O‘zbekiston | 09:35 / 20.06.2023
8036
4 daqiqa o‘qiladi

Xodim va jamoa o‘rtasida moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining «Xodim bilan to‘liq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risida shartnoma tuzish bo‘yicha tavsiyalarni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i qabul qilindi.

Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim bilan ish beruvchi yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli, xodimlar o‘ziga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, ularga ishlov berish, ularni sotish (chiqarish), tashish, qo‘llash yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan alohida ish turlarini birgalikda bajarayotgan, har bir xodimning zarar yetkazganlik uchun javobgarligini chegaralash va u bilan yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa ish beruvchi jamoaning (brigadaning) to‘liq moddiy javobgarligi to‘g‘risida shartnoma tuzishga haqli.

Tavsiyalarga ko‘ra, moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomalarda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

  • tashkilotning nomi, ish beruvchi va xodimning (xodimlarning) egallab turgan lavozimi, F.I.Sh.;
  • xodimga yoki jamoaga (brigadaga) topshiriladigan pul yoki tovar qimmatliklarining nomi, soni va holati (butligi);
  • taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
  • xodimning moddiy javobgarligini istisno etuvchi holatlar;
  • yetkazilgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgarlik xodimning zimmasiga yuklatiladigan holatlar;
  • yetkazilgan zararning miqdori va uni aniqlash tartibi;
  • taraflarning rekvizitlari.

Xodim tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan pul yoki tovar qimmatliklari talon-toroj qilinganda bu haqda shu kunning o‘zida og‘zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda ish beruvchiga yoki uning vakiliga xabar berishi lozim.

Zarar yetkazilganda xodimning moddiy javobgarligi quyidagi holatlarda istisno etiladi:

  • bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch;
  • oqlangan xo‘jalik tavakkalchiligi;
  • oxirgi zarurat;
  • zaruriy mudofaa;
  • ish beruvchining xodimga ishonib topshirilgan mol-mulkni saqlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha majburiyatini bajarmaganligi oqibatida yuzaga kelganda.

Yetkazilgan zarar uchun to‘liq miqdordagi moddiy javobgarlik quyidagi hollarda xodimning zimmasiga yuklatiladi:

  • to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida o‘ziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning kamomadida;
  • xodim tomonidan bir martalik hujjat (masalan, tovar-moddiy qimmatliklarni olish ishonchnomasi, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi) bo‘yicha olingan boyliklarning but saqlanishi ta’minlanmaganda;
  • qasddan zarar yetkazilganda;
  • alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida zarar yetkazilganda;
  • xodimning sud tomonidan aniqlangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda;
  • ma’muriy huquqbuzarlik natijasida zarar yetkazilganda, agar bu tegishli davlat organi yoki sud tomonidan aniqlangan bo‘lsa;
  • davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni (tijorat, xizmat sirini yoki boshqa sirlarni) tashkil etuvchi ma’lumotlar oshkor qilinganda;
  • xodim mehnat majburiyatlarini bajarmagan taqdirda zarar yetkazilganda.

Mavzuga oid