O‘zbekiston | 10:16 / 17.06.2023
6937
2 daqiqa o‘qiladi

Transport sohasidagi ayrim funksiyalar xususiy sektorga o‘tkazilmoqda.

Prezident tomonidan “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

Foto: Kun.uz

Hujjatga muvofiq, transport sohasidagi ayrim funksiyalar xususiy sektorga o‘tkazilmoqda.

Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etilmoqda, u avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Inspeksiya quyidagi huquqlarga ega:

  • avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
  • avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha postlarda tekshirish uchun to‘xtatish.

Hujjat bilan quyidagi nazorat tadbirlarini Biznes-ombudsmanning ruxsatisiz, uni xabardor qilmasdan, “xavfni tahlil etish” tizimini qo‘llamagan holda (moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda) amalga oshirishga ruxsat etilmoqda:

  • Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va korxonalarida parvozlar xavfsizligiga rioya etilishi yuzasidan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining standartlarida belgilangan rejali va to‘satdan tekshiruvlar o‘tkazish;
  • Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan avtomobil transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish qoidalariga rioya etilishini tashish jarayonida reydlar o‘tkazgan holda nazorat qilish.

Mavzuga oid