O‘zbekiston | 12:21 / 21.06.2023
9540
10 daqiqa o‘qiladi

Yangihayotdagi voqea birinchisi emas. Liftdagi baxtsiz hodisalar haqida

Toshkentning Yangihayot tumanidagi 16 qavatli uyning lifti 16-qavatdan pastga tushayotganida qulab ketdi. Bosh prokuratura qulash paytida liftda 13 kishi bo‘lganini ma’lum qildi. Voqea oqibatida 11 kishi turli darajada jarohat olgan. Garchi texnogen hodisa natijasida hech kim halok bo‘lmagan bo‘lsa-da, qulash jarayonida liftdagi odamlarning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas.

Foto: Kun.uz

Uyning necha qavat qurilishi ma’lum talablarga bog‘liq. Masalan, ko‘pchilik “xrushchevka” deb ataydigan va sovet davrida qurilgan uylarning mutlaq ko‘pchiligi 4-5 qavat qurilishiga sabab buncha qavatli uylarga lift o‘rnatilmaydi.

Uylarning 9 qavat qurilishiga sabab esa o‘t o‘chiruvchilarning odatiy narvoni shuncha balandlikka yetadi. 16 qavatli uylarda esa odatda gaz ta’minoti bo‘lmaydi va shu yo‘l bilan yong‘in ehtimolini kamaytirishga uriniladi.

Lekin bu standartlarning bari o‘tmishda qoldi. Yer tanqislasha borishi, zamonaviy texnologiyalar, quruvchilarning oz maydonda ko‘proq uy qurib sotish va pul qilish istagi ortidan bugun O‘zbekistonda 25 qavatli uylar ham oddiy holga aylanyapti. Ammo bu uylardagi xavfsizlik masalasi hozircha ortga surilyapti va hech kimni o‘ylantirmayapti. Yangihayotdagi lift voqeasi ko‘pchilik uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lsa ajab emas.

Rasmiy ma’lumot: Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolovaning ma’lum qilishicha, 2021-2022 yillar davomida liftlardan foydalanishda xavfsizlik talablarini bajarmaslik oqibatida jami 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va natijada 5 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylarda jami 6200 dan ortiq lift qurilmalari mavjud. Shulardan 5000 dan ziyodi Toshkent shahrida o‘rnatilgan. Liftlarning 290 dan ortig‘i o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, kapital ta’mirtalab. 2015 yildan boshlab 780 ga yaqin ko‘p kvartirali turar joy uylari qurilgan bo‘lib ularda jami 2000 dan ziyod lift qurilmalari o‘rnatilgan va bu ko‘rsatkich tobora oshib bormoqda.

Afsuski, liftdagi ko‘ngilsizliklar insoniyat tarixida qon bilan bitilgan holatlar anchagina.

Liftdagi bir oylik murda

2016 yil 30 yanvarida butun Xitoy oy taqvimi bo‘yicha yangi yilni nishonlayotgandi. Sian shahridagi ko‘p qavatli uylardan biridagi joriy ta’mirlash uchun ikki usta tomonidan o‘chirib qo‘yiladi. Uyda ikkita lift borligi uchun bittasi o‘chirilganiga hech kim e’tibor bermaydi.

Bayramlar nishonlanadi, dam olishlar tugaydi va oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, 1 mart kuni ishchilar liftni tuzatish uchun keladi. Eshikni ochib ko‘rgan ustalar manzaradan dahshatga tushadi – lift ichida 43 yoshli ayolning murdasi yotardi. Ayol uzoq vaqt eshiklarni taqillatgan, tirnagan, ammo shovqindan himoyalash tizimi uning ovozini tashqariga chiqarmagan, telefon ishlamagan, hamma bayram nishonlab, liftga qaramagan. Oxir-oqibat ayol suvsizlik va ochlikdan o‘ladi. Qizig‘i, ayolning yaqinlari uni qidiruvga berishgan, ammo hech kimning xayoliga liftni tekshirish kelmagan.

