floydning o‘limi ortidan boshlangan noroziliklar tufayli butun dunyo bo‘ylab qora tanlilarga zimdan qilinayotgan passiv irqchilikning bir qismi bartaraf bo‘ldi.

Aslida esa bu ishlarning debochasi bundan 68 yil avval Montgomeri shahrida boshlangan edi...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid