Jahon | 11:09 / 19.06.2023
3691
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda Gretsiyada halok bo‘lgan muhojirlar ishi bo‘yicha gumonlanuvchilar hibsga olindi

OAV xabarlariga ko‘ra, Pokistonda Gretsiya qirg‘oqlarida muhojirlar bo‘lgan kema halokatga uchrashiga aloqadorlik aybi bilan o‘n kishi tergov qilinmoqda.

Foto: Picture Alliance

Pokiston hukumati Gretsiya qirg‘oqlarida cho‘kib ketgan o‘nlab muhojirlarning aksariyati Pokistondan ekani ma’lum bo‘lgach, odam savdosi bilan shug‘ullangan 10 nafar shaxsni hibsga oldi. Bu haqda 18 iyun, yakshanba kuni mahalliy rasmiylarga tayanib, OAV xabar berdi.

Ularga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati yashagan Kashmirning Pokistondagi qismida to‘qqiz kishi hibsga olingan. Yana biri Gujrat shahrida ushlangan, u, AFP agentligiga ko‘ra, uzoq vaqtdan beri muhojirlarni tashish uchun maxsus joy vazifasini o‘tagan. «Hozirda ular butun jarayonga yordam berishda ishtirok etganliklari uchun tergov qilinmoqda», dedi rasmiylardan biri. 

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, Gretsiyaning Peloponnes yarimoroli yaqinida muhojirlarni olib ketayotganda halokatga uchragan baliqchi kemada 300 nafarga yaqin pokistonlik bo‘lgan. Xalqaro migratsiya tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi qo‘shma bayonotida aytilishicha, bortda jami 400 dan 750 nafargacha odam bo‘lgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi shanba kuni 12 Pokiston fuqarosi omon qolganini aytdi, biroq idora qayiqda qancha odam bo‘lgani haqida ma’lumotga ega emas. 

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 19 iyunni O‘rta Yer dengizida halok bo‘lgan muhojirlar xotirasi uchun milliy motam kuni deb e’lon qildi. Shuningdek, u kontrabandachilarning «qattiq jazolanishi»ni aytib, ularning faoliyatini zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid