O‘zbekiston | 18:35 / 22.06.2023
12309
11 daqiqa o‘qiladi

«Aloqalar sovet davridanoq boshlangandi» - sobiq diplomat O‘zbekiston-Eron munosabatlari haqida

Eronlik siyosiy arboblar 1991 yilning o‘zida O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurishgan. O‘zbekiston va Eron manfaatlari hech qachon bir-biriga zid bo‘lgan emas. Men O‘zbekiston yoqlagan narsaga Eron yo‘q deganini yoki teskarisini eslolmayman, deydi sobiq diplomat Shoislom Akmalov.

18 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronga rasmiy tashrif bilan borib, bu mamlakat oliy rahbari Ali Xomaneiy va prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Tashrif doirasida 15 ta hujjat qabul qilindi.

Kun.uz muxbiri "Geosiyosat" dasturining navbatdagi sonida O‘zbekiston–Eron munosabatlari va aloqalarning 21 yillik tanaffusi mavzusida sobiq diplomat, siyosatshunos olim Shoislom Akmalov bilan suhbatlashdi.

— Eron va O‘zbekiston aloqalari doim ham a’lo darajada bo‘lmagan. Lekin so‘nggi vaqtlarda, ShHT deymizmi yoki bir qator xalqaro tashkilotlardagi ikki davlat munosabatlari iliqlashib borayotganini ko‘rib turibmiz. Umuman olganda, Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni qanday davrlarga bo‘lish mumkin?

— Davrlarga bo‘lish u qadar maqsadga muvofiq emas. Lekin tarixan olib qarab, bu masalaga batafsilroq javob berishga harakat qilaman.

1991 yilning bahorida, hali sobiq ittifoq tarqamagan paytda eronlik yuqori darajadagi siyosiy arboblar O‘zbekistonga kelib, mamlakatimiz bilan qiziqa boshlashdi. Ularning maqsadi – O‘zbekistonning qanday obro‘ga ega ekanini bilish, mustaqil bo‘lsa, keyingi taqdiri nimalar bilan, qaysi davlatlar bilan bog‘liq bo‘lishi, mintaqaviy geosiyosatda o‘rni qanday, degan masalalarga oydinlik kiritish edi.

Shoislom Akmalov

Mustaqil bo‘lganimizga endi 2 oy bo‘lgan paytda oyatulloh Humayniyning yaqinlaridan bo‘lgan oyatulloh Anziliy O‘zbekistonga kelib, O‘zbekiston bilan qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish mumkinligi, savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa tomonlama kuch-qudratini bilish uchun O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuning natijasi o‘laroq, Eron O‘zbekistonning mustaqilligini tan oldi (ba’zi hujjatlarda 1991 yil noyabr oyi, ba’zilarida elchixona ochilishi bilan bog‘lab, 1992 yil may oyi deb ko‘rsatiladi). O‘zbekiston Eron uchun mintaqadagi muhim, o‘z so‘ziga ega davlat sifatida tan olingan edi. Va ikki tomon diplomatlari hamkorlik yo‘lidan ketishdi.

O‘sha paytda, bir yil ichida qilingan ishlarning eng yuqori nuqtasi 1992 yili O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning Eronga tashrifi bo‘ldi. Men ham o‘sha delegatsiya tarkibida bor edim. Safar juda yaxshi o‘tdi. O‘sha paytdagi Eron prezidenti Ali Akbar Rafsanjoni va diniy ulamo Xomaneiy bilan bo‘lgan uchrashuvlardan Islom Karimov mamnun bo‘lgan edi. O‘zbekiston Eron orqali ochiq dengizga chiqishi masalalari ham ko‘rildi. O‘sha paytdagi mutasaddilar tomonidan imzolangan turli shartnoma va bitimlar ikki tomonning bir-biriga intilishi borligini isbotlab berdi.

1993 yil oktabr oyida Eron prezidenti Ali Akbar Rafsanjoni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Va ikki davlat o‘rtasida bo‘lgan tashriflar, imzolangan shartnomalar ikki davlat aloqalarining huquqiy asosini yaratdi. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgach, Eronga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi. Chunki O‘zbekiston ochiq dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqolmaydigan davlat va o‘sha paytda Afg‘oniston notinch, Qozog‘iston va Rossiya orqali Yevropaga chiqish uzoq edi. Eron esa o‘z hududi orqali chiqishga rozilik bergandi. Eron hozirgacha o‘z so‘zida turmoqda. Eron va O‘zbekiston munosabatlari ana shunday goh ilgarilab, goh ortga tortilib davom etmoqda.

Munosabatlarning yana chuqurroq rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi tashqi ta’sirlar ham bor. Bunga esa misollar ko‘p. Eron bilan bo‘lgan ba’zi kelishuvlarni O‘zbekiston tashqi ta’sir tufayli ortga surib turishlar bo‘ldi. Shunga qaramasdan, Eron O‘zbekistonni so‘zida turuvchi, yaxshi hamkor sifatida qabul qildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida rasmiy bo‘lmasa-da, norasmiy kanallar orqali kelgan xabarlarga ko‘ra, Eron O‘zbekiston bilan qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Eronning O‘zbekistonga yaxshi munosabatda bo‘lganiga yana bir misol keltiraman. O‘zbekistonga keladigan yuklarning katta qismi Fors ko‘rfaziga tushib, Eron va Turkmaniston orqali O‘zbekistonga kelardi. O‘sha paytda O‘zbekistonning yuk mashinalari xalqaro yuk tashish talablariga javob bermas edi. Lekin Eron tomoni O‘zbekistonni yangi mustaqil bo‘lgan davlat sifatida tushunib, yuk mashinalarga ruxsat bergan edi. Agar boshqa davlat bo‘lib, mensimaydigan bo‘lganda, boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardi.

Shu misollar nuqtayi nazaridan olib qaralsa, O‘zbekiston va Eron munosabatlari 90-yillar boshidan boshlangan edi. Keyingi davrlarda siljishlar, to‘xtab qolish holatlari ham bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyevning tashrifini yoritayotgan Eron ommaviy axborot vositalari 20 yillik tanaffusdan keyingi O‘zbekiston bilan aloqalar yana yaqinlashishini ijobiy baholab, mujda sifatida yorityapti.

20 yil davomida ham tovar ayirboshlash, savdo-iqtisodiy aloqalar pasaygani yo‘q. Eron kapitali bilan 190 ga yaqin korxona ishlab turgan edi. Eron va O‘zbekiston maxsus xizmatlari hamkorligida jinoyatchilikka, terrorizmga qarshi kurash loyihalari ham bor edi. 2003 yilda Afg‘oniston orqali Eronga o‘tib, ochiq dengizga chiqadigan yo‘l to‘g‘risida shartnoma imzolangan ham edi.

— O‘zbekiston va Eron munosabatlari asosan qanday omillarga asoslanadi va hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qaysilar?

— Birinchi navbatda xalqaro huquq doirasida bir-birini hurmat qilish, ikki tomon manfaatlarini ko‘zda tutuvchi hamkorlik bor. Yoqilg‘i yetkazib berish, qishloq xo‘jaligi, sport, kimyoviy mahsulotlar, tekstil savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda doimiy hamkorlik bo‘lgan. Bu hamkorliklar o‘sib borgan bo‘lishi mumkin, lekin pasaymagan.

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lgach, Eron va Pokiston bilan munosabatlarga urg‘u berildi. Xususan, Olmaotadagi xalqaro konferensiyada Hasan Ruhoniy va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi kelishuvdan so‘ng o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Eronga tashrif buyurib, hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Shundan so‘ng bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bunday diplomatik tashriflar natijasida ikki tomon hamkorlikdagi bo‘shliqlarni tushunib olib, qaysi sohaga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini aniqlab olishdi.

O‘tgan yili mart oyida Eron Xavfsizlik kengashi mutasaddilari O‘zbekistonga keldi va O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi xavfsizlik masalalaridagi majlis bo‘lib o‘tdi. Ko‘rinadiki, tuzumlarimiz har xil bo‘lsa-da, maqsadlarimiz mushtarak. Ikki davlat siyosiy, iqtisodiy, harbiy qudratidan kelib chiqib, bir-biriga yordam berish yo‘lidan ketishyapti. O‘zbekiston va Eron munosabatlari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, 32 yillik tarixga ega va ijobiy bo‘lmoqda.

— O‘zbekiston va Eronning xalqaro maydonda umumiy manfaatlari va muammolari mavjudmi?

— O‘zbekiston va Eron manfaatlari hech qachon bir-biriga zid bo‘lgan emas. Men O‘zbekiston yoqlagan narsaga Eron yo‘q deganini yoki teskarisini eslolmayman. Faqat bir marta BMTda Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi masalada O‘zbekiston qarshi ovoz bergan. Bir yil o‘tmasdan O‘zbekiston tashqi siyosiy ishlar mahkamasining rahbari Eronga rasmiy tashrif bilan bordi. O‘sha paytlarda men ham Eronda edim, tarjimon bo‘ldim. Shunda Ali Akbar Rafsanjoni xafa bo‘lgandek gapirdi. Tashqi siyosiy ishlar mahkamamiz rahbari: «Mintaqamizga yaqin bo‘lgan Hindiston va Pokistonda yadro quroli bor. Eron ham O‘zbekistonga 400 km uzoqlikda. Bunday holatda O‘zbekiston xalqining tinchligi uchun shunday qilishimiz kerak edi», degan javobni berdi. Ali Rafsanjoni aqlli, tushungan odam edi, faqatgina o‘sha paytda bu gapni bizga aytib qo‘ysangiz bo‘lardi, sizdan ranjimasdik, degan gapni aytdi. Ya’ni O‘zbekiston va Eron iloji boricha bir-biriga teskari ish qilmaslikka harakat qilgan.

Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida muhim bo‘lgan Afg‘oniston masalasida ikki davlat hamfikr ekani aytildi. Eron va O‘zbekiston qo‘ldan kelgancha Afg‘onistonga yordam bermoqda.

Tashrif davomida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron logistik yo‘liga ham to‘xtalishdi. Shu masalaga kengroq yondashsak. O‘zbekiston qaysi portlardan foydalanishi mumkin? Bandar Abbos portida o‘zbek tadbirkorlar ishtirokida terminallar qurish haqida ham gap borgan.

— Bu yo‘l masalasi oldin ham ko‘tarilgan edi. Ba’zi sabablarga ko‘ra, 20 yillik to‘xtab turish davrida ortga surilib qolgandi. Agar bu loyiha ishga tushsa, uchala davlat ham o‘z imkoniyatlari doirasida foydalanishga harakat qiladi. Eron tomoni istalgan porti ochiq ekanini ta’kidlayapti. Aytganimdek, 1992 yildayoq bu narsaga urg‘u berilgandi. Ajab emaski, O‘zbekiston va Eron, O‘zbekiston va Pokiston (oxirgi vaqtda o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa-da) o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar mintaqadagi infratuzilma, savdo-iqtisodiy holatni yaxshilashga xizmat qilsa.

Pokiston Afg‘oniston bilan munosabatlarini yo‘lga solsa va oldingi bosh vazir bilan bo‘lgan shartnomalar ishlasa, birgalikda harakat qilsa, Afg‘oniston bilan munosabatlarni ham to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirsak, mintaqadagi ijobiy munosabatlar jadal rivojlanadi.

Shartnoma bo‘yicha logistika ishlasa, nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki Janubiy Osiyo davlatlari ham bundan foydalansa bo‘ladi. Eron tomonidan hajm borasida muammo bo‘lmasa, bemalol rivojlanadi. O‘zbekiston tadbirkorlari o‘z vakolatxonalarini ochishsa, yuk yetkazib berish yanayam tezlashadi va yaxshilanadi. Bu xalqimiz uchun manfaatli bo‘ladi. Faqat yana to‘xtab qolmaslik kerak. O‘zbekiston va Eron rahbarlari vaziyatni yaxshi bilishadi deb o‘ylayman. Qilinayotgan bu ishlarning natijasi bo‘ladi, albatta.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Mavzuga oid