“Alvon yelkanlar”dagi o‘lim

2016 yilning 14 yanvarida Moskvaning “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) nomi bilan mashhur turar joy kompleksida dahshatli avariya sodir bo‘ldi. Unda “Vremya” axborot dasturining mashhur boshlovchisi Yevgeniy Kocherginning qizi Irina Volodina halok bo‘ladi.

Ayol bor lift keskin to‘xtashi natijasida uning pastki qismi uzilib tushadi va Irina Volodina yettinchi qavatdan qulab, shu joyning o‘zida jon taslim qiladi.

“Qizim o‘z hayoti bilan liftlardagi muammoni ko‘rsatdi”, degan edi keyinchalik Yevgeniy Kochergin. Gap shundaki, Irina Volodina kompleksdagi liftlarni almashtirish va sozlash bo‘yicha tashabbuskor guruh a’zosi edi.

Hodisa bo‘yicha “Liftgarant” firmasining oddiy xodimi, aynan shu liftni tekshiruvdan o‘tkazib, soz deya baholagan Aleksey Belousov hibsga olinadi.

Mash’um statistika: Ma’lumotlarga har yili AQShda o‘rtacha 30 kishi liftdagi hodisalar tufayli nobud bo‘ladi. 17 mingdan ortiq odam turli darajada jabrlanadi. Liftda jarohat olgan ayollardan biri lifsoz kompaniyadan sud orqali 2,3 mln dollar undirib olgan. Sug‘urta kompaniyalari ma’lumotlariga ko‘ra, liftdan 10 mln odam foydalanishiga bir o‘lim holati to‘g‘ri keladi.

Lekin shunga qaramay liftlar zinalardan xavfsizroq hisoblanadi. AQShning o‘zida har yili zinalardan foydalanishdan o‘rtacha 1600 kishi o‘lishi va 1 mlndan ortiq odam jarohatlanishi hisoblab chiqilgan.

11 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa

2019 yilning 25 aprel kuni Xitoyning Xebey muzofoti Xenshuy shahrida lift buzilishi oqibatida 11 nafar ishchi halok bo‘ldi, ikki kishi og‘ir jarohatlandi. Voqea Jade Huating kompaniyasining qurilish maydonida mahalliy vaqt bilan soat 08:00da sodir bo‘lgan.

Ishchilar yuklar bilan birga liftga chiqishgan va nosoz lift pastga qulab ketgan. Hodisa jabrlanuvchilarining aksariyati shu joyda, ayrimlari shifoxonada jon bergan.

Liftda unutib qoldirilgan go‘dak

2017 yilning yanvar oyida Ufa shahrida sodir bo‘lgan voqea ko‘pchilikni dahshatga soldi. Xususiy bolalar bog‘chalaridan birining tarbiyalanuvchilari ikki tarbiyachi hamrohligida sayrga chiqadi va qaytishda liftdan foydalanadi.

Kerakli qavatga yetgandan keyin bolalar va tarbiyachilar liftdan tushadi. Ammo ikki yoshli bolakay unutib qoldiriladi. Yolg‘iz qolgan bola qo‘lchasini cho‘zib tugmalarni bosishga harakat qiladi, ammo yeta olmaydi.

Yaxshiki pastda videokuzatuvga qarab turgan uy nazoratchisi bolani ko‘rib qoladi va zudlik bilan tarbiyachilarga qo‘ng‘iroq qiladi. Tarbiyachilar esa bolani olib ketishadi. Voqea yuzasidan tergov qo‘mitasi surishtiruv o‘tkazgan.

Mumbaylik ayol o‘limi

2022 yil 22 oktyabrda Mumbay shahrida yashovchi 62 yoshli ayol lift to‘xtab qolishi natijasida to‘rtinchi va uchinchi qavat oralig‘ida qolib ketadi. Ayol qichqirib yordamga chaqiradi, ovozni eshitgan o‘g‘li yetib keladi va eshikni ochishga urinadi. Ammo o‘g‘il tok urishi oqibatida yerga qulaydi va jarohatlanadi. Ayolni qutqarishga uringan texnik xodim liftni tuzata boshlagan paytda moslama ayol bilan birga pastga qulaydi. Og‘ir jarohat olgan ayolning joni shifoxonaga yetmay uziladi.

