Jahon | 08:03 / 01.07.2023
6597
3 daqiqa o‘qiladi

Moldovaga aeroportda otishma uyushtirgan shaxs bilan bir reysda kelgan yana 10 kishi kiritilmadi

Maxsus kuchlar Moldovadagi eng yirik havo bandargohida otishma sodir etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsni qo‘lga oldi, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi. Samolyotlarning jo‘nashi kechikdi, havo punkti binolaridan evakuatsiya qilish ishlari olib borildi.

Foto: AP

30 iyun, juma kuni Kishinyov aeroportida noma’lum shaxs o‘t ochdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV. Politsiya bu ma’lumotni Reuters agentligiga bergan intervyusida tasdiqladi. Unga ko‘ra, mamlakatning eng yirik havo bandargohida barcha reyslarning jo‘nashi kechiktirilgan, transport uzeliga tashrif buyurganlar evakuatsiya qilingan.

Voqea vaqtida ikki kishi xizmat vazifasini bajarayotib halok bo‘ldi, deya xabar berdi Moldova Ichki ishlar vazirligi. Avvalroq Ziarul de Garda gazetasi chegara qo‘shinlari zobiti yaralangani, hujumchi undan o‘qotar qurolni olib qo‘ygani haqida yozgan edi. 

Voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuchlar otishma sodir etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsni qo‘lga oldi, deya xabar berdi Moldova IIV. U jarohat olgan, deyiladi xabarda. Avvalroq hujumchi transport markazi binolaridan birida yashirinib olgandi, deya ta’kidlaydi Ziarul de Garda. 

Moldova prezidenti Mayya Sandu davlat muassasalari yuqori shay holatga keltirilganini ta’kidladi. U halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, shuningdek, o‘q uzgan xorij fuqarosi bo‘lib, xavfsizlik nuqtayi nazaridan respublika hukumati tomonidan mamlakatga kirishga ruxsat berilmaganini qo‘shimcha qildi. 

Moldova OAV xabar qilishicha, 43 yoshli yo‘lovchi Tojikiston fuqarosi va Kishinyovga Turkiyadan uchib kelgan. Unga mamlakatga kirishni taqiqlashgan va u o‘zini qayta uchib ketish zonasiga kuzatib borayotgan chegarachining to‘pponchasini qo‘lga kiritgan. 

Matbuot anjumanida Moldova politsiyasi rahbari Viorel Cherneutsyanu Moldovaga Tojikiston pasporti bilan kirmoqchi bo‘lgan shaxs ning boshqa fuqaroligi borligini tasdiqlamadi ham, rad etmadi ham, bu ma’lumotlar tekshirilmoqda. Cherneutsyanuning so‘zlariga ko‘ra, uning harbiy yoki harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan aloqasi borligi haqida hech qanday dalil yo‘q. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs xalqaro qidiruvda bo‘lmagan. 

Moldova politsiyasi rahbari DW nashriga bergan intervyusida chegarachilarga Turkiyadan kelgan yo‘lovchining hujjatlari shubhali bo‘lib tuyulganini aytdi. Undan tashqari reysning yana 10 nafar yo‘lovchisi turli sabablarga ko‘ra mamlakatga kiritilmagan. Rasmiylar ularning bu shaxs bilan aloqasi bor-yo‘qligini tekshirmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid