Jamiyat | 20:50 / 29.06.2023
35282
4 daqiqa o‘qiladi

Dam olish va bayram kunlari ishga chaqirilayotganlar uchun zarur qoidalar eslatildi 

Dam olish yoki bayram kunida ishga chaqirish mumkinmi, bu kunlar uchun qancha haq to‘lanishi kerak, rozilik qanday bildiriladi. Shu haqda muhim ma’lumotlar berildi. 

Foto: Getty Images

Umumiy qoidaga ko‘ra, dam olish va bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi. Ammo qonunchilikda zaruriyatdan kelib chiqqan holda ayrim istisno holatlar belgilangan. Bu haqda Hudud24 ma’lumot berdi. 

1. Shoshilinch ishlarni bajarish uchun xodim roziligi bilan dam olish yoki bayram kuni ishlashga ruxsat beriladi 

Tashkilotning faoliyati shoshilinch bajariladigan ishlarga bog‘liq bo‘lganida, xodimlar yozma roziligi bilan dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin. 

Bunda shoshilinch bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati jamoa shartnomasida yoki kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan yoxud mehnat shartnomasida belgilanishi kerak. 

Shuningdek, bayram kunlari ishlab chiqarishni to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan, aholiga xizmat ko‘rsatiladigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, madaniy-tomosha tashkilotlari, televideniye, radioeshittirish va boshqa OAV xodimlari dam olish va bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin. 

2. Baxtsiz hodisa ro‘y berganda xodimni roziligisiz ishga chaqirish mumkin 

Quyidagi holatlarda xodimning roziligisiz dam olish va bayram kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yiladi: 

- tabiiy yoki texnogen halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar (yong‘in, toshqin, zilzila, epidemiya va boshqalar) davridagi ishlarni bajarish uchun;

- baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;

- issiq va sovuq suv, gaz, yorug‘lik, issiqlik ta’minoti, transport, aloqaning normal ishlashini buzadigan holatlarni bartaraf etish uchun;

- ish beruvchi mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun. 

3. Ba’zi xodimlarni har qanday holatda roziliksiz dam olish yoki bayram kuni ishga chaqirish mumkin emas 

Nogironligi bo‘lgan xodimlar, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi bo‘lgan xodimlarni dam olish va bayram kunlarida ishga jalb qilishga har qanday holatda faqat ularning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. 

18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni esa dam olish va bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi (TV, OAV, radio, sport sohasidagi ishlar mustasno). 

4. Dam olish yoki bayramdagi ish uchun 2 hissa pul to‘lanadi 

Dam olish yoki bayram kunlari uchun kamida ikki hissa haq to‘lanishi kerak. Ammo, ichki hujjatlarda ikki hissadan ko‘proq haq to‘lanishi belgilanishi ham mumkin. 

Dam olish yoki bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. 

Dam olish yoki bayram kunidagi ish uchun xodim xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni berilishi mumkin. Bunda xodimga bir hissa haq to‘lanadi. 

5. Dam olish yoki bayram kunidagi ish uchun ish beruvchi buyrug‘i kerak 

Dam olish yoki bayram kuni ishga jalb etish ish beruvchi buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Xodimning roziligi ariza bilan yoki buyruqqa imzo qo‘ydirish orqali olinadi. 

Xodim roziligisiz ishga jalb etilganda buyruqda xodim roziligisiz ishga jalb qilish asoslari qo‘rsatilishi kerak. 

Eslatma: yuqoridagi tartiblar buzilganda xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga, shuningdek mehnat, prokuratura, adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin. 

Sudga murojaat qilinganda xodimlar sud xarajatlaridan ozod etiladi. 

Mavzuga oid