Jahon | 23:21 / 30.06.2023
9404
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning sobiq prezidenti 8 yil davomida saylovda ishtirok etolmaydi 

Sud uni o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganini tan oldi. 

Foto: AP

Braziliya sudi sobiq prezident Jair Bolsonaruni sakkiz yilga yangi muddatga saylanish huquqidan mahrum qildi, deb xabar berdi Associated Press. 

Aksariyat sudyalar Bolsonaru 2022 yilgi prezidentlik saylovidan bir necha oy oldin o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganini tan oldi. O‘sha paytda u xorijiy elchilarni chaqirib, Braziliyada qo‘llanilayotgan elektron ovoz berish mashinalari hakerlar hujumidan himoyasiz ekanini va shuning uchun uning raqiblari saylovni soxtalashtirishi mumkinligini aytgan edi. 

Sud Bolsonaru o‘z saylovoldi kampaniyasini ilgari surish uchun «hukumat aloqa kanallaridan» foydalangani haqidagi qarorga keldi. Bolsonaru hukm ustidan Oliy sudga shikoyat va apellyatsiya berishga haqli. 

Braziliyada prezidentlik saylovi 2022 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tdi. O‘ng qanot qarashlariga sodiq bo‘lgan Jair Bolsonaru ikkinchi turda mamlakatni 2003—2010 yillarda boshqargan sotsialist Lula da Silvaga mag‘lub bo‘ldi. 

Yangi prezident inauguratsiyasidan bir hafta o‘tgach, Bolsonaru tarafdorlari isyon qilib, parlament binolari, Oliy sud va prezident saroyiga bostirib kirishdi. Politsiya 400 dan ortiq odamni hibsga oldi. 

2023 yil yanvarida Braziliya Oliy sudi Bosh prokuraturaning Bolsonaruni tartibsizliklar uchun tergov qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi. Bu ish bo‘yicha tergov davom etmoqda. 

Mavzuga oid