Jahon | 23:33 / 19.06.2023
10996
2 daqiqa o‘qiladi

Trampga jinoiy ish doirasidagi materiallarni oshkor etish taqiqlab qo‘yildi

Endi sobiq prezident ijtimoiy tarmoqlarda maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq jinoiy ish haqidagi ma’lumotlarni tarqata olmaydi.

Foto: REUTERS/Amr Alfiky

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash bo‘yicha tergov materiallarini oldindan ruxsatsiz oshkor qilolmaydi. AQSh Adliya vazirligining shu haqdagi talabi federal sudya Bryus Reynxart tomonidan ma’qullandi, deb yozdi The Hill.

«Ayblanuvchi ish materiallari bilan faqat advokat yoki himoyachilar guruhi a’zosining bevosita nazorati ostida tanishishi mumkin», dedi Reynxart.

Sudya buyrug‘iga ko‘ra, Tramp OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jinoyat ishi haqida ma’lumot tarqata olmaydi. U ish bo‘yicha to‘plangan dalillarni, shu jumladan maxfiy hujjatlarni faqat advokatlari ishtirokida tekshirish huquqiga ega bo‘ladi.

16 iyun kuni AQSh Adliya vazirligi suddan Trampning Mar-a-Lagodagi mulkida maxfiy hujjatlarni oldindan ruxsatisiz noqonuniy saqlash ishi bo‘yicha tergov materiallarini ommaviy axborot vositalariga yuborishi yoki ijtimoiy tarmoqlarda nashr etishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan edi.

2022 yil avgust oyida FQB agentlari Mar-a-Lago mulkini tintuv qilishdi. Natijada davlat manfaatlariga oid bir qancha hujjatlar topildi. Ular orasida «o‘ta maxfiy» va «maxfiy» belgisi qo‘yilgan hujjatlar ham bo‘lgan. Tramp bu hujjatlarni ixtiyoriy ravishda topshirishga tayyorligini aytdi.

Shundan so‘ng, prokurorlar Trampga 37 ta modda bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Sobiq prezident, o‘z navbatida, aybiga iqror bo‘lmadi, ayblovni absurd va Oq uyning o‘z vakolatini suiiste’mol qilishiga misol deb atadi.

Mavzuga oid