460 metrdan qulagan va yerga 9 metr kirib ketgan lift

2000 yilning 27-28 avgust kunlari Moskvadagi Ostankino teleminorasida yong‘in sodir bo‘ladi. Ma’lumki, bu minora 540 metr balandligi bilan uzoq yillar davomida inson qo‘li bilan tiklangan eng baland inshoot sifatida rekordchilardan biri sanalgan. Shu bois bu minoraning liftlari ham g‘oyat ahamiyatli edi.

460 metr balandlikda yong‘in boshlanganda o‘t o‘chiruvchilar rahbarlaridan biri polkovnik Vladimir Arsyukov voqea joyini shaxsan ko‘zdan kechirishni istab qoladi. Yong‘in paytida liftdan foydalanmaslik shartligi birlamchi talablardan biri ekaniga qaramay liftchi Svetlana Loseva va slesar-usta Aleksandr Shipilinlar polkovnikni kuzatib chiqishadi. Pastlash vaqtida lift dahshatli balandlikdan qulaydi va zarba kuchidan 9 metr chuqurlikkacha kirib ketadi. Uchovlon halok bo‘ladi. Qizig‘i, talablarni bajarmaganlariga qaramay uchovi ham o‘limidan keyin ordenga loyiq ko‘riladi.

Bu qiziq: Dubaydagi Burj Xalifa minorasidagi liftlarning ko‘tarilish tezligi odamning osmondan qulash tezligidan balandroq. 828 metrli binoning birinchi qavatidan oxirgi qavatiga chiqish uchun 55 soniya vaqt kifoya.

Andijondagi vahima

Lift buzilishi, elektr ta’minoti uzilishi ortidan to‘xtab qolishi bu moslama bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan holatlardir. Andijondagi yangi qurilgan uylardan biriga o‘rnatilgan liftning tok uzilishi ortidan to‘xtab qolishi va unda odamlar qolib ketishi atrofdagilarda haqiqiy vahima uyg‘otgan.

Ular zudlik bilan lift eshiklarini turli moslamalar bilan buzishga kirishishadi. Ayollardan biri dam elektroset xodimlarini, dam “JEK” ishchilarini qarg‘aydi, lift eshigini yelpib ham ko‘radi, “odam o‘lyapti” deb qichqiradi. Ishtirokchilardan biri jarayonni videoga olib turadi va oxir-oqibat 7 minutdan ortiq video ommaga tarqalib ketadi. Yaxshiki voqeada hech kim jabrlanmaydi.

Lift haqida 9 film

Kichkinagina to‘rtburchak maydon tuyulgani bilan liftlar e’tiborga molik hodisalar tez-tez sodir bo‘lib turadigan moslamalar hisoblanadi. Liftlar haqida, to‘g‘rirog‘i ularda sodir bo‘lgan voqealar aks etgan filmlar talaygina. Shu paytga qadar zamonaviy kinosanoat asosiy voqelar liftning kichik maydonida kechgan ko‘plab filmlar ishlagan. Ularning ayrimlari bessellerlarga ham aylangan.

Kichik eslatma: Bugungi kunda aksariyat liftlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanmoqda. Shuning uchun ulardan foydalanishda turli harakatlardan tiyilish tavsiya etiladi. Aks holda ayrim mashhurlar singari mashhur bo‘lib ketish hech gap emas.

Insonga qulaylik yaratuvchi har qanday moslama singari liftlar ham soz holatda saqlanmasa, texnik holati tekshirib turilmasa, lozim darajada foydalanilmasa, hayotga xavf solishi mumkin. Kutilmagan holatlar yuzaga kelgan paytda liftda nimalar qilish bo‘yicha oddiy yo‘riqnomalar bilan har bir foydalanuvchi tanishib olishi lozim.

Abror Zohidov

Mavzuga oid