O‘zbekiston | 10:09 / 21.06.2023
4568
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar o‘rganilmoqda

Toshkent shahrida ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olish bo‘yicha xalqaro standartlarga bag‘ishlangan trening boshlandi.

Foto: Kun.uz

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ma’lumotiga ko‘ra,  o‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ushbu trening Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari uchun o‘tkazilmoqda. Uning asosiy maqsadi jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomalalardan himoya qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

Ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar va boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish sohasidagi xalqaro standartlarni ko‘rib chiqmoqda. Qiynoqlar haqidagi da’volarni hujjatlashtirish, qamoqqa olish joylarida shafqatsiz zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklatilgan burch va mas’uliyat mavzulari muhokama qilinmoqda.

Mashg‘ulotlarning interfaol qismida ishtirokchilar Nelson Mandela qoidalariga asoslangan amaliy tadqiqotlar bilan tanishtirildi. Mahkumlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilish, shafqatsiz muomalaning oldini olish choralarini ko‘rish kabi mavzular har tomonlama muhokama qilindi.

Mavzuga oid